Orolboʻyida toza ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanmoqda

11:18 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
64 0

Prezidentimiz rahbarligida keyingi yillarda Orolboʻyi aholisining salomatligini yaxshilash maqsadida toza ichimlik suviga boʻlgan talabni qondirish, ayniqsa qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida bir qator izchil islohotlar olib borilmoqda. Xususan, shu maqsadda mazkur sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hamda qurilish-montaj ishlarining hajmi bir necha barobar oshdi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 1,8 million aholining 972 ming nafari, boshqacha aytganda 52,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan, aholining 47,6 foizi esa alternativ ichimlik suv manbalaridan foydalanadi.

Hududda ichimlik suvi taʼminotini rivojlantirish maqsadida 2019-yilda 112 ta obyektda 465,2 kilometrlik ichimlik va oqava suv tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiyalash ishlariga jami 138,3 milliard soʻmlik mablagʻlar ajratildi. Joriy yilning 15-sentyabr holatiga mazkur obyektlarda 127,4 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, bu boradagi reja qariyb 92 foizga bajarildi. Mazkur obyektlardagi ishlar joriy yilning oktyabr oyida yakunlanishi koʻzda tutilmoqda. Natijada Orolboʻyidagi 52,2 mingga yaqin aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Bu, 37,0 mingdan ziyod aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi, deganidir.

Ushbu ishlar natijasida 2020-yilning 1-yanvar holatiga aholining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanish darajasi 52,4 foizdan 55,1 foizga oshadi, yaʼni 1 million 22 ming kishining ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2019-yil 9-apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Amudaryo, Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot, Nukus va Moʻynoq tumanlari aholisini hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash boʻyicha loyiha qiymati 172,3 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablagʻlari hisobiga 2020-2023-yillarda 3 ta suv tozalash, 27 ta suv taqsimlash inshootini, 1235,2 kilometrlik suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiyalash, “Tuyamoʻyin” va “Taxiatosh” suv tozalash inshootlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiyalash ishlari belgilangan. Ushbu ishlar amalga oshirilsa, hududda yashovchi 188,1 ming kishi ilk bor mazkazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanadi. Bu bilan 155,8 ming aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi.

Jahon bankining 60,0 million dollar miqdoridagi kredit mablagʻlari hisobiga 2020-2024-yillarda “Nukus va Taxiatosh shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Nukus shahrida 88 kilometrlik, Taxiatosh shahrida 33,5 kilometrlik, Xoʻjayli tumani markazida 20,7 kilometrlik va Qoʻngʻirot tumani markazida 22,3 kilometrlik oqava suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiyalash amalga oshiriladi. Mazkur ishlar samarasida 130,7 mingdan ziyod aholiga koʻrsatiladigan oqava xizmati yaxshilanishi kutilmoqda.

Nursait SULTANOV,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi
boshqarma boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?