Oʻtmish eʼzoz, kelajak hisob soʻraydi

10:07 14 Fevral 2019 Madaniyat
649 0

Zahiriddin Muhammad Bobur merosini tiklash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ulugʻ shoh va shoir shaxsiga butun dunyoda, xususan, Hindistonda munosabat qanday?

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zokirjon MASHRABOV bilan suhbatimiz shular haqda boʻldi.

— Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining dunyo boʻylab amalga oshirgan ilmiy ekspeditsiyalari haqida koʻp eshitganmiz. Ommaviy axborot vositalarida safarlar tafsilotlari batafsil yoritilgan. Ammo, har bir ishning bahosi uning natijasi bilan oʻlchanadi. Shu maʼnoda fond tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlarning natijasi va ahamiyati haqida toʻxtalsangiz.

— Fikringizga qoʻshilaman. Har qanday ishning qadrini uning samarasi belgilaydi. Fond tashkil etilgandan buyon oʻtgan 26 yil davomida amalga oshirgan ishlarimizda yutuqlar yaqqol koʻzga tashlansa-da, hali ulardan koʻngil toʻlgan emas. Rejalashtirgan ishlarimiz, koʻzlagan maqsad-muddaolarimiz koʻp.

Lekin shuni aytishim mumkinki, ilmiy safar qayerga boʻlmasin, qancha muddat davom etmasin, ekspeditsiya aʼzolarini ulugʻ bir maqsad birlashtirgan: xayolda na sayohat, na tijorat yumushlari, balki bobolarimiz maʼnaviy merosini izlash, imkon qadar yurtga olib kelish maqsadi ustuvordir.

Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros nafaqat ular yashagan yurtlar, balki tarixning turfa sinovlariyu, oʻyinlari sabab jumlai jahon boʻylab sochilib ketgan. Mamlakatimiz tarixiga, ota-bobolarimizga taalluqli ashyolar, noyob asarlar, qoʻlyozmalar Yaponiyadan tortib, Ovroʻpaning London, Parij kabi shaharlaridagi yoxud uzoq ummon orti — Amerika qitʼasidagi muzey va kutubxonalardan, hatto shaxsiy arxivlardan oʻrin olgan. Bu holat bir tomondan gʻururlantirsa, boshqa tomondan koʻngilni ogʻritadi. Negaki, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan bebaho xazinalar qay yurtlarda, kimlarning qoʻlida qolib ketdi. Endi ularni izlab topish, yurtimizga qaytarish oson ish emas, biroq hech boʻlmasa ularning nusxalarini yurtimizga olib kelishimiz shart. Zero, ular nafaqat bashariyat mulki, balki, avvalo, xalqimizga tegishli noyob boyliklardir.

Fondning ilk safari 1992 yil 19 may — 15 iyul kunlari Turkmaniston, Eron, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Pokiston, Afgʻoniston davlatlarida kechgan edi. Ushbu yurtlardagi Qurʼon muzeylaridan Bobur xatida bitilgan Qurʼonni izlaganmiz. Oʻtgan yillar mobaynida fond tomonidan dunyoning turli hududlariga amalga oshirilgan 25 dan ziyod ilmiy ekspeditsiyalar jarayonida 700 dan ortiq asarlar, qimmatli qoʻlyozmalar va boshqa noyob yodgorliklar qoʻlga kiritildi. Ular bugungi kunda Andijonda faoliyat yuritayotgan “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanmoqda. Safarlarimiz va ularda qoʻlga kiritilgan yutuqlar haqida 50 dan ortiq ilmiy-badiiy kitoblar chop etildi. Koʻplab video hamda hujjatli filmlar yaratilib, xalqimizga markaziy, mahalliy televideniyelar orqali namoyish qilindi.

Mirzo Bobur ijodi mahsuli boʻlgan bebaho asarlar, hayoti bilan bogʻliq noyob eksponatlarni ham Oʻzbekistonga olib keldik. Masalan, Haydaroboddagi Salarjang muzeyida saqlanayotgan qadimiy oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma”ning asl nusxasining ikkinchi koʻchirma nusxasini olib kelishga musharraf boʻldik. Shuningdek, “Kulliyoti Bobur” tanlangan asarlarini Erondan keltirdik. Buyuk bobokalonimiz “Xati Boburiy” nomi bilan mashhur Qurʼoni Karimni koʻchirib, Madinai Munavvaraga yuborgan. Ekspeditsiyamiz 10 yil davomida bu ulugʻ merosni izlab topdi va Eron davlati bilan kelishilgan holda ushbu asarning nusxasini ham muzeyimizga olib keldik. Olimlarimiz topilmalarimizdan baholi-qudrat foydalanishayapti.

— Tarixga oid baʼzi manbalarda Zahiriddin Muhammad Bobur yaratgan imperiyaga “buyuk moʻgʻullar imperiyasi” degan yanglish atamani uchratamiz. Bu qarash qaysi davrda va qanday qingʻir maqsadni koʻzlab shakllantirilgani boshqa bir alohida mavzu. Biroq buyuk shoh va shoirning ajdodimiz, oʻzbek millatining farzandi ekanini har jihatdan ilmiy asoslab berish, bunga doir tarixiy manbalarni topish hamda dunyo jamoatchiligiga keng namoyish etish bugunning dolzarb masalalaridan biridir. Fond tomonidan bu boradagi ezgu ishlarga qanday hissa qoʻshilyapti?

— Darhaqiqat, tarixiy adolatni tiklash ulugʻ ajdodimiz oldidagi eng katta qarzimizdir. Bobur va boburiylarni “buyuk moʻgʻullar”ga nisbat qilish ayrim tarixiy asarlardagi chalkashliklar mevasidir. Bu xatolikni toʻgʻrilash, ulugʻ bobolarimizga yopilgan pardalarni koʻtarish — tarixga asl qiyofasini namoyon etishi uchun madad boʻlish har birimizning muqaddas burchimizdir. Zero, bu masʼuliyatli, ayni damda sharafli vazifani bugun ado etmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin. Buning uchun kelgusi avlod oldida hisob berishimizga toʻgʻri keladi.

Fondimiz tomonidan boburiylarning asl maqomini tiklash borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Bu yoʻlda dunyoning turli nuqtalarida istiqomat qilayotgan boburshunos olimlarni ijodiy hamkorlik yoʻlida birlashtirishga intilyapmiz. Olib borilayotgan xayrli ishlar va erishilayotgan yutuqlarni keng targʻib etish maqsadida “Bobur va dunyo” jurnali taʼsis etildi. Jahonning turli hududlarida oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etib, oʻz tadqiqotlarimiz natijalarini eʼlon qilib kelyapmiz. Boburiylarning dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini targʻib qilishga bagʻishlab mamlakatimizda ham xalqaro anjumanlar tashkil etilmoqda. Jumladan, 2017 yili “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan oʻrni” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Ushbu anjumanda dunyo va mamlakatimizning koʻplab taniqli boburshunoslari tomonidan jahon boburshunosligining markazi Yevropadan Oʻzbekistonga, poytaxt Toshkentga koʻchganligi haqli eʼtirof etildi. Hozirgacha jahon ilmiy-adabiy jarayonida Bobur va boburiylarga nisbatan xato qoʻllanilib kelinayotgan “Buyuk moʻgʻul” atamasini qoʻllamaslik hamda Bobur ijod qilgan tilga nisbatan yanglish ravishda ishlatilayotgan “chigʻatoy tili” atamasi oʻrniga, “turkiy til (eski oʻzbek tili)”ni ilmiy isteʼmolga kiritish maʼqullandi.

Bugungi kunda fondimizning Dehli shahridagi Hindiston boʻlimi faoliyat olib bormoqda. Mirzo Bobur avlodlari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Ramazon va Qurbon hayitlarida, Navroʻz bayramida tabriknomalar, maktublar almashilyapti. Boburiylarning davomchilari bir necha bor ota-bobolarining kindik qoni toʻkilgan yurtga — Oʻzbekistonga kelib-ketdilar. Mamlakatimizda ulugʻ ajdodimizga koʻrsatilayotgan eʼzozu eʼtiborni koʻrib, faxr-iftixor tuydilar.

— Hind diyorida ulugʻ ajdodimiz va ularning avlodlariga munosabat qanday? Hindistonda bir necha bor boʻlgan, boburiylarga oid ilmiy manbalarni tadqiq qilgan, xalqning fikrini oʻrgangan olim sifatida bu boradagi fikringiz barchamizga qiziq.

— Sizga oʻtgan yili Hindistonga safarimiz davomida koʻrganlarimni bayon etsam: Dehli shahrida joylashgan Bobur mirzo bobomizning toʻngʻich farzandi Humoyun mirzo maqbarasini, keyin Xisrav Dehlaviy, Mirzo Gʻolib, Mirzo Abdulqodir Bedil qabrlarini ziyorat qildik. Ushbu qadamjolardagi obodlik va oroyishdan qalbimizda ajib yorugʻlik, faxr va gʻurur tuygʻulari joʻsh urdi. Dunyoning turli nuqtalaridan bu yerga kelgan ming-minglab sayyohlar va hindistonliklarning mazkur tarixiy obidalarga mahliyo boʻlib ketishayotganiga guvoh boʻldik.

Boburning valiahd farzandi Humoyun mirzoning maqbara-oromgohi Nyu-Dehlining qoq markazida joylashgan. Bugungi kunda eng koʻp sayyohlar tashrif buyuradigan ziyoratgohlardan. Maʼlumotlarga qaraganda, maqbara Akbar podshoh tomonidan qurdirilgan. Obida hayratlanarli tarzda chiroyli, mahobatli. Bu maqbarani temuriylar xilxonasi deb ham ataydilar. Bu yerda yana boshqa koʻplab boburiy shahzoda va malikalarning ham qabri bor.

Agrada boʻlganimizda bu yerdagi insonlar Tojmahalni “Muhabbat qasri” sifatida yuksak ehtirom bilan tilga olishdi. Moʻjizakor ushbu obida yaqinida oʻrta asrlar oʻzbek harbiysi timsolida qoʻlda nayza tutgancha savlat toʻkib turgan yigitlarning koʻzlarida cheksiz gʻurur balq urganiga guvoh boʻldik. Ushbu tarixiy maskanlarni ziyorat qilish, albatta, pullik boʻlib, mamlakat gʻaznasini toʻldirishda muhim oʻrin egallaydi.

Ijodiy guruh oʻz tashrifi davomida hindistonlik mashhur boburshunos olimlar va adiblar bilan muloqotda boʻldi. Taniqli davlat arbobi va adib Salmon Xurshid va adabiyotshunos olim Said Muhammad Aziziddin Husayn bilan suhbat qildik. Salmon Xurshid ijodiy guruhimizga oʻzining “Bobur va uning avlodlari” asarining ingliz va arab tillarida chop etilgan nusxalarini sovgʻa qildi. Ushbu asarni fondimiz rayosati kelgusida oʻzbek tiliga tarjima qilib, xalqimizga tuhfa etishni rejalashtirgan. Professor Aziziddin Xusayn oʻzi nashrga tayyorlagan Boburning “Devoni Bobur” va doktor Abdussalom Jeloniy nashrga tayyorlagan Shayx Homid binni Fazlulloh Jamoliyning “Devoni qasoidi Jamoliy” (Jamoliy qasidalari devoni) kitoblarini hadya etdi. Hind ziyolilari bunday nodir asarlarning qadrini chuqur his etishlaridan cheksiz quvondik.

Koʻrib turganingizdek, hindistonliklar boburiylarning hind xalqi madaniyatini boyitishdagi xizmatlarini yuksak baholaydi va ularning bebaho madaniy merosini koʻz qorachigʻiday asrab-avaylashga intiladi. Toʻgʻri, Jamna daryosi sohilidagi Mirzo Bobur va uning oila aʼzolari yashagan uylar bugun biroz qarovsiz qolgan. Ammo ularni ham boshqa qadamjolar qatori taʼmirlab qoʻyishga hukumatning imkoniyat va eʼtibori yetadi, deb oʻylaymiz.

  • Fond tomonidan kelgusida yana qanday ishlar amalga oshiriladi?

— Tashkilotimiz oʻz oldiga nafaqat Bobur va boburiylar sulolasiga oid, balki xalqimizga tegishli boshqa madaniy-maʼnaviy meros sarchashmalarini ham oʻrganish, jahon boʻylab ulugʻ ajdodlarimizning tarixiy qadamjolarini topish hamda obod qilish vazifalarini qoʻygan. Bu boradagi ishlarni allaqachon boshlab yuborganmiz. Jumladan, Afgʻonistonda hazrat Alisher Navoiyning, Mavlono Lutfiyning, Kamoliddin Behzodning qabrlarini taʼmirlab, ziyoratgohga aylantirdik. Bunday xayrli ishlar izchil davom etmoqda.

Yana qiladigan asosiy ishlarimizdan biri ulugʻ qomusiy olimlarimiz ensiklopediyalarini yaratishdir. Bu ishning gʻoyatda mashaqqatli ekanini Bobur ensiklopediyasini nashr etish jarayonida angladik.

Fondimiz oldida yana bir muhim vazifa turibdi: “Boburnoma”ning yoʻqolgan qismini izlab topishimiz lozim. Bobur uni 1494 yili taxtga oʻtirgan kunidan boshlab yoza boshlagan. Asar muallifning vafotiga qadar, yaʼni 1530 yilgacha yozilgan. Demak, “Boburnoma” 36 yillik tarixiy hodisalarni qamrab olgan boʻlishi kerak. Biroq bizga yetib kelgan asarda 18 yil davomida yuz bergan voqealar oʻrin olgan. Bundan kelib chiqadiki, ushbu memuar asarning qolgan qismi qayerdadir maʼnaviy xazina izlovchilarni kutmoqda. Bobur hazratlarining “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya ilmi” kabi asarlari ham haligacha topilmagan. Ularni ham izlab topish va Vatanimizga olib kelish eng muhim maqsad-muddaolarimizdan biridir.

“Xalq soʻzi” muxbiri
Dilshod KARIMOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?