Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir “hunarmandlar”

18:30 17 May 2019 Jamiyat
538 0

Yurtimizda hunarmandchilikni rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchilarga yanada qulay sharoit yaratish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻplab yengilliklar berilgan.

Quvonarlisi, Buxoroda ham soliq qonunchiligiga rioya etgan holda iqtisodiyotimiz yuksalishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan hunarmandlar safi tobora kengaymoqda.

Birgina misol. 2019 yil 1 may holatida viloyatda “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 1800 nafarga yetdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 700 taga koʻpdir. 2018 yil davomida viloyatimizda faoliyat olib borayotgan hunarmandlarga qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha 1 milliard 500 million soʻm miqdorida imtiyoz qoʻllanilgan. 2019 yilning oʻtgan davrida esa soliq imtiyozi tufayli viloyat hunarmandlari ixtiyorida 660 million soʻmdan ortiq mablagʻ qoldi.

Afsuski, sholi kurmaksiz boʻlmas ekan.Gap shundaki, hunarmandchilikka hech qanday aloqasi boʻlmasa-da “Hunarmand” uyushmasi aʼzoligiga kirib, soliq imtiyozlaridan foydalanib qolishga urinayotganlar uchramoqda.

Buxoro shahrida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar chogʻida ana shunday uchar tadbirkorlarning bir nechtasini uchratdik.

Aniqrogʻi, tahlil qilinganda, baʼzi “usta”larning mashgʻuloti tadbirkorlik guvohnomasidagi faoliyat turiga mos kelmasligi maʼlum boʻldi.

Ustaxonasi yoʻq hunarmand ham boʻladimi?

“Toqi telpakfurushon” majmuasida oʻtkazilgan profilaktik nazorat tadbirida qonunga zid tarzda ishlayotganlarning ancha –munchasi aniqlandi. Xususan, hujjatda “milliy liboslar tayyorlash” faoliyati bilan shugʻullanuvchi hunarmand deb koʻrsatilgan Ilhom Ahmedov oʻz doʻkonida qizlari bilan hunarmandchilik buyumlari emas, balki ishlab chiqaruvchilarning tayyor mahsulotlari bilan savdo qilmoqda. Shu kuni ular oʻzlarini har qancha hunarmand ekanliklarini isbotlashga urinmasinlar, xatti-harakatlari buning aksini koʻrsataverdi. Misol uchun, milliy liboslar tayyorlash sexini koʻrsatishlarini soʻraganimizda ota-bolalarning paytavasiga qurt tushdi. Achinarlisi, ular tomonidan koʻrsatilgan tikuv sexida va almisoqdan qolgan tikuv mashinasida ishlashning hech iloji yoʻqligi kunday ravshan edi.

- Mahsulotlarimizni asosan qoʻshnilarimiz tayyorlab berishadi, qizlarim esa ularni “Toqi telpakfurushon” majmuasidagi doʻkonimizda sotishadi, - deydi Ilhom Ahmedov. – Toʻgʻrisini tan olishim kerak, hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qiluvchi ham soliq imtiyoziga ega deb oʻylagandim. Davlat soliq xizmati xodimlarining profilaktik suhbatlaridan tushundimki, ushbu imtiyozdan faqat hunarmandlarning oʻzlari foydalana olarkanlar. Eng asosiysi, faoliyatimni zudlik bilan qonuniylashtirib, farzandlarimni yollanma ishchi sifatida ishga qabul qilsam, ularning kelgusidagi pensiya taʼminoti uchun ham yaxshi boʻlarkan.

“Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlib, faoliyat koʻrsatayotgan Ilhom Axmedovning bankda hisob raqami bor yoki yoʻqligi bilan qiziqdik. Aslida davlat roʻyxatidan oʻtgan har bir hunarmand hisob raqami ochish uchun banklarga murojaat qilishi kerak. Biroq, bu xizmatlar bepul amalga oshirilsa-da, uning hisob raqami mavjud emas.Hatto nazorat kassa mashinasi ham yoʻq.

Ushbu holat aslida gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar tayyorlash faoliyati bilan shugʻullanishi uchun “Hunarmand” uyushmasi aʼzoligiga kiritilgan Mastura Egamovaning ham faoliyatida kuzatildi. Uning Toqi telpakfurushon majmuasidagi savdo doʻkonida turmush oʻrtogʻi Yunus Egamov ham savdo faoliyati bilan shugʻullanyapti. Biz bu yerdagi gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlardan tashqari hunarmandchilik mahsulotlarini koʻzdan kechirib, ulardan aynan qaysi birini oʻzlari tayyorlaganliklarini va hunarmandchilik ustaxonalarini soʻradik.Afsuski, ushbu savollarimizga ular tayinli javob bera olmadilar.

Ana shunday koʻzboʻyamachilik yoʻli bilan “Hunarmand” uyushmasining aʼzoligini olib, qatʼiy belgilangan soliq hamda yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashda imtiyozni qoʻlga kiritgan Raʼno Rahmonova uchun davlat soliq xizmati xodimlarining profilaktik suhbati foydali boʻldi.

R.Rahmonova bu bilan uzoqqa bora olmasligini va faoliyatini qonuniylashtirib qoʻysa, imkoniyatlari yanada kengayishini tushunib, shu kunning oʻzida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish faoliyat turi boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtdi.

Soliqlarga birovning haqi deb qarashimiz kerak

Toqi telpakfurushon majmuasida oʻtkazilgan profilaktik tadbir kunida qiziq bir holatga duch keldik. Oʻzini hunarmand deb tanishtirgan Istat Yaxshiyeva savdoga qoʻyilgan mahsulotlarni oʻz qoʻli bilan tayyorlaganiga bizni ishontirmoqchi boʻldi. Ammo,otasi Ermat Yaxshiyevning soʻzlari uning fikrlarini butunlay inkor qildi.

-Viloyatimizning Shofirkon va Navoiy viloyatining Nurota tumanlarida hunarmandchilik sexlarimiz bor, - deydi Ermat Yaxshiyev. – Mazkur sexlarda 50 ga yaqin xotin-qiz qoʻlda asosan soʻzana va gilamlar toʻqiydi.Ularning bajargan ishiga qarab, ogʻzaki kelishuvga koʻra oyiga 500 ming soʻmgacha haq toʻlaymiz.

Koʻrinib turibdiki, u soliqdan qochish maqsadida “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan. Bu ham yetmagandek joylarda yashirin sexlar tashkil qilgan, koʻplab fuqarolarga “konvert” usulida haq toʻlayapti.

Haqiqiy hunarmandlar esa faoliyat turidan kelib chiqqan holda 5 nafardan 10 nafargacha shogirdni yollab ishlatib, ularga rasmiy ravishda maosh berishyapti.

Ana shunday hunarmandlardan biri Baxtiyor Kenjayevning suhbatga tortdik.

- Negadir hunarmandlarga berilgan soliq imtiyozlaridan koʻzboʻyamachilik qilib, foydalanishga urinayotganlar koʻpayib bormoqda,-deydi u. – Qariyb 40 yildan beri gilamchilik bilan shugʻullanib kelaman. Hukumatimizga rahmat, bizga berilgan yengilliklar tufayli oʻgʻillarim, kelinlarim va nevaralarim ham shu kasb etagidan tutishdi. Hunarning osoni yoʻq.Biz barcha jarayonlarni oʻz qoʻlimiz bilan bajaramiz. Berilgan yengillik va soliq imtiyozlarini ana shu mashaqqatli ishlarimiz uchun mukofot deb bilaman. Shunday ekan, oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir bunday kishilarning ishlarini toʻgʻri deb oʻylamayman. Negaki, soliqlarga ham birovning haqi deb qarashimiz kerak. Oʻzganing haqiga esa xiyonat qilinmaydi.

- Men tayyorlagan mahsulotlarni Buxoromizning eski shahar qismidagi koʻpchilik tadbirkorlar sotib olishadi, - deydi yana bir suhbatdoshimiz Axtam Subhonov. – Oʻz ijodiy ishlarimni asosan, Abdulazizxon madrasasidagi ustaxonamda tayyorlayman. Bu ishlarda oʻgʻlim yordam beradi. U ham kelajakda menga oʻxshab hunarmand boʻlmoqchi.

Fikrimizcha, ana shunday “usta – shogird” anʼanasi izchil davom etsa, “Hunarmand” uyushmasi mutasaddilari bu tashkilot aʼzoligiga qabulda jinday eʼtiborliroq boʻlishsa biz yuqorida misol tariqasida keltirgan noxush holatlar barham topadi.

Taʼkidlash kerak, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, ishbilarmonlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda, ular uchun koʻplab imtiyoz va yengilliklar berilmoqda. Biroq, ana shu imkoniyatlarga qaramay ayrim tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliqlardan qochish holatlari kuzatilayotgani achinarli.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan hunarmandlar uchun berilgan soliq imtiyozlaridan noqonuniy ravishda yaʼni, oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanayotgan fuqarolarga 10 kun muddatda faoliyatlarini qonuniylashtirib qoʻyishlari boʻyicha ogohlantirish xatlari berildi.

Bahodir Fayziyev,

Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?