Orolni qutqarish mumkinmi?

10:41 15 Oktyabr 2018 Jamiyat
1165 0

Samarqandda tashkil etiladigan xalqaro forumda ana shu dolzarb masala koʻrib chiqiladi.

Ozarbayjon, Yaponiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Turkmaniston Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekistondan 100 dan oshiq delegat, jumladan, siyosatchilar, xalqaro va hududiy tashkilotlar vakillari, olimlar 2018 yilning 16-18 oktyabr kunlari Orol dengizi havzasida mustahkam boshqaruv va ijtimoiy barqarorlikka erishish uchun innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish maqsadida Samarqandga yigʻiladilar. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Orol dengizining qurib qolgani jahondagi eng xavfli ekologik fojialardan biri hisoblanadi. Uning oqibatlari atrof-muhit darajasidan-da tashqariga chiqqan, uning taʼsiri mazkur hududda va uning atrofida yashovchi millionlab odamlarning hayotiga taʼsir koʻrsatmoqda. Odamlar tuz va chang boʻronlaridan aziyat chekmoqdalar, biologik unumdorlik va bioxilma-xillik pasaymoqda, ekotizim holati, suv taʼminoti yomonlashmoqda, odamlarning salomatligi xatar ostida, iqlim oʻzgarganligi sababli iqtisodiy jihatdan yoʻqotishlar kuzatilmoqda.

Markaziy Osiyodagi mazkur muammo bugungi kunga kelib xalqaro darajada hal etilishi lozim boʻlgan masalaga aylandi, buning uchun fojia oqibatlarini yumshatish hamda Orol dengizi havzasining barqaror rivojlanishini taʼminlash zarurati tugʻildi.

Orol dengizi muammosidan aziyat chekkan davlatlardan biri Oʻzbekiston ekanligini eʼtiborga olib, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion usullar yordamida mahalliy hamda xalqaro mutaxassislarni jalb etgan holda mazkur dolzarb muammoni hal etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Shu munosabat bilan ham Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Shoʻrxok tuproqli hududlardagi qishloq xoʻjaligi xalqaro markazi (ICBA), Samarqand davlat universiteti tomonidan “Orol dengizi havzasida mustahkam boshqaruv va ijtimoiy barqarorlikka erishish uchun innovatsion yondashuvlar” Xalqaro forumi tashkil etildi. Uch kun davomida boʻlib oʻtadigan tadbir Islom taraqqiyot banki (ITB), Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Qurgʻoq yerlarda tadqiqotlar va taʼlim xalqaro platformasi (IPDRE), AQSHning Xalqaro rivojlanish boʻyicha agentligi (USAID), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan moliyalashtiriladi.

Forum ishtirokchilari hududda yashovchi aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, suv resurslarini muhofaza qilish, aholi daromadini oshirish maqsadida innovatsion gʻoyalar, ilmiy izlanishlar, yangi texnologiyalar va siyosiy choralarni tatbiq etish boʻyicha fikr almashadilar, tajribalari bilan oʻrtoqlashadilar. Ular, shuningdek, suv resurslarini kompleks boshqarish, suv resurslari haqidagi maʼlumotlar bilan almashinish, suv va tuproqni shoʻrsizlantirish va tozalash boʻyicha aniq tavsiyalar ishlab chiqadilar, bunda mahalliy aholining qurgʻoq yerlarda suv resurslarini boshqaruvi boʻyicha tajribalari va ehtiyojlari eʼtiborga olinishi nazarda tutilgan.

Forumga tayyorgarlik koʻrish asnosida boʻlib oʻtgan qator uchrashuvlar davomida tomonlar fikr almashisharkan, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov: “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda Orol dengizi hududidagi muammolarni hal etishga alohida eʼtibor qaratyapti. Oʻz navbatida Innovatsion rivojlanish vazirligi aholimiz duch kelayotgan keng miqyosli muammolarni bartaraf etishning ilmiy va innovatsion yechimlari ustida amaliy ishlar olib bormoqda. Oʻylaymanki, Forum bizni tashvishga solayotgan Orol dengizi muammolari sababli yuzaga kelgan tashvishlarimizga sherik boʻlayotgan hududiy va xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining harakatlariga yangi kuch beradi” – deb taʼkidladi.

ICBA bosh direktori, doktor Ismaxan Eluafining fikricha, Orol dengizi hududida istiqomat qiluvchi aholi suv tanqisligidan aziyat chekayotgan ekan, jumladan, ichishga va qishloq xoʻjaligi ishlarini yuritishda muammolarga duch kelayotgan ekan, suv resurslaridan foydalanishning noanʼanaviy usullaridan, yaʼnikim shoʻrlangan suvni chuchuklashtirish usullaridan foydalanish potensialiga eʼtibor qaratish zarur. “Noanʼanaviy suv resurslaridan foydalanish uchun strategik investitsiyalar qilinishi ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan foyda keltirishi aniq.

Buning natijasida aholining oziq-ovqat bilan taʼminlanish darajasi yaxshilanadi, suv tejaladi, odamlarning daromadi oshadi, shu bilan bir qatorda ekotizimga zarar yetkazilmaydi”, deb izohladi oʻz fikrini doktor Ismaxan Eluafi.

Forum bilan bir paytning oʻzida “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishidan kelib chiqib qishloq xoʻjalik ekinlarini diversifikatsiyalash va modellashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash” deb nomlangan oʻquv kurslari ham tashkil etiladi. Oʻquv mashgʻulotlari ICBA tomonidan Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston olimlari va mutaxassislari uchun oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?