Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolarini Yevropaga oʻtkazib qoʻyishga yordam berib kelayotgan jinoiy toʻda qoʻlga olindi

10:42 21 Avgust 2019 Jamiyat
162 0

Moldovada Osiyo mamlakatlari fuqarolarini soxta hujjatlar bilan Yevropa Ittifoqi chegarasiga oʻtkazib qoʻyishga yordam berib kelayotgan noqonuniy migratsiya tarmogʻi fosh etildi. Bu haqda ushbu mamlakat Korrupsiyaga qarshi kurashish idorasiga tayanib Nokta nashri xabar berdi.

Manbaga koʻra, uyushgan jinoiy guruhga Moldaviyaning ikki fuqarosi boshchilik qilgan. Ulardan biri sobiq chegara politsiyasi xodimidir.

Qingʻir ish bilan shugʻullangan ushbu guruh Osiyo mamlakatlari fuqarolarini vaqtincha yashash joy bilan taʼminlagan. Ayni chogʻda shaxsni tasdiqlovchi qalbaki hujjatlar bergan hamda Prut daryosi orqali Ruminiya tomoniga oʻtkazib qoʻygan.

Mazkur xizmatlar uchun ular har bir muhojirdan 2000 yevrodan olgan. Pullar Ruminiya hududida toʻlangan.

Chegara politsiyasi va xavfsizlik organlari tomonidan birgalikda oʻtkazilgan amaliyot chogʻida davlat chegarasining yashil sektorida Ruminiya va YEIga chegaradosh joy yaqinida uyushgan guruh ushlandi, shuningdek, noqonuniy yoʻl bilan Yevropa Ittifoqiga oʻtishni moʻljallagan xorij fuqarolari aniqlandi.

Chet elliklar 20-35 yosh atrofida boʻlib, Bangladesh va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ekanligi maʼlum boʻldi.

Jinoiy guruhga aloqador boshqa moldaviyaliklar 72 soat ichida qoʻlga olingan.

Tergov natijasida ayrim fuqarolarga bir qator, jumladan, YEI mamlakatlariga kirish taqiqlangani ham ayonlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?