Oʻtgan davrda 11 ta xususiy bandlik agentligi rahbar-xodimlari fuqarolarga 72,3 mlrd. 888 mln. soʻm moddiy zarar yetkazgan

13:40 14 Iyul 2020 Siyosat
346 0

Har bir fuqaroning ish bilan band boʻlishi kun tartibidagi dolzarb masala, albatta. Lekin bandlik tushunchasiga chuqurroq qarashni oʻrganishimiz kerak. Jamiyatda shunday ilgʻor toifa kishilar boʻladiki, ular toʻgʻri kelgan yoki oyligi haminqadar ishlarni bajarib ketaverishni oʻziga ep koʻra olmaydi. Ular ishni maqsadga yetish, oʻzini anglashning muhim omillaridan biri, deb hisoblaydi. Odatda shunday odamlardan keyinchalik katta shaxslar, yaratuvchilar chiqadi. Jamiyatimiz bu kabi insonlarga imkoniyatlar ochish harakatida boʻlishi lozim. Xususiy bandlik agentliklarining faoliyati shuning uchun ham juda zarur.

2018-yil 16-oktyabrda “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Ushbu qonuniy asos natijasida 2019-yil va 2020-yilning oʻtgan davrida 103 ta yuridik shaxs xususiy bandlik agentligi sifatida reyestrdan oʻtgan. 74 ta xususiy bandlik agentligi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziya olgan, ulardan 31 tasini litsenziyasi faoliyatini toʻgʻri boshqara olmaganligi sababli oʻz tashabbusiga koʻra (20) va qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyganliklari uchun (11) bekor qilingan. Bugungi kunda 43 ta Xususiy bandlik agentligi litsenziyaga ega.

Qonun qabul qilingandan boshlab bugungi kunga qadar xususiy bandliklari agentliklari tomonidan 3 198 nafar fuqaro xorijiy davlatlarga ishga yuborilgan. Asosan, Rossiya (1604), Turkiya (557), Litva (469), Latviya (129), Polsha (127), BAA (89) kabi 22 ta chet el davlatlariga respublikamizning barcha hududlaridan mehnat qilish uchun joʻnatilgan.

Misol uchun, “Vodiy HR hususiy bandlik agentligi” MCHJ tomonidan 
629 nafar, “Karmada recruiting and consulting xususiy bandlik agentligi” MCHJ tomonidan 439 nafar, “Full employment xususiy bandlik agentligi” MCHJ tomonidan 185 nafar fuqaro yuborilgan.

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan 22 ta xorijiy davlatdagi 139 ta ish beruvchi kompaniya bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan boʻlib, fuqarolar baliqchilik, chorvachilik, yuk tashuvchi (gruzchik), issiqxona, qadoqlovchilik, mehmonxona xizmati restoran xizmati, quruvchilik va tikuvchilik sohalarida ishga joylashtirilgan.

Xoʻsh, xususiy bandlik agentliklari tomonidan yuqoridagi kabi ijobiy ishlar amalga oshirilgan boʻlsa, nega qabul qilinganiga hali ikki yil ham boʻlmagan qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda?

Uzoq yillar yopiq boʻlgan soha birdaniga erkinlashsa, aldov, yolgʻon bilan bogʻliq salbiy holatlardan qochish deyarli imkonsiz boʻladi. Ayniqsa, bu koʻpchilikni qiziqtiradigan, talab yuqori, taklif kam boʻlgan soha boʻlsa. Keyingi paytlarda fuqarolarni ishga joʻnatamiz, deb aldov bilan pul undirgan xususiy agentliklar professional boʻlmagan, shunchaki koʻproq pul topishga qiziqadigan kimsalar tomonidan tashkil etilgan, deyishga asoslar yetarli. Ularning kasriga haqiqiy va halol ishlaydigan agentliklar yomonotliq boʻlishi kamida toʻgʻri emas. Shuning uchun qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishda chuqurroq oʻylab yondashildi.

Bunga quyidagi bir necha omillar sabab sifatida koʻrsatilmoqda:

birinchidan, amaldagi qonunga asosan, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar xorijda ish qidirayotgan shaxslardan undirilishi natijasida xususiy bandlik agentliklari (XBA) tomonidan fuqarolarning ishonchini suiisteʼmol qilish hamda ularga moddiy zarar yetkazish holatlari koʻpaymoqda;

ikkinchidan, ishga joylashtirish boʻyicha fuqarolar oldindan barcha maʼlumotlarga ega boʻlmasligi va shu xizmatlar amalga oshirilmagan taqdirda taraflarning qanday javobgarligi borligi aks ettirilmaganligi;

uchinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasiga zaxira qilinadigan summa miqdori (50 ming AQSH dollari) kam boʻlib ular tomonidan fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash imkonini bermasligi;

toʻrtinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarga ishga joylashtirish sohasida koʻrsatilgan axborot va maslahat xizmatlari uchun toʻlanadigan haq miqdorining aniq chegarasi belgilanmaganligi;

beshinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatga olish va bajarilishini nazorat qilish hamda monitoring qilishning shaffof mexanizmi mavjud emasligi;

oltinchidan, litsenziyalovchi organda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish vakolatining mavjud emasligi ular tomonidan fuqarolarni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelmoqda. Xususan, oʻtgan davr mobaynida 11 ta xususiy bandlik agentligining rahbar va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib ular tomonidan 7123 nafar fuqaroga 72,3 mlrd. 888 mln. soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Birgina, “Human” xususiy bandlik agentligi rahbari tomonidan 1086 nafar fuqarodan21,2 mlrd. soʻm miqdoridagi yoki “Korean and Migrations” xususiy bandlik agentligi rahbari tomonidan 2317 nafar fuqarodan 22,2 mlrd. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib olingan.

Bu borada xorij tajribasi qanday?

Amaldagi qonunga kiritilayotgan qoʻshimchalar yuzasidan xorijiy mamlakatlar qonunchiligi tahliliga ham tayanilmoqda. Jumladan, aksariyat rivojlangan mamlakatlarda Xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganligi uchun toʻlov ish beruvchi tomonidan qoplanishi belgilangan. Masalan, Kanadaning “Bandlik standartlari toʻgʻrisida”gi, Avstraliyaning “Ishga joylashtirish boʻyicha agentliklar toʻgʻrisida”gi, Chexiya Respublikasining “Bandlik toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Xalqaro mehnat tashkilotining 1997-yildagi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasiga muvofiq xorijda ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganligi uchun toʻlov ish beruvchi tomonidan qoplanishi nazarda tutilgan. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun zaxira qilib qoʻyiladigan mablagʻlar AQSH, Kanada, Malayziya, Singapur va Qozogʻiston kabi davlatlarda fuqarolarning mulkiy huquqlari himoyasini kafolatlash maqsadida yuqori miqdorda belgilangan.

Qonunga qanday oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi, bundan xalqimizga qanday naf boʻladi?

Birinchidan, bugungi kunda xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi uchun toʻlovlar yuboriladigan davlatidan kelib chiqib, ish qidirayotgan shaxslar tomonidan 11,5 mln. soʻmdan 35 mln.soʻmgacha miqdorda oldindan amalga oshirilmoqda. Natijada, aksariyat hollarda xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarni aldash va ishonchini suiisteʼmol qilgan holda ularga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazilmoqda. Shundan kelib chiqib, xorijdan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun toʻlovlarni chet eldagi korxona hisobidan amalga oshirish mexanizmini joriy etish orqali fuqarolardan pul olish amaliyoti bekor qilinadi;

ikkinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan oldin ularga koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida yozma shaklda bildirishnoma beriladi. Unda fuqarodan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun oldindan pul olish mumkin emasligi, agentlik oʻz majburiyatini bajarmasa kimga, qanday shikoyat qilishi toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlar koʻrsatiladi. Bu esa fuqarolarga yetkazilishi mumkin boʻlgan moddiy zararni oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir sifatida qaralmoqda;

uchinchidan, fuqarolarga Xususiy bandlik agentliklari tomonidan yetkazilgan zararni oʻrtacha hisobini olgan holda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish Jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyiladigan pul mablagʻlari miqdori amaldagidan toʻrt baravar koʻp, yaʼni bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming besh yuz baravari (ayni paytda 1 mlrd. 895 mln. 500 ming soʻm) qilib belgilanmoqda. Bu agarda Xususiy bandlik agentligi fuqarolarni aldash yoki ishonchini suiisteʼmol qilish va boshqa tarzda moddiy zarar yetkazilish holatlari sodir etilgan taqdirda yetkazilgan zararni ushbu mablagʻlar hisobidan qoplash imkoniyati yaratiladi;

toʻrtinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan faqatgina axborot va maslahat xizmatlari uchun toʻlovlar miqdori turlicha boʻlib, 200 mingdan hattoki 3-4 mln. soʻmgacha qilib har xil belgilan. Qilingan xizmatga mutanosib ravishda undiriladigan toʻlovlar miqdorini belgilash maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridan oshmasligi koʻrsatilmoqda;

beshinchidan, Xususiy bandlik agentliklari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labor-migration” dastyriy majmuasida roʻyxatdan oʻtkazish orqali shartnomalar hisobini yuritishning shaffof mexanizmini joriy etish va nazopat qilish orqali qonun buzilishini oldini olish;

oltinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor etish tartibida (moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan) tekshirish vakolatini berish orqali ular tomonidan tyrli qonunbuzilish holatlari sodir etilishini oldini olish kabi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Shu va boshqa bir qancha kiritilayotgan oʻzgartirishlar kelgusida fuqarolarning yana aldanmasligi qay darajada oldi olinadi?,- degan savol odamlarda boʻlishi tabiiy.

Amaldagi holat, mutaxassislarning tavsiyalari, aholining va deputatlarning takliflari hamda xorijiy tajriba asosida joriy etilayotgan yangi normalar maksimal darajada muammolarni oldini olishiga xizmat qiladi.

Ammo, ustomonlarning “qarmogʻiga” ilinmaslik birinchi navbatda oʻzingizga bogʻliq. Qonun hujjatlarini puxta oʻrganing, maslahatlashing va sizni aldashlariga yoʻl qoʻymang. Esda tutaylik, hamma xususiy bandlik agentliklari ham nohalol ishlaydigan kishilardan iborat emas. Qoʻrqmasdan, professionallar bilan hamkorlik qilish kerak. Buni qanday farqlash mumkin? Mening fikrimcha, hali ishga joylashmagan odamdan oldindan kattaroq pul soʻraydigan agentlik professional boʻlmaydi.

Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?