Osiyo oʻyinlari. Oʻzbekistonlik ikki bokschi yarim finalga yoʻllanma oldi

12:21 28 Avgust 2018 Sport
248 0
Foto: MOQ

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan Osiyo oʻyinlarining boks musobaqalarida Oʻzbekiston terma jamoasining ikki vakili yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

-52 kg vazn toifasidagi qatnashayotgan Jasurbek Latipov chorak final bosqichida indoneziyalik Suguro Aldomsga qarshi jang qildi va gʻalaba qozondi. Hakamlar qaroriga koʻra, Latipov 4:1 (30:27, 30:27, 28:29, 29:28, 30:27) hisobida zafar quchib, yarim finalga yoʻl oldi.

Latipov endi 31 avgust kuni qirgʻizistonlik Azat Usenaliyevga qarshi jangda final yoʻllanmasi uchun ringga chiqadi.

Musobaqada -60 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Shunqor Abdurasulov chorak final jangini qirgʻizistonlik Qodirbek Argen uluga qarshi oʻtkazdi va u ham gʻalabaga erishdi.

Abdurasulov raqibini 3:2 hisobida magʻlub etib, yarim finalga yoʻl oldi. Shunqor endi yarim finalda tailandlik Juntrong Rujakranga qarshi ringga chiqadi. Mazkur uchrashuv 31 avgust kuni boʻlib oʻtadi.

Bugun shuningdek -69 kg vazn toifasidagi Bobousmon Baturov chorak final jangini oʻtkazadi. Baturov janubiy koreyalik Lim Hyun Chulga qarshi ringga koʻtariladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?