Orolboʻyida OTB ishtirokida yangi loyiha amaliyotga tatbiq etiladi

09:50 23 Avgust 2019 Jamiyat
68 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi OʻzA.

Unda Prezidentimizning 2019-yil 9-apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini rivojlantirish“ loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Nukus va Moʻynoq tumanlaridagi aholini va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sifatli ichimlik suvi taʼminotini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hudud. Bugungi kunda jami 1,8 million aholining 972 ming yoki 52,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan, uzoq hududlarda joylashgan hududlarda yashovchi 4,3 foiz aholiga ichimlik suvi maxsus transportlar orqali yetkazib beriladi. Amudaryo, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Nukus va Moʻynoq tumanlarida esa ichimlik suvi taʼminoti 36,6 foizni tashkil etadi.

– Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholi punktlari ichimlik suvi taʼminoti “Tuyamoʻyin – Nukus – Chimboy – Taxtakoʻpir” mintaqalararo suv quvuri, “Taxiatosh – Qoʻngʻirot” suv quvurlari va yer osti suv manbalari orqali taʼminlanadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining oʻrinbosari Tohir Haydarov. – Mazkur holatlarni bartaraf etish hamda aholining markazlashgan ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida chet el investitsiyalari, yaʼni Osiyo taraqqiyot banki krediti jalb qilinishiga erishildi. Olib borilgan muzokaralar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida loyihani tayyorlash va amalga oshirish toʻgʻrisida anglashuv memorandumi imzolandi. Shu tariqa, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlaridan ekspertiza va kelishuvdan oʻtkazildi va ushbu hujjat davlatimiz rahbarining joriy yilning 9-apreldagi qarori bilan tasdiqlandi. Loyihadan koʻzlangan maqsad Qoraqalpogʻiston Respublikasining oltita tumani qishloq aholi punktlarida yashaydigan aholini doimiy va uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash, ularning sogʻligʻini va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 145,0 million AQSH dollari miqdorida boʻlib, u Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli krediti evaziga amalga oshiriladi. Bu jarayonda “Taxiatosh” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va quvvatini sutkasiga 120,0 ming metr kubga yetkazish orqali kengaytiriladi. 6 yangi suv taqsimlash inshootini barpo etish va 21 tasini rekonstruksiya qilish, diametri 76-450 millimetrgacha boʻlgan umumiy uzunligi 292,58 kilometr boʻlgan suv taqsimlash inshootiga keluvchi magistral suv tarmoqlari hamda tuman markazlari va qishloq hududlarida umumiy uzunligi 921 kilometr boʻlgan turli diametrdagi suv taqsimlash tarmoqlarini qurish kabi ishlar shular jumlasidan.

Tadbirda ishtirokchilarga bu haqda maʼlumot berilar ekan, loyihaning amaliy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Qurilish-montaj ishlarini yakunlash va obyektlarni foydalanishga topshirilishi 2023-yilga moʻljallangan. Bu loyihani amalga oshirish natijasida loyiha hududlarida istiqomat qiluvchi 390 mingdan ortiq aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilanishi va 200 mingga yaqin aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berilishi kutilmoqda. Natijada hududda ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 90 foizga yetkaziladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?