Oʻtgan yili gazdan foydalanishdagi ehtiyotsizlik sabab 48 kishi halok boʻlgan

17:23 29 Avgust 2018 Jamiyat
121 0

Oʻtgan yili sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarning 12 foizini is gazi va havo-gaz aralashmasi bilan bogʻliq holatlar tashkil etgan. Buning oqibatida 48 nafar inson hayotdan koʻz yumgan, yana kimlardir boshpanasiz qolgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi maʼlumotlariga koʻra, bu hodisalarga ehtiyotsizlik hamda xonadonlardagi gaz plita va boshqa uskunalarning nosozligi sabab boʻlgan.

“Hozirda respublikamiz boʻyicha 100 ming km.dan ziyod gaz quvurlari mavjud. “Oʻztransgaz” AJ mamlakatimiz boʻylab 2 million 783 mingdan ortiq xonadonlarga 3 million 353 ming kubometr tabiiy gazni uzluksiz, xavfsiz va zamonaviy texnik talablar doirasida yetkazib berayotir”, deydi “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati sanoat xavfsizligi muhandisi Alisher Mashrabov.

Oldimizda kuz-qish mavsumi. Ayni ushbu davrda tabiiy gazga boʻlgan talab yanada ortadi. Tabiiyki, isitish jihozlaridan foydalanish holati ham kuchayadi. Shu bois “Oʻztransgaz” AJ va qator tegishli idoralar vakillari aholi xonadonlarini dudboʻron va ventilyatsiya tuynuklarini toʻliq tekshirish, gazdan foydalanish boʻyicha targʻibot tadbirlarini boshlab yuborishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?