Oʻsmasi bor hovlidan sovchi uzilmaydi

16:40 28 Fevral 2019 Jamiyat
204 0

Illyustrativ foto

Hovlining bir chetida oʻsma oʻstirish momolarimizdan qolgan udum. Qoʻni-qoʻshni qiz-juvonlar yigʻilib oʻsma qoʻyish tadbirini oʻtkazganliklari ham bor gap. Yaʼni bu oʻzbekona pardoz surtmasini tayyorlagan xonadon bekalari qoshlariga oʻsma tortish uchun qoʻshni xotin-qizlarni ham chaqirib turishgan. Taʼbir joiz boʻlsa, ana shu ilinishda ham xalqimizning takrorlanmas fazilati – mehr-oqibat mujassam...

Butun Sirdaryo ahli qatori xotin–qizlarimiz ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida belgilab bergan vazifalar, xususan tomorqalardan foydalanish madaniyatini va samaradorligini oshirishga oid topshiriqlari ijrosiga faol kirishishganini koʻrib, oʻzbek xonadonining oʻziga xos ana shunday manzaralaridan biri koʻz oldimdan oʻtdi.

Binobarin, hovlisida rayhonu jambillar oʻsmayu nomozshomgullar barq urib oʻsib turgan uydan fayzu baraka ifori arimaydi. Unda shu xonadon bekasi, qizu juvonlarining ayollik nafosati, latofati, mehnatsevarligi ham aks etib turadi. Gulzordan sal naridagi sabzavot va boshqa ziroatlar esa oila qozoniga masalliq boʻlishi bilan birga qoʻshimcha daromad ham keltiradi.Tartib bilan ekilgan mevali daraxtu toklar dasturxonini bezaydi. Ostonadagi bu gulshanu bogʻu rogʻdan, saranjom –sarishtalikdan olingan zavq sovchilarda-da ilk ijobiy taassurot uygʻotadi.

Zero, qizga kelgan sovchilar avvalambor, u yashayotgan xonadon hovlisining ozodaligi, sarishtaligi, chamanzorligini koʻzdan kechiradilar. Bir parcha yerga oʻsma urugʻi sochilganmi, buni ham eʼtiborga oladilar. Chunki, xalqimizda, qaynona-kelin oʻsma qoʻyishni yoqtirsa, bir-biriga mehrli-eʼtiborli boʻladi, deyishadi. Oʻsma nafaqat qaynona-kelin, balki gap avvalida keltirganimizdek, qoʻni-qoʻshnilarning ham munosabatini yaxshilaydi. Tasavvur qiling, oʻsma siqilib, qoshlarga tortilgach, albatta, qoʻshni ayol yoki kelin esga tushadi. Oʻsma qoʻyishga chaqiriladi. Oʻsma bahona bir ogʻiz suhbat asnosida kimning gulzorida qanaqa guli bor, tomorqasida nima ekilganu pishgan... Shunday axborotlar natijasida tomorqadan foydalanish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishadi. Yaʼni”Qovun qovundan rang oladi”, deydi dono xalqimiz.

Buning ustiga, uy bekasi boʻlgan ayollarimiz bir parcha yerda nimadir yetishtirib, tomorqani obod qilishsa, roʻzgʻor yukini tortayotgan erning ham koʻngli charogʻon boʻladi. Ishdan uyga qaytganda obod hovlisini, barq urib ochilgan gulzorni koʻrib kayfiyati koʻtariladi, ayoliga,oilasiga, hayotga boʻlgan mehri yanada oshadi,eng muhimi, xonadonida xotirjamlik muhiti mustahkam qaror topadi.

Binobarin, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek tomorqa madaniyatini shakllantirish xotin-qizlar maʼnaviyatini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu kunlarda “Tomorqadan foydalanish boʻyicha zarbdor 20 kunlik” shiori ostida viloyatimizda olib borilayotgan ishlar zamirida ham ana shu maqsad ustuvordir. Mazkur tadbir doirasida nafaqat tomorqadan foydalanish yuzasidan tushuntirish–targʻibot ishlari, balki bu borada zarur amaliy yordam ham berilmoqda. Oʻyaymanki, bugungi gʻayrat-shijoat va ishtiyoq hademay viloyatimizning barcha xonadonlaridagi saxovatga toʻla, gullab-yashnagan tomorqalarida oʻz natijasini koʻrsatadi.

Dilfuza OʻROLOVA, Sirdaryo viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?