Ota boʻlish oson, otalik qilish qiyin

09:50 21 Avgust 2019 Jamiyat
101 0

Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Ota boʻlish osondir balki, biroq otalik qilish qiyin. Kimdir tirnoqqa zor boʻlib yurgan bir kezda oramizda otalik masʼuliyatini bajara olmayotganlar ham yoʻq emasligi, achinarli, albatta. Oltinkoʻl tumanining Mehnat MFYda istiqomat qiluvchi Xabibullo Tursunov (ismlar oʻzgartirib berilmoqda) ana shular toifasidan. Ikki farzandi bilan turmush oʻrtogʻidan ajrashdiyu otalik masʼuliyatini ham unutdi. Bolaga esa nafaqat eʼtibor, shu bilan birga moddiy koʻmak kerak. Majburiy ijro byurosining Oltinkoʻl tumani xodimlari Xabibulloga ana shu masʼuliyat hissi qanday boʻlishini eslatib qoʻydilar. Aliment toʻlashdan boʻyin tovlagan yigitga nisbatan maʼmuriy chora koʻrilib, sud qaroriga binoan 15 sutkaga qamoq jazosi qoʻllanilishi toʻgʻrisida hukm oʻqildi. Oʻgʻlining 15 kun davomida ozodlikdan cheklanishi, emin-erkin yashay olmasligidan tashvishga tushgan Xabibulloning ota-onasi shu zahoti nabiralari uchun toʻlanishi kerak boʻlgan 5 mln. 369 ming 96 soʻm pulni keltirib berdilar. Ha, farzand deganlari jigardan bunyod boʻladi, deb shuni aytadilar-da! Aks holda oʻzi ota boʻlgan bolasining 15 kunlik cheklovidan koʻz oʻngi qorongʻu boʻlgan ota-ona shu qadar xavotirga tusharmidi! Ana shu xavotir, tashvish, masʼuliyatdan atigi bir chimdimini nabiralari uchun atab qoʻyganlarida edi, na oʻgʻli sudning qora kursisidan joy olgan boʻlardi, na nabiralar moddiy qiyinchilik azobini tortgan boʻlardilar.

Ota-onangizdan ibrat oling, Xabibullo! Balki, shunda jigarporalaringizni zoriqtirib qoʻymassiz...


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?