Osiyo moʻjiza daraxti Yevropa texnologiyasi asosida Oʻzbekiston sharoitiga moslashtiriladi

14:03 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
68 0

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimida Bolgariyaning “Paulownia BG” kompaniyasi menejeri Jan Duralov va boʻlim raisi Abdurazak Mirzayevlar oʻrtasida Oʻzbekistonda birinchi pavlovniya plantatsiyasini yaratish boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, pavlovniyaning tarixiy vatani Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo boʻlib, J.Duralov oʻn yildan ortiq vaqtdan buyon moʻjizaviy daraxtni yetishtirish bilan shugʻullanadi. U oʻzining texnologiyasini ishlab chiqib daraxtni Bolgariya sharoitiga muvaffaqiyatli moslashtirdi. Soʻng 2017-yilda Qirgʻizistonning “Social Tree” kompaniyasiga Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʻlib Qirgʻizistonning Issiqkoʻl viloyatida pavlovniya plantatsiyasini tashkil etishga yordam berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari va yetakchi olimlaridan iborat delegatsiyasi joriy yilning sentyabr oyi boshlarida qoʻshni Qirgʻiziston respublikada ikki mamlakat Fanlar akademiyalari tomonidan tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etishgan chogʻida ushbu plantatsiyani koʻrishgan edi.

Boʻlim raisi A.Mirzayev sentyabr oyining ikkinchi yarmida yana Qirgʻizistonga tashrif buyurib, J.Duralov bilan uchrashdi va unga Navoiy boʻlimining “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot stansiyasi” davlat unitar korxonasi balansidagi Nurota tumanidagi 600 gektarli lalmi yerlaridan bir qismida pavlovniya plantatsiyasini yaratish loyihasini taqdim etdi hamda Oʻzbekistonga taklif qildi.

Bolgariyadan kelgan mehmonning soʻzlariga koʻra, pavlovniya — bu oddiy oʻsimlik, ammo uni yetishtirish uchun malakali parvarish talab etiladi. U quyosh nuri koʻp tushadigan joylarda oʻsadi, shuning uchun u Oʻzbekistonda mukammal ildiz otishi kerak. Oʻsimlikning rivojlanishi uchun zarur boʻlgan issiqlik miqdorini hamda havo va tuproqning oʻrtacha kunlik haroratining yigʻindisi sifatida tavsiflovchi Growing Degree Days koʻrsatkich Navoiy viloyatida 2814 ni tashkil etadi. Bu Bolgariyaga nisbatan 1,6 — baravar, Issiqkoʻlga qaraganda 2,8 — baravar koʻp darajadan oshiqroq boʻlib, doimiy va oʻrtacha sugʻorish, oʻgʻitlash ham bu masalada katta ahamiyatga egadir.

Shu asnoda, uchrashuv qatnashchilari loyihani Nurotada muvaffaqiyatli amalga oshirish tadqiqotchilar va tajribali fermerlarning ishtirokida daraxtni muayyan sharoitlarga moslashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishni talab qiladi degan fikrga kelishdilar.

Loyiha tafsilotlarini muhokama qilish jarayonida tomonlar Bolgariya kompaniyasi tomonidan pavlovniya koʻchatlari va Isroilda ishlab chiqariladigan tomchilatib sugʻorish tizimini yetkazib berish toʻgʻrisida kelishib oldilar. Shuningdek, “Paulownia BG” kompaniyasi pavlovniya plantatsiyasini yaratish uchun barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etishi muhokama qilindi. J.Duralov daraxtlarni ekishda shaxsan qatnashadi, agar kerak boʻlsa uning oʻsishi davrida maslahat beradi, besh yil davomida Oʻzbekistonga har 15-30 kunda bir marta keladi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda moʻjiza daraxtini yetishtirish boʻyicha tajribaga ega boʻlgan Qirgʻizistonning “Social Tree” kompaniyasi vakillari ham oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashadi.

Muzokaralar yakunida ishtirokchilar Nurota tumanida Navoiy boʻlimining “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot stansiyasi” DUK balansidagi yerlarni borib koʻrishdi va Oʻzbekistonda birinchi pavlovniya plantatsiyasi uchun 50 gektar yerni belgilab olishdi. Shunga koʻra, yetishtirilgan daraxtlarning asosiy qismi yogʻoch tayyorlash uchun, maʼlum bir qismi pelletlar va hayvonlarga barglaridan ozuqa olish uchun ishlatiladi.

Kelgusida loyihaning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “Pavlovniya” Markazini tuzish rejalashtirilgan boʻlib, u yerda pavlovniyadan olinadigan imkoniyatlar taqdimoti oʻtkaziladi va manfaatdor fermerlar uchun maslahatlar beriladi. Pavlovniya plantatsiyasi yonida qurilish materiallari, chorva mollari uchun granulali ozuqa va mebel ishlab chiqarish sexlari quriladi. Bular barchasi pavlovniya klasterini tashkil etish uchun asos boʻladi.

J.Duralov Oʻzbekistonga tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati bilan ham uchrashdi va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Fevzi ISTABLAYEV, FA Navoiy boʻlimi matbuot kotibi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?