Otangizning qabrini topa olasizmi?

17:25 18 Fevral 2019 Jamiyat
707 0

Foto: Muhammad Karim

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Xalqimiz “Har bir kishi yetti otasining ismini bilishi kerak” deydi. Bu naql zamirida katta maʼno bor va unda eng avvalo ota-bobolarimiz xotirasiga hurmat- ehtirom mujassam. Ammo oramizda, yetti ota-onasining nomi u yoqda tursin,mozor shayxlaridan “Men falonchining oʻgʻliman, otamning qabrini topolmayapman” deb yordam soʻraydiganlar ham uchraydi. Bundan maʼlumki, ular yaqinlari dafn etilgan qabristonga 10 — 20 yil kelmagan, mangu qoʻnimgoh esa oʻsha vaqtdagidek emas, ancha kengayib ketgan...

Guliston shahridagi “Qaropchi” qabristonida boʻlgan tadbirda ana shu afsuslanarli hayotiy misol asnosida qabristonlarni obod qilish, tartibga keltirish, farzandlarimiz ongiga qabrlarni ziyorat qilish xayrli ish ekanligini singdirish, bir soʻz bilan aytganda, mazkur manzillarda ham insonlar yotganligini esdan chiqarmaslik xususida gap bordi.

Marosimda viloyatdagi barcha qabristonlarni tartibga keltirish, koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi. Xususan, barcha mozorlarni oʻzbekona somon suvoq bilan qoplashga kelishib olindi. Va bu ishlar xalqimizga ming yillardan buyon tantana ulashib kelayotgan Navroʻz ayyomigacha yakunlanib, sharqona Yangi yil arafasida oʻtganlarning ruhi ham shod qilinadigan boʻldi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi masjidlar boʻlimi mudiri M. Qayumov ishtirok etdilar va soʻzga chiqdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?