Oʻtgan yillarda necha nafar sudya ishdan boʻshatildi?

18:44 09 Yanvar 2019 Jamiyat
594 0

Illyustrativ foto

Maʼlumki, soʻnggi ikki yilda mamlakatimizda sudlarning mustaqilligini yanada mustahkamlash, soha vakillarini xolis va shaffof faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilyapti. Ushbu amaliy saʼy-harakatlar hayotda qanday ifodasini topmoqda, samaralari qay darajada? Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist Ubaydulla MINGBOYEV shular haqida soʻzlab berdi.

—Siz, avvalo, katta hayotiy, sud tizimi sohasida koʻp yillik ish tajribasiga ega boʻlgan inson sifatida dastlab adolat tushunchasi haqida fikrlaringizni aytib bersangiz.

— Adolat shunchalik aytiladigan oddiy soʻz emas. Bu juda katta maʼnoga ega boʻlgan ulugʻ tushuncha. Qadim-qadimdan xalqimiz ushbu gʻoyaga hayotning bosh maʼnosi sifatida qarab, hayotning tayanch nuqtasi deb bilishgan. Bobolarimiz adolat tushunchasini halollik, insonparvarlik, uyat, or-nomus tushunchalari bilan chambarchas bogʻliq deb bilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning deyarli barcha maʼruzalarida eng koʻp takrorlanadigan soʻz ham aynan mana shu adolat va haqiqat soʻzlari, shu ulugʻ tushuncha boʻlib hisoblanadi.

—Davlatimiz rahbari adolatni qaror toptirish haqida gapirganida, albatta, unga qodir boʻlgan odil sudlov tizimini shakllantirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratadi.

— Albatta. Qisqa muddatda zamonaviy konsepsiyaga asoslangan yangi yagona sud tizimi yaratildi.

Odil sudlovga erishishning eng muhim omillaridan biri, sudyalar korpusini har tomonlama munosib, yetarlicha bilim va tajribaga ega, mustaqil qaror qabul qilish salohiyati bor boʻlgan shu bilan birgalikda yuksak maʼnaviyatli sudyalar bilan shakllantirish boʻlib hisoblanadi.

Oʻzbekistonda birinchi marta sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadigan, sudning chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.

Natijada sudyalarni tanlash va tayinlash uchun shaffof, adolatli va mustaqil tartib oʻrnatildi. Bugungi kunda Kengash tomonidan sudyalarni tanlash va tayinlash ochiq-oshkora, adolatli tarzda amalga oshirilmoqda.

2017 yilda sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kiritish uchun jami 412 nafar shaxsning arizasi kelib tushgan boʻlsa, shundan 241 nafari zaxiraga olingan, 110 nafari zaxiraga olishga nomunosib deb topilgan, 171 tasi esa zaxiraga olinishdan rad etilgan.

2018 yilda esa, jami 734 ta shaxsdan ariza kelib tushgan boʻlsa, shundan 445 nafari zaxiraga olingan, 128 nafari nomunosib topilgan, 289 nafari zaxiraga olinishga rad etilgan.

Shunga jiddiy eʼtibor qaratish kerakki, ushbu jarayonda zaxiraga olish ham uni zaxiraga olishni rad etish ham, yoki nomunosib topish ham shunchaki amalga oshirilmaydi. Har bir shaxsning taqdim qilingan hujjatlari sinchiklab oʻrganiladi va shundan keyin kollegial asosda qaror qabul qilinadi.

Shu oʻrinda ahamiyat qaratish kerakki, Kengashda suhbatdan oʻta olmagan nomzodlarning nafaqat moddiy va protsessual huquq normalarini yetarli darajada bilmasliklari, balki biz hali yetarli darajada malaka hayʼatlari bilan hamkorlikda masʼuliyat bilan ishlashni toʻla yoʻlga qoʻymaganligimiz sabab boʻlyapti shekilli.

Qayd etish kerakki, sudyalar malaka hayʼatlari tomonidan oʻtkazilayotgan seminar va davra suhbatlarida savol-javoblar qilinib, nomzodlarning qanchalik tushunchaga ega boʻlganliklariga eʼtibor qilinmaganligida ham Kengashning masʼuliyatini yanada kuchaytirish kerak boʻladi.

Vaholanki, “Sudyalarning malaka hayʼatlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 28-moddasida malaka hayʼatlari sudyalik lavozimlariga tayinlanadigan nomzodlarning tayyorgarligini doimiy asosda monitoring qilishi, ular bilan seminar va boshqa tadbirlarni samarali oʻtkazib borishi lozimligi belgilangan.

2018 yil 25 dekabr holatiga koʻra ilk bor sudyalik lavozimi zaxirasida turgan nomzodlar 795 tani tashkil qilgan boʻlsa, shundan birinchi besh yillik muddatga munosib deb topilganlar soni 190, 128 nafari sudyalikka noloyiq deb topilgan. Noloyiq topilgan nomzodlarning 55 nafari jinoyat ishlari boʻyicha, 41 nafari fuqarolik ishlari boʻyicha, 24 nafari iqtisodiy sudlar, 2 nafari harbiy sudlar va bir nafari maʼmuriy sudlarga toʻgʻri keladi.

Sudyalik lavozimida boʻlish davrining xalqaro tan olingan muddatlari belgilandi. 2017 yil 12 aprelda Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan sudyalik lavozimiga birinchi marta besh yillik muddatga, keyin oʻn yillik muddatga, soʻng sudyalik lavozimida boʻlishning muddatsiz davriga tayinlanish yoki saylanish amaliyoti joriy etildi.

Bugungi kunda mamlakatimiz boʻyicha jami ishlab turgan 1038 nafar sudyaning 564 nafari, yaʼni yarmidan koʻpi birinchi marta sudyalik lavozimiga tayinlanganlarni tashkil etadi. Shu oʻrinda shuni aytmoqchimanki, biz kelgusida 10 yil va muddatsizga oʻtgan sudyalar sonini koʻpaytirishga erishmogʻimiz lozim boʻladi.

— Toʻgʻrisini aytish kerak, sud tizimida baʼzi bir jiddiy muammolarning borligi ham haqiqat. Baʼzi bir instansiya sudlari qarorlari bekor boʻlayotganligi yoki protsessual qonun moddalari notoʻgʻri kvalifikatsiya qilinayotganligi, eng yomoni baʼzi bir sudyalar lavozimini suiisteʼmol qilayotgan holatlari uchrab turibdi. Bu odamlarimizning sud hokimiyatiga nisbatan ishonchi pasayishiga sabab boʻlmoqda. Tajribali mutaxassis sifatida ushbu muammolar, eng muhimi, uning yechimi bilan bogʻliq fikrlaringizni bildirib oʻtsangiz.

— Tahlillar shuni koʻrsatyaptiki, hamma sudyalarimiz yoki tizimdagi xodimlar toʻliq oqlay olmayapmiz. Sudyalarimiz orasida ham oʻzining oʻta masʼuliyatli kasbiga nisbatan masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan hamkasblarimiz borligi achchiq haqiqat.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan 2017 yilda jami 54 nafar sudyaga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, 2018 yilda 136 nafar sudyaga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatilgan. Qoʻzgʻatilgan intizomiy ishlarning 93 tasi fuqarolik ishlari boʻyicha, 49 tasi jinoyat ishlari boʻyicha, 16 tasi iqtisodiy va 32 tasi esa maʼmuriy sud sudyalariga toʻgʻri keladi. 2017-2018 yillar davomida 115 nafar sudyaga hayfsan, 24 nafar sudyaga jarima, 36 nafar sudyaga ogohlantirish berilgan, 30 nafar sudya muddatidan oldin lavozimidan ozod etilgan.

Mana shu jazo olayotgan sudlarning oʻzlari birinchi navbatda men kimgadir jazo tayinlashga maʼnaviy haqqim bormi yoki yoʻqmi, eng muhimi sudyadek nufuzli kasb egasi boʻlishiga loyiqmanmi yoki noloyiqmanmi deb oʻylashi va oʻziga shu savolni berishi kerak deb bilaman.

Bugungi kunda sud hokimiyati oldiga qoʻyilayotgan muhim vazifalarni tushuntirish, shuningdek, yuqoridagi salbiy holatlarni bartaraf qilish nuqtai-nazaridan Sudyalar oliy kengashi sudyalik lavozimiga zaxirada turgan nomzodlar va ularning oila aʼzolari bilan “Sudyalik kasb-emas u hayot tarzidir” mavzusida suhbat olib borildi; Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahar sudlariga bevosita chiqib, yuzma-yuz gaplashildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining barcha sudyalari, xodimlari va ularning ota-onalari hamda turmush oʻrtoqlari bilan videoselektor orqali suhbat oʻtkazildi.

Ayniqsa, 2018 yilning noyabr-dekabr oylarida Toshkent shahar va Toshkent viloyati sudlarining barcha tuman sudlariga ishdan keyin borib, sudyalar va xodimlar bilan alohida suhbatlar oʻtkazildi va unda yuqoridagi gaplar takrorlanib, muomala masalasi, protsessual va moddiy qonunlar talabiga rioya etish masalasi yana bir bor eslatilib, intizom, tarbiya, adolatli boʻlish, begʻaraz va odil boʻlishga chaqirildi.

Bu uchrashuvlar shunchaki, nomigagina yoki hisobot uchun emas, balki, yosh sudyalarimizni, sud idoralarida xizmat qilib kelayotgan xodimlarimizni faoliyatini amalga oshirishda halol-pok boʻlishiga, adolatli qaror qabul qilishiga daʼvat etishdir. Sudya yoki sud xodimi degan yuksak nomga dogʻ tushirmaslikka, oʻzlarini har xil yomonliklardan asrab-avaylashga chaqirishdir.

Ayrim nopok, nafs balosi yoʻlida jinoyatga qoʻl urayotgan, sudya degan nomga isnod keltirayotganlar ham uchrab turibdi. Natijada oʻzi, ota-onasi, qavmi-qarindoshi badnom boʻlishi barobarida, sud tizimi obroʻsining tushib ketishiga sababchi boʻlmoqda.

Xalqimiz “Qozining pora olishi – uning dindan chiqishidir” deb biladi. Endi dindan chiqqan odamning holini oʻzingiz koʻz oldingizga keltiring. Bu haqda gapirishga ham qoʻrqasan kishi. Bugungi kundagi shuncha sharoit va shuncha imkoniyatlar bilan yana kimdandir tamagirlik qilgan sudyani qonun ham va qolaversa parvardigorning oʻzi ham hech qachon kechirmaydi.

—Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda soʻzlagan maʼruzalarida Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabini tashkil etish taklifini ilgari surdilar. Ushbu muhim gʻoya boʻyicha fikr-mulohazalaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

— Bugungi davr talabiga javob beradigan bilimli, malakali sudyalarni tayyorlashda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif yaʼni, Sudyalar oliy maktabini tashkil etish masalasi ayni muddaodir. Amaliyotda uchrab turgan ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinishi bilan bogʻliq sud tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun sifatli sudyalar tayyorlash hal qiluvchi omil hisoblanadi. Sudyalikka munosib deb topilgan nomzodlarni kamida bir yil oʻqitib, tayyor sudya sifatida lavozimga tayinlash tizimini joriy etish zarurligi, buning uchun esa, Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror oʻz vaqtida qabul qilindi. Oʻz kasbini vijdonan bajara oladigan, tayyor sudya kadrlarni tayyorlash boʻyicha alohida oʻquv dargohini tashkil etish zaruriyati bor edi.

Shunga alohida ahamiyat berishimiz kerakki, oliy maktabga jalb etiladigan mutaxassislar har tomonlama bugungi kun talabiga javob beradigan bilimli, shu sohadagi milliy va xorijiy tajribani yaxshi biladigan, dunyoqarashi keng, hayotiy va kasbiy tajribaga ega boʻlgan amaliyotchi huquqshunoslar boʻlishi shart.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy maktabiga sud, adliya, prokuratura, ichki ishlar organlarida ishlab katta tajribaga ega boʻlganlar, xorijiy mamlakatlarning huquqshunoslari, psixiatrlar, ekspertlar, sohalardan mutaxassislar, mantiqdan dars beruvchi shaxslarni jalb etish lozim boʻladi. Ularning doimiy ravishda shu maktabga kelib, dars oʻtishi yoki muloqotlar, uchrashuvlar oʻtkazishi juda katta ijobiy natijalar beradi. Sababi, ular ham nazariy, ham amaliy saboqlar beradilar. Shunda nazariyot va amaliyot uygʻunligi vujudga keladi. Aytmoqchimanki, Sudyalar oliy maktabida dars beradigan mutaxassislar katta intellektual salohiyatga ega boʻlishlari kerak. Ana shunda koʻzlangan maqsadga erishiladi va sud korpusi haqiqiy sudyalikka shakllangan adolatli kadrlar bilan taʼminlanadi degan umiddaman.

Arslon ESHMURODOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?