Oʻtgan yilda tijorat banklari xorijiy kredit liniyalari hisobidan 2,1 mlrd. AQSH dollar kredit ajratgan

16:23 11 May 2020 Siyosat
172 0

Toʻrtinchi yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi Markaziy bank Boshqaruvi Raisining hisoboti eshitildi.

Markaziy bank tomonidan ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash yoʻnalishida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni jilovlash hamda inflyatsiya darajasiga monetar omillarning taʼsirini kamaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirish borasidagi ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, hisobot yilida ijtimoiy dasturlar doirasida aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Qolaversa, investitsion muhitni yaxshilash va iqtisodiyotda uzoq yillar davomida shakllangan investitsion faollikni yuqori darajada ushlab turish maqsadida xorijiy va milliy valyutada ajratilgan kredit mablagʻlarining hajmi koʻpaygan.

Jumladan, 2019-yilda tijorat banklari tomonidan xorijiy kredit liniyalari hisobidan 2,1 mlrd. AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratilgan.

Oʻtgan yil davomida tijorat banklarining iqtisodiyotga ajratilgan jami kredit qoʻyilmalari 1,6 baravarga koʻpayib, 2020-yil 1-yanvar holatiga 208,6 trln. soʻmni tashkil qilgan.

Xususan, 2019-yilda tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar 1,5 barobarga oshib, 58,4 trln. soʻmga yetgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi 1,6 barobarga oshgan. Bu esa joriy yilning 1-yanvar holatiga 40 trln. soʻmni tashkil qilgan.

Shuningdek, aholining bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar doirasida jami 7,6 trln. soʻm, shu jumladan, bevosita jismoniy shaxslarga 4,9 trln. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Bank tizimida likvidlilikni samarali tartibga solish, iqtisodiyotni kreditlash hajmining oʻsish surʼatini muvozanatlashtirish hamda keng qamrovli kommunikatsion siyosat olib borish orqali iqtisodiyotdagi inflyatsion bosim va tasodiflarni pasaytirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilgan.

Majlisda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, toʻlov tizimi barqarorligi va rivojlanishini taʼminlash maqsadida Markaziy bank hamda banklar faoliyatiga oid qabul qilingan qonunlarga muvofiq, 2020-yilda Markaziy bank tomonidan alohida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan qator vazifalar ham muhokama qilindi.

Xususan, 2020-yilning 1-yanvar holatiga mavjud 30 ta bankning 13 tasi kapitalida salmoqli davlat ulushi mavjudligi koʻrsatilib, banklar va biznes subyektlarining samarali hamkorligi uchun keng shart-sharoitlar yaratish va bank tizimida raqobat muhitini yaxshilash maqsadlarida banklarning iqtisodiyotdagi moliyaviy vositachilik rolini oshirish hamda bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, toʻlov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini beruvchi mahalliy va xalqaro bank kartalari boʻyicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar oʻrtasida axborot va texnologik aloqa oʻrnatishga koʻmaklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazi ishga tushirilgan boʻlsa-da, hali uni toʻlov tizimida toʻlaqonli raqobatchi boʻlishi taʼminlanmaganligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, bank tizimidagi likvidlilikni boshqarish hamda pul bozoridagi foiz stavkalarining asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanishini taʼminlashda pul-kredit siyosati instrumentlari samaradorligi va koʻlamini oshirib borish zarurligiga urgʻu berildi.

Senatorlar tomonidan Markaziy bank faoliyatini takomillashtirishga doir qator tavsiyalar bildirildi.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?