OTB Oʻzbekistonga har yili 1 mlrd. AQSH dollaridan ziyod mablagʻ ajratmoqchi

16:20 12 Fevral 2019 Jamiyat
725 0

Oʻzbekiston Osiyo taraqqiyot banki(OTB)ga 1995 yilda aʼzo boʻlgan. Oʻshandan buyon umumiy hajmi 7,4 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan 70 ta zayom olgan.

Ayni paytda ushbu moliya muassasasi Oʻzbekiston bilan 2019-2023 yillarga moʻljallangan sheriklik strategiyasini ishlab chiqyapti. Zero, mamlakat jadal bozor iqtisodiyotiga oʻtayapti va bu jarayon davlatning iqtisodiyotdagi roli oʻzgarishi bilan birga kechmoqda. OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha rahbari Verner Lipakning yurtimizga 7-11 fevral kunlari qilgan tashrifi yakunida ushbu yangilik maʼlum qilindi.

Xabar berilishicha, OTB kelayotgan uch yil davomida Oʻzbekistonga har yili 1 mlrd. dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltirmoqchi. Ushbu kapital quyidagi yoʻnalishlarga sarflanadi:

- suv taʼminoti va sanitariya, transport infratuzilmalari, elektr energiyasi ishlab chiqarish va taqsimotini yaxshilash;

- yoshlarni ish bilan taʼminlash;

- qishloq joylarida ish oʻrinlari yaratish;

- zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

- iqtisodiy boshqaruv sohasida davlat islohotlarini qoʻllab-quvvatlash;

- ijtimoiy himoya darajasini oshirish.

Yuqorida aytib oʻtilganidek, Oʻzbekiston OTBga 1995 yilda aʼzo boʻlganidan buyon umumiy qiymati 70 mlrd. dollarlik 70 ta zayom olgan. Shuningdek, bank aksionerlik kapitali koʻrinishida 6 mln. dollar, kafolat shaklida 218 mln. dollar va texnik koʻmak granti koʻrinishida 87,3 mln. dollar ham ajratilgan.

2018 yilda OTB umumiy qiymati 1,1 mlrd. dollarlik 5 ta zayom imzolagan. Ular energiya samaradorligini oshirish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish xizmatlarini yaxshilash, fermerlar va meva-sabzavot ishlab chiqaruvilar uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratish, Oʻzbekistonnig gʻarbiy qismida ichimlik suvi taʼminoti va iqtisodiy boshqaruv sohalariga ajratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?