Oʻtgan oyda narxlar necha foizga oshgani maʼlum qilindi

10:22 04 Mart 2019 Iqtisodiyot
399 0

2018 yilning fevral oyida mamlakat isteʼmol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi oʻrtacha 1,6%ga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi xabar bermoqda.

Oy davomida mahsulotlar narxi 1,8%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 2,0%, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,5%ga oshdi. Xizmatlar narxi esa 0,8%ga qimmatlashdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning oʻsishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot mahsulotlariga tegishli boʻlib, oy davomida narxlar oʻrtacha 4,0%ga qimmatlashgan

Narxlarning qimmatlashishi boʻyicha ikkinchi oʻrinni umumiy ovqatlanish muassasalari band etgan. Oʻtgan ikki oy davomida narxlar ketma-ket 3,0%dan yuqori darajada oshib borgan (yanvarda 3,4%, fevralda 3,3%).

2019 yilning fevral oyida narxlarning oʻsishi borasidagi yetakchi uchlikning soʻnggi pogʻonasini sut mahsulotlari egallagan boʻlib, oy davomida narxlar oʻrtacha 3,2%ga qimmatlashgan.

Goʻsht mahsulotlari orasida kolbasa va dudlangan goʻsht narxlari sezilarli darajada qimmatlashgan boʻlsa, parranda goʻshti mahsulotlari esa aksincha, biroz arzonlashgan.

Shakar, choy, qandolat va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida oʻrtacha 1,7%ga koʻtarildi.

Non mahsulotlari guruhidan yorma va dukkakli, makaron mahsulotlari narxlari oy davomida 2,4%, mosh 2,3%, guruch 1,9%, tandir non 0,5%, bugʻdoy uni 0,4%ga qimmatlashgan.

Tuxum narxlarining arzonlashganligi mamlakatning beshta hududida qayd etilgan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Fargʻona viloyatlari). Respublika boʻyicha narxlar oʻrtacha 0,2%ga arzonlashgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari guruhi orasida aloqa vositalari (9,5%), madaniy mollar (5,9%), asosiy turdagi maishiy tovarlar va elektr uskunalar (5,8%), yuvish va tozalash vositalari (5,7%), avtomobillar uchun ehtiyot qismlar (2,9%), oshxona jihozlari (2,2%), maishiy toʻqimachilik mahsulotlari (2,1%), kiyim-kechaklar (1,4%) va oyoq kiyim (1,0%) narxlarining qimmatlashganligi qayd etilgan

Oy davomida avtomobillar uchun yoqilgʻi narxlari oʻrta hisobda 0,1%ga arzonlashdi. Benzin va metan narxlarning barqaror saqlanishi barobarida propan narxlari 1,0%ga arzonlashdi.

Oy davomida yoʻlovchi tashish transporti xizmatlari narxlari oʻrtacha 0,2%ga oshgan. 

2019 yilning yanvar-fevral oylari davomida dam olish xizmatlari (6,1%), 2018 yilning fevral oyiga nisbatan esa uy-joy kommunal sohasi xizmatlari (24,9%) narxlari sezilarli darajada qimmatlashgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?