OTB Qoraqalpog‘istonda suv ta’minotini yaxshilash uchun 145 mln dollar ajratadi

10:38 22 May 2018 Jamiyat
517 0
Fotо: Kruz.uz

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning shimoliy-g‘arbiy qismi bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi suv ta’minoti va sanitariya xizmatlarini yaxshilash maqsadida 145 million dollar miqdorida zayom ajratadigan bo‘ldi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Manbada qayd etilishicha, loyiha yarmi ayollar va bolalardan iborat bo‘lgan 388 ming nafar aholining suv ta’minoti va sanitariya xizmatlarini qamrab olishi ko‘zda tutilgan.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun suv ta’minoti sharoitlarini yaxshilash juda muhim. Suv ta’minoti va sanitariya tizimlarini modernizatsiyalash odamlar, xususan 178 ming nafar ayol va bolalarning turmush tarzi sifatini oshirish imkonini beradi, ular uzluksiz ravishda markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimiga ega bo‘lishadi”, - degan OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo shaharsozlik bo‘yicha departamenti bosh mutaxassisi Xao Jang..

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda hududdagi aholining 37 foizi markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimidan foydalanadi, shu bilan birga aholining 40 foizi esa haftasiga 6 soatdan kamroq suv xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega.

Mazkur loyiha doirasida uch suv tozalovchi stansiya qurilishi, qayta tiklanishi va kengaytirilishi; 300 km suv quvurlari magistrallari qurilishi va qayta tiklanishi; 28 suv taqsimlovchi markaz qurilishi va reabilitatsiyasi; 900 km'ga yaqin suv taqsimlash tarmog‘i qurilishi va qayta tiklanishi va suv iste’molini o‘lchovchi hisoblagichlar bilan ta’minlash ishlari amalga oshiriladi.

Loyihani 2024 yilning iyuliga qadar amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Uning umumiy qiymati O‘zbekiston hukumatining 27,3 million dollarlik mablag‘larini qo‘shganda 172,3 million dollarni tashkil qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?