Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda fotoelektr stansiyasi qurilishi loyihasini qoʻllab-quvvatlaydi

10:57 19 Avgust 2019 Jamiyat
78 0

Illyustrativ foto

Yaqinda Energetika vazirligida OTB bilan davlat-xususiy sherikchiligi (DXSH) shartlari asosida umumiy quvvati 1000 MVt gacha boʻlgan hamda taxminiy loyiha qiymati 800 mln. AQSH dollariga teng bir qator fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha maslahat xizmatlarini koʻrsatishga doir bitim imzolandi. Kamida 100 MVt quvvatli fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha birinchi sinov loyihasini amalga oshirish joyi sifatida (ushbu bitimga koʻra) Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani tanlangan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

OTB ushbu bitimga muvofiq, maslahatchi sifatida ish yuritadi, loyihaning konsepsiyasi, moliyaviy modeli, loyihaviy-baholash hujjati (TEO), elektr energiyani xarid qilish toʻgʻrisidagi bitim(RFQ) tayyorlanishini tashkillashtiradi hamda energetika sohasidagi yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda xalqaro tenderni oʻtkazadi.

Ushbu loyiha Energetika vazirligi tomonidan OTB, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, DXSH rivojlantirish agentligi koʻmagida va muvofiqlashtirilishi yordamida amalga oshiriladi. Loyiha amalga oshirilishining boshlanishi 2021-yilga moʻljallanmoqda.

Surxondaryo viloyatida fotoelektr stansiyasini qurish toʻgʻrisidagi bitim shu yilning 18-iyulida energetika sektorini isloh qilish boʻyicha oʻtkazilgan davra suhbati davomida imzolangan edi. Ushbu uchrashuvda xalqaro tashkilotlar va yirik xorijiy kompaniyalarning 150 nafardan ziyod vakillari ishtirok etdi. Davra suhbati davomida taʼkidlandiki, investitsiyalarning eng yirik hajmi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish uchun zarur. Rejaga koʻra, umumiy quvvati 15 GVt.ga teng yangi elektr stansiyalarning moʻljallanayotgan hajmi 17,3 mlrd. dollarga teng toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga barpo etiladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, hozirgi paytda Navoiy viloyatida Xalqaro moliyaviy korporatsiya (XMK) tomonidan amalga oshirilayotgan quvvati 100 MVt.ga teng boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha loyiha yuzasidan tender taomillari muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda. 25 dan ziyod yetakchi xorijiy kompaniyalar tenderda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Tender gʻolibi bilan joriy yilning oxirida DXSH toʻgʻrisida bitim tuzilishi moʻljallanmoqda.

XMK ning tender taomillarini oʻtkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash boʻyicha tajribaga ega ekanligini hisobga olgan holda, boshlangʻich bosqichda korporatsiya tomonidan yirik energetik loyihalar amalga oshirilishini faol qoʻllab-quvvatlashi zaruriyati sezilmoqda.

2030-yilgacha DXSH boʻyicha qator yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda ularning asosiy qismi qayta tiklanadigan energiya manbalari (QEM) ga toʻgʻri keladi. Shu jumladan, respublikaning bir nechta hududida quvvati 5 GVt. gacha boʻlgan fotoelektr stansiyalari va quvvati 1,7 GVt. ga teng shamol elektr stansiyalari, shuningdek, Sirdaryo viloyatida quvvati 2,6 GVt. ga teng issiqlik elektr stansiyalari qurilishi boʻyicha loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Sanab oʻtilgan loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishga sarflanadigan xarajatlarning asosiy qismi XMK tomonidan, shu bilan birga, byudjet hisobidan toʻlanadigan xarajatlarning bir qismi tender gʻolibi tomonidan qoplanadi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi qarori bilan belgilangan energetika sohasini isloh qilish boʻyicha vazifalardan kelib chiqib, xalqaro moliya institutlari (XMI) ularni, ayniqsa, xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali, shu jumladan, XDSH mexanizmi vositasida amalga oshirishda texnik va moliyaviy yordam koʻrsatmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?