Osiyo oʻyinlari. Sambodagi oltin sabab Oʻzbekiston umumiy reytingda beshinchi oʻrinni naqd qildi

16:23 01 Sentyabr 2018 Sport
425 0

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida boʻlib oʻtayotgan Osiyo oʻyinlari Oʻzbekiston terma jamoasi navbatdagi medallarini qoʻlga kiritdi.

Sambo boʻyicha musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekistonning 4 nafar vakilidan ikki nafari medallarga ega chiqishdi.

Ayol sambochilar oʻrtasidagi bahslarda -68 kg vazn toifasidagi Nilufar Davletova avvaliga livanlik Suellen Silvani 4:0 hisobida, nimchorak finalda tailandlik Titapa Junsukplungni 4:0, chorak finalda indoneziyalik Amanda Mutiarani 4:0, yarim finalda qozogʻistonlik Dinara Kudarovani 4:0 hisoblarida magʻlub etib, finalga chiqdi. Finalda esa u qozogʻistonlik Dildash Kurishbayevaga qarshi gilamga chiqib, 0:3 hisobida yutqazib qoʻydi va kumush medal bilan kifoyalanadigan boʻldi.

Erkaklar oʻrtasida -90 kg vazn toifasida qatnashgan Kamoliddin Xolmurodov nimchorak finalda yaponiyalik Sato Yosukini 3:0, chorak finalda eronlik Iraj Amirxanini 4:0, yarim finalda tojikistonlik Komronshoh Ustorpiyonga qarshi gilamga chiqqan Xolmurodov 3:0 hisobida gʻalabaga erishib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

U finalda tojikistonlik boshqa bir vakil Umed Hasanboyevga qarshi jang qildi va 3:0 hisobida gʻalaba qozonib, Oʻzbekiston hisobiga 21-oltin medalni olib keldi.

Aynan mana shu oltin medal umumiy reytingda Oʻzbekiston delegatsiyasi jami 70 medal bilan (21 oltin, 24 kumush va 25 bronza) beshinchi oʻrinni mustahkamlashiga sabab boʻldi. Endi soʻnggi kundagi natijalar qanday boʻlishidan qatʼiy nazar Eron terma jamoasi 5-oʻringa koʻtarila olmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?