Orqa yon oynani tonirovka qilish narxi arzonlashtirildi

20:24 09 Oktyabr 2020 Hujjatlar
316 0

Avtomobillarning orqa yon oynasini tonirovka qilish narxi arzonlashtirilib, BHMning 5 baravari etib belgilandi. Orqa va old yon oynalar boʻyicha tusini oʻzgartirish toʻlovi miqdori esa avvalgidek saqlanib qoldi

Hukumatning 9-oktyabrdagi tegishli qarori bilan tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish boʻyicha ayrim oʻzgarishlar kiritildi.

Jumladan, M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 mln 115 ming soʻm) etib belgilandi. Bunga qadar ushbu miqdor BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming soʻm) edi.

Yuridik shaxslarga orqa yon oynani qoraytirish uchun toʻlov miqdori oʻzgarmagan — BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming soʻm).

Shuningdek, orqa va old yon oynalar boʻyicha tusini oʻzgartirishning toʻlovi miqdori ham avvalgidek saqlanib qoldi, yaʼni jismoniy va yuridik shaxslar uchun BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming soʻm) miqdorini tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?