Oʻtgan yarim yilda respublika boʻyicha umumiy jinoyatchilik qanchaga kamaydi?

12:41 08 Avgust 2019 Jamiyat
148 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida joriy yilning 1-yarmi yakuniga bagʻishlangan navbatdagi Hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Unda birinchi yarim yillikda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi tezkor-xizmat faoliyati natijalari hamda kelgusidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov soʻzga chiqib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi osoyishtaligini taʼminlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilganligi natijasida oʻtgan yarim yilda respublika boʻyicha umumiy jinoyatchilik 32,1 foizga kamayganini qayd etdi.

Erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, ayrim hududiy ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligiga eʼtibor qaratdi. Mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarni aniqlab, ular bilan taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mutasaddi xodimlarga aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, yigʻilishda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari tomonidan shu yilning ikkinchi choragi mobaynida hududiy ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalari boʻyicha hisobotlari tinglandi. Unda baʼzi hududiy ichki ishlar organlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilinib, kelgusida ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

Kun tartibiga qoʻyilgan keyingi masalada ichki ishlar organlari xodimlari xizmat intizomiga qatʼiy amal qilgan holda xalq manfaatlari ustuvorligini taʼminlash va fuqarolar murojaatlariga oʻz vaqtida va sifatli javob qaytarish kerakligi, shuningdek har bir rahbar xodim oʻz vazifasiga yanada masʼuliyat bilan qarab, faoliyatini tanqidiy koʻz bilan baholashi kerakligi alohida qayd etildi.

Yigʻilishda, yaqinlashib kelayotgan Muborak Qurbon hayitini va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 28 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va ushbu bayramlarni oʻtkazish davrida respublika hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi vazifalar xususida ham soʻz bordi. Unda bayram tadbirlari oʻtkazilayotgan hududlarda, jamoat joylarida, tashkilot va korxonalarda turli koʻngilsizliklarni oldini olish maqsadida mutasaddi rahbarlarga barcha xavfsizlik choralarini koʻrishlari yuzasidan topshiriqlar berildi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda oʻtkazilgan hayʼat majlisi yakunida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ikkinchi yarim yillikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?