Oʻsimlik yogʻi, goʻsht va boshqa isteʼmol mahsulotlarining narxi pasayishi mumkin

13:23 14 Oktyabr 2020 Jamiyat
1850 0

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev shunday deb yozadi:

— Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va isteʼmol bozorida narxlarning barqarorligini taʼminlash maqsadida Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Yangi qoʻshimchaga asosan, 2020-yil 15-oktyabrdan boshlab 2021-yil 1-yanvargacha muddatga Oʻzbekiston Respublikasiga shakar va shakar xom ashyosini olib kirish, shuningdek uni realizatsiya qilish aylanmalari;

2021-yil 1-iyulgacha muddatga Oʻzbekiston Respublikasiga kartoshka, oʻsimlik yogʻi, goʻsht (mol goʻshti, qoʻy goʻshti, tovuq goʻshti va boshqalar), hayvonlarni (qoramol va parranda) tirik holda va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalari qoʻshilgan qiymat soligʻidan (NDS) ozod qilish koʻzda tutilgan.

Bu tartiblar chetdan mahsulot olib kirish bilan birga ichki bozorda shu bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarimiz uchun ham qoʻllanishi koʻzda tutilmoqda. Shu sababli qonun loyihasi matni keyingi oʻqishlarda tahririy jihatdan oʻzgartirildi.

Bu oʻz oʻrnida bozorlarda oshib borayotgan oʻsimlik yogʻi, goʻsht va boshqa isteʼmol mahsulotlarining narxi pasayib, barqarorlashishiga olib kelishi zarur.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Loyihani shu hafta soʻnggida kutilayotgan Senat yalpi majlisiga kiritish rejalashtirilgan.

Ushbu qonun loyihasi deputatlar K. Ernazarov, M. Qurbonboyev, A. Umirov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?