OTMga oʻqishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan firibgarlar faoliyati fosh boʻldi

12:32 16 Sentyabr 2020 Jamiyat
231 0

Departament organlari tomonidan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan firibgarlarning faoliyati fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Boshprokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Oltinkoʻl tumani ixtisoslashtirilgan maktab internati jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Gʻ.D. OTMlariga boʻlayotgan imtihon jarayonlarida abituriyentlarning ishonchiga kirib, ularni oʻqishga kiritib qoʻyishga ishontirish orqali daromad orttirib qolish maqsadida, fuqaro G.M.ni Andijon davlat universitetining “Jismoniy tarbiya va sport” fakultetiga universitet rahbariyati orqali oʻqishga kiritib qoʻyishga ishontirib, evaziga undan 4 300 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Buvayda tuman boʻlimi DXX va IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, tumandagi umumtaʼlim maktabi yoshlar yetakchisi I.M. fuqaro M.B. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro A.ning qizini tanishlari orqali Namangan davlat universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 2 000 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Departamentning Uychi tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Namangan Davlat Universiteti oʻqituvchisi A.S., fuqaro R.ni universitetning “Pedagogika va psixologiya” yoʻnalishi boʻyicha tanishlari orqali oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 1 800 AQSH dollari berishni talab qilib, oldindan “Boʻnak” sifatida 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?