Oʻtgan oyda 30 foiz oʻquvchi tahqirlangan va jismoniy tazyiqqa uchragan

16:33 23 Yanvar 2019 Dunyo
414 0

Illyustrativ foto

Dunyoda oʻtgan oyda maktab oʻquvchilarining har uch nafaridan biri tengdoshlari tomonidan tahqirlangan va jismoniy tazyiqqa uchragan. Ayni chogʻda koʻplab davlatlarda bunday yoqimsiz holatlar yarmiga kamaygan. Bu haqda YUNЕSKOning yangi maʼruzasida eʼlon qilindi. Unda dunyodagi 144 ta mamlakat ekspertlari maʼlumotlari jamlangan.

Shimoliy Amerika va Yevropada oʻquvchilar bir-biriga ruhiy bosim oʻtkazadi. Dunyoning boshqa qismlarida birinchi oʻrinda jismoniy, ikkinchi oʻrinda jinsiy zoʻravonlik turadi. Oʻgʻil bolalar koʻpincha jismoniy hujumlar, qizlar esa ruhiy azoblardan aziyat chekadi. Maʼruza mualliflarining qayd etishlaricha, bugungi kunda kibermakonda ham qoʻrqitish holatlari uchramoqda. Dilozor kimsalar mobil telefonlardan ham keng foydalanmoqda, deya xabar beradi BMT yangiliklar xizmati.

Bunday taʼqiblarga koʻpincha boshqalardan, ayniqsa, tashqi koʻrinishi bilan ajralib turadiganlar duchor boʻlmoqda. Oʻquvchilarning xabarlariga koʻra, bu borada keng tarqalgan ikkinchi holat irqiy, milliy yoki teri rangidagi tafovutlardir.

YUNЕSKO maʼruzasi mualliflari maktablardagi tahqirlash va jabr-zulmni “jiddiy global muammo” deb atagan.

Ekspertlarning aytishicha, qoʻrqitish va zoʻrlik bolalarning ruhiy salomatligi, hayot sifati va davomatiga juda salbiy taʼsir koʻrsatadi. Zoʻravonlikka uchragan oʻquvchilar koʻpincha oʻzlarini eʼtibordan chetda qolgan deb his qiladi, yomon oʻqiydi, darslarni koʻp oʻtkazib yuboradi.

Muammoning murakkabligiga qaramay, ayrim davlatlar unga qarshi kurashishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Soʻrov oʻtkazilgan 144 ta davlatdan 71 tasida tahqirlash va jismoniy zoʻravonlik qariyb yarmiga qisqargan. Hisobdorlik va monitoring tizimi, oʻqituvchilarni tayyorlash va jabrlangan oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari yaratish, oʻquvchilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar bunda oʻz samarasini berdi.

“Ushbu koʻrsatkichlar katta umid beradi”, - deydi YUNЕSKO rahbarining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Jannini. Uning soʻzlariga koʻra, siyosiy iroda tufayli maktablarda zoʻravonlik va qoʻrqitishdan kelib chiqadigan qoʻrquv muhitini bartaraf etish mumkin.

BMT davlatlarni maktablardagi tahqirlashlarga qarshi kurashishga chaqirmoqda. Shu maqsadda “Xavfsizlikda oʻqish” yangi kampaniyasi ham ishga tushirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?