Ot sportining nufuzli musobaqasi yakunlandi

14:21 30 Aprel 2018 Sport
411 0

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti bazasida ot sportining to‘siqlardan ot sakratish turi (konkur) bo‘yicha Jahon kubogi Markaziy Osiyo ligasi saralash bahslarining I bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2018 yilgi ommaviy sport tadbirlari taqvim rejasi, Xalqaro ot sporti federatsiyasi taklifi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi tashabbusi bilan bilan tashkil etilgan mazkur musobaqada Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Eron, Litva kabi xorijiy davlatlar sportchilari va mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbirning birinchi kunida sportchilar birinchi aylanishda balandligi 1 metru 30 sm bo‘lgan to‘siqlardan, ikkinchi aylanishda 1 metru 35 sm bo‘lgan balandlikdan ot sakratish bo‘yicha bellashdilar. Sportchilar ikkinchi kuni Millatlararo kubok doirasida ikki git (bosqich)li musobaqalar bo‘yicha dastlabki aylanishda 1 metru 35 sm, ikkinchi aylanishda 1 metru 45 sm balandlikni zabt etishga harakat qilishdi. Uchinchi kuni Jahon kubogi va Gran Pri bahslari doirasida balandligi 1 metru 40 sm. dan 1 metru 60 sm. gacha bo‘lgan to‘siqlardan oshib o‘tishdi. 

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi Prezidenti Kubogi bahslari ham bo‘lib, unda sportchilar 1 metru 30 sm bo‘lgan balandlikni zabt etishdi. 

Qayd etish kerak, mazkur musobaqada mamalkatimiz sharafini 25 nafar sportchi arg‘umoq va 15 nafar chavandoz himoya qilishdi. Ularning orasida xalqaro musobaqalarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib kelayotgan Umid Komilov, Nurjon Tuyoqboyev, G‘ayrat Nazarov, A’zam Tolibboyev, Xurshid Olimjonov kabi tajribali chavandozlar bor. 

Musobaqalarida sportchilarimiz yaxshi tayyorgarlik va yuqori mahoratga ega ekanliklarini amalda namoyon etdilar. Millatlararo kubok bahslarida O‘zbekiston jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgani buning yaqqol tasdig‘idir. 

Birinchi gid davomida sportchilarimiz katta bo‘lmagan jarima ochkolari bilan oldinga chiqib olishdi. Ikkinchi gid vaqtida esa barcha sportchilar chiqishlari tugashidan avval g‘alaba kimga nasib etishi aniq bo‘lib qoldi. 

Millatlararo kubok natijalari quyidagicha: 

1-o‘rin — O‘zbekiston jamoasi — 8 jarima ochkosi 
2-o‘rin — Qirg‘iziston jamoasi — 12 jarima ochkosi 
3-o‘rin — Qozog‘iston jamoasi — 36 jarima ochkosi 

130 santimetr balandlikka ot sakratish bo‘yicha musobaqalar natijalari:

1-o‘rin — Kamil Sabitov — Quintendro — Qirg‘iziston 
2-o‘rin — Aleksandr Tishkov — Lord Loksli — Qozog‘iston 
3-o‘rin — Vladimir Shmelev — First Choice — O‘zbekiston 

130-135 santimetr balandlikka ot sakratish bo‘yicha musobaqalar natijalari:

1-o‘rin — Kamil Sabitov — Carmen — Qirg‘iziston 
2-o‘rin — Nurjan Tuyakbayev — King Cornet L — O‘zbekiston 
3-o‘rin — Oqil Sobirjonov — Giatris — O‘zbekiston 

Maksimal ballar bo‘yicha konkur natijalari, eng yuqori balandlik — 145 santimetr:

1-o‘rin — Kamil Sabitov — Carmen — Qirg‘iziston 
2-o‘rin — A’zam Talibbayev — Camita — O‘zbekiston 
3-o‘rin — Rinat Galimov — Lady-sunshine — Qirg‘iziston 

Konkur bo‘yicha Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi I bosqichi Gran-pri musobaqalari natijalari: 

1-o‘rin — Kamil Sabitov - Quintendro - Qirg‘iziston, 0 jarima bali
2-o‘rin — Kamil Sabitov - Carmen - Qirg‘iziston, 7 jarima bali
3-o‘rin — Oqil Sobirjonov - Demilion - O‘zbekiston, 15 jarima bali

Shuningdek, “O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi Prezidenti Kubogi” musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bu turnirda quyidagi sportchilar yuksak tayyorgarlik va mahoratlari bilan ajralib turishdi: 

1-o‘rin — Abdushukur Sobirjonov — Samira — O‘zbekiston 
2-o‘rin — Sadir Mamыtov — Charivari — Qirg‘iziston 
3-o‘rin — Vladimir Shmelev — First Choice — O‘zbekiston 

G‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandilar.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?