«Ota yurtimiz, ko‘z qorachig‘imiz»

11:12 02 May 2018 Siyosat
1510 0
Foto: aa.com.tr

Mamlakatimizga tashrifi davomida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, -parlamentda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.

Turkiya Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida so‘zlagan nutqida o‘zbek hamda turk xalqlarining do‘stligi azaliy ekanligiga e’tibor qaratdi. Ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va tarix, qardoshlik aloqalari o‘tgan asrning yigirmanchi yillari boshida Anado‘lida turk askarlarining bosqinchilar ustidan g‘alabasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etganini faxr bilan tilga olgan Turkiya Prezidenti XX asrning buyuk shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning Anado‘lidagi voqealar munosabati bilan turk askarlarini sharaflab bitgan “To‘fon” she’ridan haroratli satrlarni o‘qib berdi.

Sarlavhasi ostida “Anado‘li qishlog‘ining muzaffar o‘rdalariga” deya bag‘ishlov ham bitib qo‘yilgan mazkur she’r shunday satrlar bilan boshlanadi:

Ey Inonu, ey Sakariya, ey istiqlol erlari,
Milliy Misaq olingancha to‘xtalmasdan ilgari!

Qardosh turk xalqining “jannat kabi tuprog‘i” yovlarning oyoqlari ostida, tovushi “insofsizcha shovqinlarning, hurushlarning pastida” ekanidan iztirob chekkan shoir o‘zlarini madaniyatli sanagani bilan aslida jalloddan farqi bo‘lmagan bosqinchilarning tamagirliklarini, “ozodlik” deb shovqin qilgan, baqirg‘an” bo‘rilarning och ko‘zlari oltin to‘la yerlarda ekanini shafqatsiz satrlarda ochib tashlaydi. Cho‘lpon shu tariqa o‘z yurtini ham bosib, talab turgan bosqinchilarning xatti-harakatlariga ham ishora qiladi.

Bilamiz, kim unlar sizni yashamoqqa qo‘ymaylar,
Bilamiz, kim qoningizni tomchi-tomchi ichalar,
Bilamiz, kim unlar sira yuvosh xalqni sevmaylar,
Bilamiz, kim tuproq uchun insonliqdan kechalar.

O‘zbek adabiyoti tarixida “xalqni uyg‘otgan shoir” sifatida munosib o‘rin tutgan Cho‘lponning ushbu she’ridagi vatanparvarlik ruhi qardosh turk xalqining qalbiga salkam bir asrdan buyon cho‘g‘ solib kelayotgani sabablari xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy qavmu qarindoshlik ildizlari mustahkamligi bilan bog‘liq ekanini e’tirof etgan Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning “Ota yurtimiz, ko‘z qorachig‘imiz” degan so‘zlari zamirida ham aziz Vatanimiz O‘zbekistondan minnatdorlik tuyg‘ulari mujassamdir! Zero, bu ikki qardosh xalq asrlar davomida mustamlakachilik hamda bosqinchilik kishanlarini parchalab, o‘z qismati, erkin hayoti yo‘lida kurashib kelganini Cho‘lpon “To‘fon” she’rida ham qalblarni titroqqa solar darajada hayajonli ifodalay olganini bugun Turkiya Prezidenti e’tirof etib turgani buyuk shoirning “Adabiyot yashasa, millat yashar” degan so‘zlarining tasdig‘i kabi yangradi.

Bilamiz, kim siz yo‘qsullar so‘ng chog‘da
Shunday yomon dushmanlarning qo‘lida
Mangu asir, mangu tutqun bo‘lishni
Istamasdan qo‘lga yarog‘ oldingiz.

Bilamiz, kim qator-qator qishloqlar
Sinasiga non to‘ldirg‘an tuproqlar,
O‘t ichinda, shuning uchun o‘lishni
Ortiq ko‘rub, jonni o‘tqa soldingiz.
Jonni qong‘a — o‘qqa, o‘tqa soldingiz.
Faqat bu kun totli bir o‘ch oldingiz,
Yana bir qo‘r tarixlarda qoldingiz!

Ey istiqlol, ey Saqariya, ey Inonu erlari,
Yur, mazlumlar to‘fonining o‘ch olg‘uchi sellari!


Shoyim BO‘TAYEV
(«Xalq so‘zi») 
tayyorladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?