Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining Oʻzbekistondagi rasmiy vakili tayinlandi

16:08 23 Sentyabr 2019 Jamiyat
125 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori Shahobiddin Sharifov Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining Oʻzbekistondagi rasmiy vakili etib tayinlandi.

Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) — BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO)ning hududiy muassasasi boʻlib, Osiyo va Tinch okeanidagi davlatlarning kichik va oʻrta biznes korxonalariga texnologiyalar transferi bilan shugʻullanadi. Shuningdek, texnologiyalar transferi bilan bogʻliq turli xil loyihalarni amalga oshiradi, shu soha bilan bogʻliq taʼlim, hamkorlik aloqalari oʻrnatish, inson resurslarini rivojlantirish, institutsional qurilish kabi qator vazifalarni bajaradi. OTTTMning maqsadi hududning texnologiyalar transferi imkoniyatlarini mustahkamlash, hamkor davlatlarga ekologik toza texnologiyalar kirishini ragʻbatlantirishdir.

Mazkur nufuzli tashkilotga dunyoning 62 davlati aʼzo boʻlib, markaz bosh idorasi Hindistonning Nyu-Deli shahrida joylashgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning Hindistonning Gandinagar shahrida boʻlib oʻtgan “Joʻshqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirokidan soʻng hamkor mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro tajriba, texnologiya almashish, yangi hamkorlar va investitsiyalarni jalb etishning yangi yoʻllarini topish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazida Oʻzbekiston milliy muvofiqlashtiruvchi organining tashkil etilishi texnologiyalar transferidagi tendensiyalar, shart-sharoitlar, imkoniyatlarni tadqiq va tahlil etish, xalqaro tashkilotlar va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, sohaga milliy kadrlar, ayniqsa ilmiy xodimlar va siyosiy tahlilchilarni tayyorlash uchun zamin yaratadi.

“InnoWeek.Uz” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida 2019-yilning 30-31-oktyabr kunlari BMT huzuridagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi bilan hamkorlikda “Innovation and Technology Transfer — Role of Intellectual Property” (“Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati”) mavzusida OTTTMning mintaqaviy seminari oʻtkaziladi.

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?