Oʻtgan yilda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi qancha oshdi?

22:27 16 Mart 2019 Iqtisodiyot
353 0

Illyustrativ foto

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi arafasida kecha Toshkent shahrida Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiziston Respublikalarining rasmiy hukumat delegatsiyalari ishtirokida birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi tashkil etildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi PR-markazi xabar berdi.

Eslatib oʻtish joizki, Markaziy Osiyo iqtisodiy forumini tashkillashtirish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning noyabrida Markaziy Osiyo boʻyicha Samarqand konferensiyasida ilgari surilgan edi.

Markaziy Osiyo davlatlari bosh vazir oʻrinbosarlari oʻrtasidagi besh tomonlama uchrashuvlarning maqsadi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya majmuasi imkoniyatlarini oʻrganish, oʻzaro savdo hajmi hamda turizm jozibadorligini oshirish masalalarini muhokama etishdan iborat.

Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat umumiy chegaralarni, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning oʻziga xos xususiyatlarini, geografik joylashuvini, shuningdek, mamlakatlar milliy iqtisodiyotini aks ettiruvchi eksport tuzilmasining oʻxshashligini hisobga olgan holda, bir qator xususiyatlarni birlashtiradi.

Iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, eksportni diversifikatsiya qilish, respublikaning yetakchi tarmoqlarida texnologik va innovatsion yechimlarni topish kabi dolzarb masalalarni hal etishda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi aytib oʻtildi.

Oʻtgan ikki yil mobaynida davlat rahbarlarining savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etishi alohida aytib oʻtildi.

Uchrashuvda tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jarayonida kuzatilgan ijobiy dinamikani mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar. Masalan, 2018-yilda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 50 foizdan oshib, 4,2 milliard dollarni tashkil etdi va Markaziy Osiyo davlatlari kapitali ishtirokida Oʻzbekistondagi korxonalar soni 729 taga, yaʼni 3 barobar koʻpaydi.

Tadbirda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, oʻzaro savdo-sotiqni rivojlantirish, mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va transport markazlarini rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar, zarur infratuzilmani yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?