Oʻtgan yilda prokuratura xodimlariga jami 57,5 ming dollar hamda 48 mln 885 ming soʻm pora taklif qilingan

10:36 12 Mart 2019 Jamiyat
398 0

Illyustrativ foto

Paxtachi tuman prokuraturasi (Samarqand viloyati) tomonidan tuman IIB qoʻriqlash boʻlimi xodimiga faol qarshilik koʻrsatgan bir guruh shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari oʻtkazish davomida, 08.03.2019 yilda fuqaro X.M. tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish oʻrganuvchi D.B.ning xizmat xonasiga kelib, ayblanuvchilar uning qarindoshi ekanligini maʼlum qilib, ularga nisbatan ayblovni yengillashtirish evaziga 5 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.

Tergovchi lavozimida ish oʻrganuvchi D.B.ning bildirgisi asosida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.M. tuman hududida joylashgan “Kim-Ping” nomli restoranda 5 ming AQSH dollarini D.B.ga pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan X.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, 09.03.2019 yilda Namangan viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Sh.J. viloyat prokurori nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, “MQ” MCHJ, “NQ” DUK va “SM” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha “WPS” MCHJ rahbari R.E. barcha jinoiy harakatlar uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishini maʼlum qilib, ishga aloqador boshqa shaxslarni javobgarlikka tortmaslik evaziga 10 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilganligini bildirgan.

Ushbu bildirgi asosida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 10.03.2019 yilda R.E. tergovchi Sh.J.ning xizmat xonasida unga 10 ming AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan R.E.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Oʻtgan 2018 yil davomida prokuratura organlarida kadrlar bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirilib, ichki xavfsizlikni taʼminlash, xodimlar tomonidan korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor qaratilib, bu borada muayyan natijalarga erishildi.

Jumladan, 2017 yilda prokuratura organlari tizimida xizmat qiluvchi xodimlarga 20 ta holatda 4 ming 200 AQSH dollari hamda 15 mln 424 ming soʻm miqdorida pora taklif qilingan boʻlsa, 2018 yilda 98 ta holat qayd etilgan boʻlib, jami 57 ming 500 AQSH dollari hamda 48 mln 885 ming soʻm miqdorida pora taklif qilingan.

Ushbu holatlar yuzasidan 2017 yilda prokuratura xodimlariga pora taklif qilgan 16 nafar shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari, 4 nafar shaxslarga nisbatan esa maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar qoʻzgʻatilib, jazo muqarrarligi taʼminlangan.

2018 yilda mazkur holatlar yuzasidan 82 nafar shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari, 16 nafar shaxslarga nisbatan esa maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar qoʻzgʻatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?