Orolning qurigan tubining 1,2 mln. gektar maydonida choʻlga chidamli urugʻlar ekildi

19:32 21 Iyul 2020 Jamiyat
484 0

2020-yil 21-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining videokonferensiya shaklidagi navbatdagi yigʻilishida Vazirlar Mahkamasining 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020-yil birinchi yarim yilligida bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisoboti atroflicha muhokama etildi.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, bugun insoniyatni sinovdan oʻtkazayotgan COVID-19 dunyoning barcha davlatlarini yil avvalida tuzgan rejalarini qaytadan koʻrib chiqishga, kerak boʻlsa jiddiy oʻzgartirishlar kiritishga majbur qilmoqda. Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan oʻz vaqtida koʻrilayotgan amaliy choralar tufayli iqtisodiy oʻsish taʼminlanayapti. Bunda albatta, aynan pandemiya davrida davlat rahbari tomonidan qabul qilingan qator farmon va qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi muhim oʻrin tutdi. Bunga deputatlar yaqinda bevosita joylarga chiqqan holda oʻtkazgan oʻrganishlari davomida ham bevosita guvoh boʻldilar.

Hisobotda keltirib oʻtilganidek, Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosini taʼminlashda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Davlat dasturi ijrosi doirasida umumiy qiymati 18,2 trln soʻm va 10,3 mlrd AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar Davlat byudjeti ijrosiga taʼsir koʻrsatdi. Davlat byudjetining jami xarajatlari 64,9 trln soʻmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 34,7 trln soʻmni tashkil qildi. Ushbu xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga oshgan. 

Muhokamalar chogʻida fraksiya aʼzolari e Davlat dasturida aynan ekologik yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratdilar. Davlat dasturiga muvofiq Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida bugungi kunda Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida 6,4 km “yashil belbogʻ” barpo etilgan.

2020-yil oʻtgan davrida 115 ta loyiha doirasida 182,2 km kollektor-drenaj tarmoqlarida qurish va rekonstruksiya qilish ishlari, 4643,8 km uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilgan.

Orolning qurigan tubining 1,2 mln ga maydonida choʻlga chidamli urugʻlar ekildi, koʻchatlar oʻtqazildi.

Fraksiya aʼzolari bajarilgan ishlar salmogʻini eʼtirof etgan holda, Davlat dasturining ayrim bandlarida koʻzda tutilgan ishlarning kechikayotganiga eʼtibor qaratdilar. Jumladan, resurs soliqlarini hisoblash mexanizmini ilgʻor xalqaro tajriba asosida qayta koʻrib chiqib, foydalanilgan suv resurslarini soliqqa tortishning bozor mexanizmlarini joriy etish hamda hozirda eng dolzarb masala boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini kuchaytirish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarni yangilash boʻyicha ishlar kechikmoqda.

Deputatlar tomonidan Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda hukumat va parlamentning hamkorligi muhim ekani, kelgusida Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan takliflarni ilgari surdilar. Bunda ayniqsa, qonun ijodkorligi yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Fraksiya yigʻilishida Hukumat taqdim etgan hisobot maʼqullandi hamda ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?