“Oson emas”, “hozir emas” deb kutiladigan boʻlsa, muammolar hal etilmaydi

17:24 04 Iyun 2020 Siyosat
283 0

“Oson emas”, “hozir emas” deb kutiladigan boʻlsa, muammolar hal etilmaydi

Mamlakatimizda yashash minimumi va isteʼmol savatchasini belgilash masalasi eng koʻp muhokama qilinayotgan, tez-tez kun tartibiga chiqayotgan mavzulardan biriga aylanib boʻldi. Bu bejiz emas, bu ancha muhim va jiddiy masala. Joriy yilning 3-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2020-yil 1-oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslari ishlab chiqilishi boʻyicha vazifa qoʻyildi.

Kambagʻallikni qisqartirish, bu boradagi ishlarni sifatli va samarali tashkil etish bir qator omillarga bogʻliq. Shulardan eng muhimi, kambagʻallikni belgilovchi mezonlarni aniqlashtirib olishdir. Bunday mezon boʻlmasa, aslida kim, nima uchun kambagʻalligini aytishning oʻzi xato boʻladi.

Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida aholining 10-12 foizi kambagʻallikda yashayotgani haqida axborot bergan edi. Shunga qadar yurtimizda bunday maʼlumotlar haqida gapirilmasdi. Turlicha fikrlar, chamalashlar boʻlardi, xolos. Yashash minimumining huquqiy asosi yaratilsa, bu boradagi statistik maʼlumotlar ham tizimlashadi.

Shuning uchun davlatimiz rahbari qayta-qayta bu muhim masalani kun tartibiga qoʻymoqda, deb oʻylayman.

Mutasaddi idoralar vakillari Oʻzbekistonda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorning qancha ekanini aytish huquqiy savollar tugʻilishiga olib kelishini taʼkidlab, yashash minimumini rasman belgilashning hozircha imkoni yoʻqroq, degan mazmunda fikr bildirishgan edi.

Bu fikr Konstitutsiyamizning 39-moddasida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilangan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgani bilan izohlangan edi. Yaʼni, rasmiylarga koʻra, yashash minimumi rasman belgilanadigan boʻlsa, pensiya va ijtimoiy yordam pullarini shundan kam boʻlmagan miqdorda oshirish imkoniyati yoʻq, byudjet bunga yoʻl bermaydi. Boisi, yalpi ichki mahsulot darajasi oʻsishi tez emas.

Toʻgʻri, yashash minimumi va isteʼmol savatchasini joriy etish, bu boradagi munosabatlarni toʻliq, izchil tartibga solish oson boʻladigan jarayon emas. Qiyinchilik va murakkabliklar boʻlishi tabiiy. Lekin “oson emas”, “hozir emas”, deb kutiladigan boʻlsa, muammolar hal etilishi ancha choʻzilib ketishi mumkin. Bu esa vaziyatni borgan sari qiyinlashtiradi.

Pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy yordamning manzilligini taʼminlash, ayniqsa, dolzarb vazifaga aylandi. Qonunchilikdagi ayrim kamchiliklar yana-da yaqqolroq sezildi.

Shuning uchun Prezidentimiz qoʻygan vazifani ijro etish, yashash minimumi va isteʼmol savatchasini joriy qilish boʻyicha huquqiy asoslarni ishlab chiqish zarur. Boshqa masalalar jarayonda imkoniyatga qarab hal etilgani maqsadga muvofiq boʻladi, deb hisoblayman. Nimaga desangiz, bu ishga jazm etmasdan kambagʻallikni qisqartirish dasturlarini samarali amalga oshirib boʻlmaydi. Kambagʻallik kamaymasa, joylarda ijtimoiy muammolar koʻpayadi. Boshqacha aytganda, bu masalada uzoq kutish imkoniyati qolmagan.

Mazkur yoʻnalishda partiyamiz, parlament quyi palatasidagi fraksiyamiz ishchi guruh shakllantirgan holda, yashash minimumi va isteʼmol savatchasi boʻyicha qonun loyihasi konsepsiyasini tayyorlash ustida ishlarni boshlagan. Jarayonni tezlashtirishimiz, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz lozim.

Sherbek BOʻRONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?