Osiyo chempionatida Yekaterina Voronina va Nadiya Dusanova oltin, Svetlana Radzivil bronza medalni qoʻlga kiritdi

10:26 24 Aprel 2019 Sport
399 0

Qatar poytaxti Doha shahrida oʻtkazilayotgan yengil atletika boʻyicha Osiyo chempionatida terma jamoamiz vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda.

23 aprel kuni oʻtkazilgan bahslarda ham 3 nafar sportchimiz sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Yetti kurash yoʻnalishi boʻyicha bahslarda ishtirok etgan vakilimiz Yekaterina Voronina 6198 ball jamgʻarib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻringa vakilamizdan 205 ball kam toʻplagan hindistonlik S.Barman sazovor boʻlgan boʻlsa, uchinchi oʻrin 5829 ochko jamgʻargan xitoylik Q.Vangga nasib etdi.

Balandlikka sakrash bahslarida esa mahoratli atletlarimiz Svetlana Radzivil va Nadiya Dusanova medal uchun bahsga kirishdilar. Bu safar omad Nadiyaga kulib boqdi. U 1,90 metrlik balandlikni zabt etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Svetlana esa 1,88 metr natija bilan bronzaga sazovor boʻldi. Ikkinchi oʻrin Radzivil bilan bir xil natija koʻrsatgan, biroq urinishlardan unumli foydalanish boʻyicha ustunlikka eshirgan qozogʻistonlik Nadejda Dubrovskaya nasib etdi.

Ushbu uchlik Indoneziyaning oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida ham oʻzaro bellashishgan boʻlib, Svetlana Radzivil birinchi (1,96 ), Nadiya Dusanova (1,94) ikkinchi va Nadejda Dubrovskaya (1,84) uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Eslatib oʻtamiz, yana bir yurtdoshimiz Ruslan Qurbonov ushbu musobaqaning uch hatlab sakrash boʻyicha bahslarida oltin medalga sazovor boʻlgan edi.

Qitʼa birinchiligida hozirlikcha 3 ta oltin va 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritgan jamoamiz, umumjamoa hisobida kuchli beshlikdan oʻrin egallab turibdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?