Ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Jahon kubogining final bosqichining eng hayajonli bahslari boshlandi

18:13 09 Sentyabr 2018 Sport
258 0
Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan ushbu musobaqada dunyoning oʻnta geografik mintaqasidan eng sara chavandozlar bahslashmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Jahon kubogi musobaqalari qoidalari juda oson va qiziqarli. Uning dastlabki bosqichlari dunyo boʻylab oʻnta mintaqada milliy ot sporti federatsiyalari oʻrtasida oʻtkazilib, dunyoning eng yuqori reytingli konkurchilarini aniqlanadi. Ana shunday yuqori mahoratga ega qariyb 20 nafar chavandoz Toshkentda bellashib, ular orasidan eng kuchli oʻn nafari finalga chiqdi. Shu bois hal qiluvchi bahslar oʻta hayajonli, oʻta qiziqarli kechmoqda.

Quvonarli tomoni shundaki, ushbu musobaqada hamyurtlarimiz Abdushukur Sobirjonov hamda Saidamirxon Turgʻunboyev Oʻzbekiston sharafini himoya qilayapti.

Ayni paytda Jahon kubogi final bosqichi birinchi konkuri boʻlib oʻtmoqda. Hech mubolagʻasiz, dunyoning eng sara chavandozlari chiqishini yuqori malakali hakamlar hayʼati va ot sporti sohasi sohasidagi ekspertlar diqqat-eʼtibor bilan kuzatishmoqda.

Ularning dastlabki xulosalariga koʻra, oʻzbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli qatnashmoqda. Ayniqsa, Abdushukur Sobirjonov “Rejana“ laqabli tulporda toʻsiqlarni jarima ochkolarsiz oshib oʻtdi.

Birozdan soʻng chavandozlar ikkinchi konkurga chiqishadi. Uning natijalariga koʻra, gʻolib va sovrindorlar nomi aniqlanadi.

Umid qilamizki, chavandozlarimiz hal qiluvchi bahslarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritishadi.

Binobarin, ushbu Jahon kubogi Oʻzbekiston ot sporti sohasi uchun oʻta ahamiyatli boʻlib, mutaxassislarning oʻzaro tajriba almashishi, xorijiy ekspertlar bilan tarmoqni rivojlantirish borasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi“ muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?