“Ota-onalarimizning mehnati ham yuksak eʼtirof etilganidan juda xursand boʻldik”

14:38 14 Yanvar 2019 Jamiyat
411 0

Foto: Ahmadali Shernazarov, "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahrida boʻlib oʻtgan Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbirlar Xotira maydonidagi Motamsaro ona poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi.

Soʻngra “Yoshlar“ markazida tantanali yigʻilish oʻtkazildi.

Tadbir avvalida Sirdaryo viloyat hokimi Gʻofirjon Mirzayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Prezidentimiz Farmoni bilan bayram arafasida taqdirlangan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism komandiri Abduqahhor Nabiyevga “ Sodiq xizmatlari uchun“ medali tantanali ravishda topshirildi.

“Prezidentimizning bayram tabrigida nafaqat biz-Vatan himoyachilarining xizmati balki ota-onalarimizning farzandlarini shu darajaga yetkazishdagi mehnatlari ham yuksak eʼtirof etilganidan juda xursand boʻldik” deydi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi, podpolkovnik Matxiddin Rahimov.

“Navroʻz” koshonasida bir piyola choy ustida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida soʻzga chiqqan Zulfiya mukofoti laureati, Toshkent davlat jahon tillari universiteti magistratura bosqichi talabasi Dilbarxon Xoljigitova esa oila aʼzolarining barchasi Vatan himoyachilari ekanligi, xususan otasi Bahodir Jabborov 28 yil davomida harbiy sohada xizmat qilganligini faxr bilan tilga oldi.

Tantana kuy-qoʻshiqlar bilan yanada tarovatli boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?