Oromgohlardagi bolalarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish koʻnikmalari oshirilmoqda

11:07 21 Iyun 2019 Jamiyat
159 0

Xushhavo tabiat qoʻynidagi statsionar va kunduzgi bolalar oromgohlarida bolajonlarning shodon qiyqirigʻi-yu oʻyin kulgisi tutgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi FVV YOXBB xabar bermoqda.

Mamlakatimizdagi yozgi bolalar oromgohlarida bolalarning miriqib hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish bilan birga bu yerlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shu jumladan yongʻin xavfsizligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa statsionar oromgohlar shahar, tuman markazlaridan olisroqda va togʻlik hududlarda joylashganligi uchun ushbu joylarda xavfsizlik va yongʻin xavfsiziligini, turli holatlarda bolalarni zudlikda evakuatsiya qilish ishlari, uning mustahkam qoʻriqlanishini taʼminlash asosiy oʻrinlardan biriga aylanadi.

Bu ishlarni bajarishda oromgohlarning rahbarlari, mutasaddilari va ushbu joylarga mavsumda masʼul etib biriktirilgan turli idora, tashkilotlarning rahbarlari, xodimlari, mutasaddilari, ishchi-xizmatchilarining masʼuliyati, javobgarligini yanada oshirilishiga sabab boʻladi.

Shu munosabat bilan, har yili oromgohlarga Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmat xodimlari biriktirilib, ular ushbu obyektlarda xavfsizlik, oromgohlarga biriktirilgan ishchi xizmatchilar tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etishlarini, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish tartiblarini bilishlarini, oromgoh hududi va xonalarida yongʻinga qarshi rejim saqlanayotganligini hamda mustahkam qoʻriqlanishini taʼminlash maqsadida tun-u kun navbatchiligi tashkil etilib kelinadi.

Bundan tashqari, mavsum davrida esa bolalarni sogʻlomlashtirish va dam oldirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, unda Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati xodimlari boshqa taalluqli vazirlik va idoralar vakillari bilan hamkorlikda doimiy ravishda barcha oromgohlarning xavfsizlik holati va bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganilib boriladi.

Bu ishlarning samarasini yanada oshirish maqsadida oromgohlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan koʻrgazmali targʻibot materiallari hamda maxsus texnikalar yordamida bolalar bilan turli uchrashuvlar, tushuntirish ishlari, viktorinalar, koʻrik tanlovlar va davra suhbatlari oʻtkazib kelinmoqda. Bu esa oʻz navbatida yosh avlodni yongʻin-qutqaruv sohasiga qiziqtirish, ularni favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga oʻrgatish, yongʻin xavfsizligi qoidalarini oʻzlashtirishlariga, maxsus texnikalarning taktik imkoniyatlari, jihozlarining vazifalari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishlariga zamin yaratmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?