Oʻtayotgan yilda qancha jurnalist halok boʻldi?

14:32 18 Dekabr 2018 Dunyo
594 0

Foto: Turkiyada oʻldirilgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi

Joriy yilning yanvar oyidan buyon kamida 80 nafar jurnalist oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining soʻz erkinligi boʻyicha eʼlon qilingan maʼruzasida aytib oʻtildi.

Ularning yarmidan koʻpi beshta davlat – Afgʻoniston(15 nafar), Suriya(11), Meksika(9), Yaman(8) va Hindiston(6)da hayotdan koʻz yumgan. Iyun oyida AQSHdagi Capital Gazette tahririyatiga qilingan hujum oqibatida ham qalam ahlining 6 nafar vakili qurbon boʻlgandi.

Meksika qurolli toʻqnashuvlar boʻlmayotgan mamlakatlar ichida jurnalistlar eng koʻp oʻldirilgan davlat hisoblanadi. Harbiy qarama-qarshiliklar kuzatilayotgan hududlarda esa 11 oy davomida 44 jurnalist halok boʻlgan.

Fuqarolik jurnalistikasi vakillari ichida qotillik qurbonlari soni 2017 yilga nisbatan qariyb ikki barobar – 7 nafardan 13 nafarga koʻpaygan.

Ayni paytda dunyoda 348 nafar jurnalist qamoqda saqlanyapti. Ularning yarmidan koʻpi beshta davlat – Xitoy, Misr, Turkiya, Eron va Saudiya Arabistoni “hissasi”ga toʻgʻri keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?