OTMga imtihon topshirish uchun toʻlov miqdori qayta koʻrib chiqilishi mumkin

10:38 13 May 2019 Jamiyat
530 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Oliy taʼlim muassasasiga imtihon topshirish uchun toʻlov miqdori qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Qonunchilikdagi yangiliklar” brifingi va matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Joriy yilning 10 may kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Hukumat qarori bilan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida atroflicha fikr almashildi.

Unda ishtirok etgan soha mutaxassislari – Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar taqsimotini monitoring qilish boʻlimi boshligʻi Inatillo Neʼmatov, Davlat test markazi bosh boshqarma boshligʻi Barno Rajabov, Davlat xizmatlari agentligi xodimi Aziz Rajabov bu yil abituriyentlarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda tatbiq etilayotgan yangiliklar, amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar boʻyicha toʻxtalib oʻtishdi.

– Endilikda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishda 086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma talab qilinmaydi, – deydi vazirlikning Kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar taqsimotini monitoring qilish boʻlimi boshligʻi Inatillo Neʼmatov. – Qolaversa, qabul kvotalari sonining ehtiyojdan kelib chiqib belgilanishi rejalashtirilyapti.

Tadbirda qaror bilan yoshlarga yaratib berilayotgan qoʻshimcha imtiyozlar haqida ham aytib oʻtildi. Bu borada kutilayotgan qulayliklardan biri sifatida Davlat test markazi bosh boshqarma boshligʻi Barno Rajabov maʼlumot berib oʻtdi: “Abituriyentlarni shu paytgacha qiynab kelayotgan masalalardan biri DTM ruxsatnomalarini qay vaqtda olishi edi. Odatda, ushbu ruxsatnomalar imtihon arafasida 31 iyulga qadar (shu kuni ham) tarqatilardi. Oʻtgan yil misolida aytadigan boʻlsak, test sinovlari 15 kun davom etgani sababli abituriyentlarning ushbu ruxsatnoma bilan bogʻliq murojaatlari koʻp boʻldi. Ularning aksari Toshkentga kelib-ketishda ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish bilan bogʻliq edi, albatta. Biz ham shu maqsadlarni koʻzlab bu yildan DTM ruxsatnomalarini bevosita Davlat test markazi saytidan foydalanib oʻziga tegishli ruxsatnomani yuklab olishi mumkin va shu asosda tegishli oʻquv binosiga kirib-chiqishi taʼminlanishini nazarda tutyapmiz”.

Shuningdek, matbuot anjumanida Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qaror loyihasida keltirib oʻtilgan yana bir jihat – kirolmay qolgan abituriyentlar ikkinchi yil oʻqishga topshirish uchun eng kam ish haqining 1 barobari (202 ming 730 soʻm) miqdorida toʻlov toʻlashi haqida qizgʻin bahs bordi. Bu borada mutaxassislar tomonidan toʻlov miqdori qayta koʻrib chiqilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqilayotgani xususida fikr bildirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?