Osiyodagi eng chuqur gʻor Surxondaryoda joylashgan...mi?

12:08 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
108 0

Osiyodagi eng chuqur gʻor Boybuloq boʻlib, u Boysun tumanida, Hisor togʻ tizmasining Surxondaryo qismida joylashgan. Mahalliy aholi bu yerlardagi togʻlarni alohida-alohida nomlab, Boysuntogʻ, Choʻlbayir va Devortogʻ deb ham atashadi.

Bu togʻlarda bir nechta gʻorlar bor. Ular orasidagi eng mashhurlari Xoʻja Gʻur-Gʻur Ota, Vishnevskiy va Boybuloq.

Boybuloqning chuqurligi 1415 metr. Gʻorni oʻrgangan Rossiya, Fransiya va Shveysariya gʻorshunoslari uning bundan ham chuqur ekanligini aytishib, Oʻzbekistonning yer osti Jomolungmasi, deb taʼriflashadi.

Gʻorshunoslar Boybuloq va Vishnevskiy gʻorlari ulangan ehtimoliy yoʻlakni izlashmoqda. Gʻorlar joylashuviga qaraganda ular bitta boʻlishi kerak. Ammo ichkarida gʻor yoʻlaklari baʼzan juda tor va koʻpi hali topilmagan. 1415 metr chuqur Boybuloq va qariyb 750 metrlik Vishnevskiy ulangani isbotlansa, ular dunyodagi eng chuqur gʻorlardan biri boʻladi. Lekin buni oʻrganish oʻta qiyin kechmoqda. Avvalo bu gʻorlarga kirish joyi 3-4 ming metr balandda joylashgan.

Boybuloq ogʻzi juda kichik va koʻrimsiz. Bitta echki sigʻadi. Odam oʻrmalab kirishi mumkin. Shu turishida uning Osiyodagi eng chuqur gʻori ekaniga ishonish qiyin. Ammo gʻor ogʻziga egilishingiz bilan yuzingizga oʻta sovuq havo ufuradi. Izlanishlar jarayonida mutaxassislar Boybuloqda koʻl va daryolarni topishgan, qor ham borligini qayd etishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?