Ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish — hayotiy zarurat

11:44 13 Mart 2018 Jamiyat
647 0

O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasining yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg’armasi faollarining mamlakatimiz aholisiga Murojaatida ilgari surilgan to’y-ma’rakalarni ixcham o’tkazish, dabdababozlik hamda isrofgarchilikka barham berishga oid masalalar ko’rib chiqildi.

Qayd etilganidek, keyingi paytlarda to’ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag’ishlangan tadbirlarni o’tkazishda o’zini ko’z-ko’z qilish, haddan ziyod isrofgarchilikka yo’l qo’yish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko’zga tashlanmoqda. Achinarlisi, to’y-hashamlar bilan bog’liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, jamiyatimizdagi ma’naviy muhitning buzilishiga olib kelayapti.

Fraktsiya a’zolari bu boradagi muammolarni tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish orqali bartaraf qilish vaqti kelganini ta’kidladilar. Ayni chog’da to’y marosimlarini o’tkazishning qat’iy me’yor hamda mezonlarini belgilash va uni amalga oshirish yuzasidan jamoatchilik nazoratini o’rnatishning aniq mexanizmlarini yo’lga qo’yish zarurligi aytib o’tildi. Bu esa, deputatlarning fikricha, jamiyatda ijtimoiy adolat hamda ijtimoiy tenglik tamoyillarining qaror topishiga, aholi orasida keskin tabaqalanishning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Muhokamalarda to’y-ma’rakalarni yuksak ma’naviy mezonlarga munosib tarzda o’tkazish, belgilangan me’yorlarga qat’iy rioya etish borasida jamoatchilik fikrini shakllantirish va targ’ibot, tushuntirish ishlarining samaradorligi hamda ta’sirchanligini yanada kuchaytirishga har bir deputat mas’ul ekanligiga urg’u berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan deputatlarning partiya pozitsiyasidan kelib chiqadigan fikr-mulohazalari tinglandi va fraktsiyaning nuqtai nazari belgilab olindi.

Ziyoda ASHUROVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?