Oskar mukofoti uchun Oʻzbekiston nomidan taqdim etiladigan film nomi eʼlon qilindi

16:35 21 Noyabr 2020 Jamiyat
418 0

Shu yilning 21-noyabr kuni Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda qoʻmita raisi Firdavs Abduxoliqov hamda qoʻmita aʼzolari Zulfiqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbosov, Nigora Karimova, Jahongir Ahmedov, Mannop Qoʻchqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Baxtiyor Yoqubov, Farrux Toʻlaganov, Eldor Yoʻldoshev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va Qoʻmita koordinatori Oybek Abdushukurovlar ishtirok etishdi. 

Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi tomonidan sayyoramizning nufuzli Oskar  mukofotining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga Oʻzbekiston nomidan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan  “Fox music cinema” studiyasi tomonidan suratga olingan Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi tanlandi.

25-noyabrgacha kartina film mualliflari tomonidan tegishli tartibda Oʻzbekiston Milliy kinokomissiyasiga taqdim etilishi zarur.

“Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmida oʻtgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga koʻrsatgan taʼsiri bir oila misolida ochib beriladi. Yuz berayotgan voqea-hodisalarga eʼtibor bermay, odamlardan narida  uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil  toʻrtinchi bor uylanadi. Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bogʻliq baʼzi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda boʻlishiga sabab boʻladi.

Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin Toʻychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yoʻldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizayev. 
Rollarda Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona Oʻljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar.

93-Oskar taqdirlash marosimi 2021-yilning 25-aprel kuni Los-Anjeles shahrining mashhur “Dolby” teatrida boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil bahorida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi tashkil qilingan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?