Ot sporti boʻyicha Jahon kubogi final bosqichiga Oʻzbekiston mezbonlik qilmoqda

12:52 06 Sentyabr 2018 Sport
211 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi Online". “Allyur“ ot sporti majmuasida Ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Jahon kubogi final bosqichi boshlandi. Mazkur nufuzli musobaqaning yakuniy bosqichi Osiyo davlatlari orasida birinchi bor Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutasaddilarining aytishicha, yirik musobaqaga mezbonlik qilish huquqini qoʻlga kiritish oson kechgani yoʻq. Chunki Portugaliya va Ekvador davlatlari ham shunday tashabbus bilan chiqqan edilar. Xalqaro ot sporti federatsiyasi mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar bilan yaqindan tanishib, yirik musobaqalarni tashkil etish va oʻtkazish uchun yetarli shart-sharoitlar mavjudligi toʻliq ishonch hosil qilgach, Jahon kubogining finaliga mezbonlik qilishga muvaffaq boʻldik.

Aytish joizki, nufuzli musobaqaning Toshkent bahslarida jahonning oʻttizdan ortiq davlatlaridan kelgan mahoratli chavandozlar va ot sporti ustalari ishtirok etmoqda. Ular orasida ikki nafar hamyurtimiz borligi quvonarlidir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

-Hozirgina ot tanlash marosimi yakunlandi, - deydi oʻzbekistonlik chavandoz Saidamirxon Turgʻunboyev. - Qurʼa natijalariga koʻra, “Ambassador“ laqabli tulporda ishtirok etadigan boʻldim. Bu ot bilan yaqinda boʻlib oʻtgan musobaqada sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritganim uchun bugungi bahslardan umidim katta. Qolaversa, musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrdik. Germaniya va Gollandiya davlatlarida malaka oshirib qaytdik. Niyatimiz yurtimiz mezbonlik qilayotgan yirik musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritishdir.

Ayni paytda chavandozlar oʻzlariga biriktirilgan tulporlarda sport ishqibozlari uchun chiqishlar qilishmoqda. Shu asnoda hayajonli musobaqadagi eng yaqin hamkori va sodiq doʻsti bilan oʻzaro “til topishmoqda“.

Jahon kubogining asosiy bahslari ertaga boshlanadi. Chavandozlar orasidan saralagan eng mahoratli va eng omadli toʻqqiz nafar sportchi finalga yoʻl oladilar. Gʻolib va sovrindorlar esa toʻqqizinchi sentyabr kuni aniqlanib, tantanali ravishda taqdirlanadilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?