“Orol dengizi ketdi, lekin odamlar qoldi, biz ular haqida qaygʻurishimiz kerak”

09:53 30 Noyabr 2018 Siyosat
1074 0

Arxiv foto

Orol inqirozi — zamonamizning eng yirik ekologik fojialaridan biri. Bugun u yana bir bor dunyo hamjamiyati eʼtibori markazida.

Gap shundaki, yaqinda BMT tomonidan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tuzilishi eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan taqdimot marosimida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev ham bor edi. U fondni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad va uning faoliyat yoʻnalishlari, Oʻzbekistonning Orol dengizi hududidagi ­vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha olib borayotgan saʼy-harakatlari haqida soʻzlab berdi.

— Maʼlumki, halokat miqyosi Orolboʻyi va hatto Markaziy Osiyo mintaqasidan ham tashqariga chiqib, global muammoga aylandi. Bir avlod koʻz oʻngida butun dengiz yoʻq boʻlib ketdi. Vaholanki, mazkur havza suv hajmi boʻyicha dunyodagi toʻrtinchi yopiq koʻl hisoblanar edi. Atrofda hayot qaynardi. Vaqt oʻtib suv havzasi quriy boshladi.

Bu eng kamida qariyb yuz mingta ish oʻrinlari yoʻqolishiga olib keldi. Qoraqalpogʻiston uchun ulkan raqam emasmi bu?!

Mazkur holat nima uchun roʻy berdi? Suvdan nooqilona foydalanish oqibatida obihayot hajmi sezilarli darajada kamayib ketdi. Bu esa tuz konsentratsiya­sining keskin koʻtarilishiga sabab boʻldi. Dengizda hayot alomatlari deyarli qolmadi. Baliqlar, qushlar, hayvonlarning oʻnlab turlari yoʻqoldi. Odamlarning dengiz bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xoʻjalik faoliyati toʻxtadi. Bugun bu yerlarda qum boʻronlari koʻtariladi. Sahro esa dengizni siqib chiqargan. Har yili Orolning qaqshagan tubidan tonnalab qum va tuz shamol bilan havoga koʻtarilib, ulkan hududlarga yoyilib ketyapti. Baʼzan dengiz qumlari Arktika, Skandinaviyada ham uchrayotir. Endi tuzli-qumli boʻronlar ekologiya, hayot va inson salomatligiga qanday taʼsir koʻrsatayotganini bir zum koʻz oʻngingizga keltiring. Masalan, oʻtgan yilda ular ekinlar hosilini nobud qildi. Bu mahalliy aholi, ayniqsa, fermerlarning hayot sifatiga ham taʼsir oʻtkazmay qolmadi.

Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh ­Assambleyasining 72-sessiyasida dunyo hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor Orol hududidagi halokatli vaziyatga qaratganidan xabaringiz bor. Binobarin, ­Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama ­sheriklik asosida trast fondini ­yaratish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi. ­Fikrimcha, bu toʻrtta dolzarb vazifani hal etishga koʻmak beradi.

Birinchidan, Orolboʻyining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

Ikkinchidan, kompleks integral yondashuvlar taʼminlanib, xalqaro jamoatchilik, BMT institutlari va boshqa tashkilotlar saʼy-harakatlari birlashtiriladi.

Uchinchidan, moliyaviy mablagʻlarni oʻzlashtirish uchun yangicha yondashuvlar ­ishlab chiqiladi hamda ular mintaqani ­innovatsion rivojlantirishga qaratiladi. Bu esa mablagʻlardan oqilona foydalanib, koʻproq vazifalarni hal etish imkonini beradi.

Toʻrtinchidan, ajratilayotgan resurslar samarali ishlatiladi.

Shular asosidagi ijobiy oʻzgarishlarni esa odamlar oʻzlarida his etishlari kerak. Sogʻliqni saqlash, taʼlim, suv taʼminoti sifatini oshirish, ish oʻrinlari yaratish shular jumlasidandir.

Murakkab ekologik vaziyat, ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar aholi salomatligi yomonlashuviga olib keldi. Afsuski, turli, ayniqsa, oʻpka kasalliklari koʻpaymoqda. Qoraqalpogʻistonda bolalar oʻlimi soni Oʻzbekistondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ikki barobar ziyoddir. Bularning barchasi Orol dengizi qurishi asoratlaridir. Zero, ushbu suv havzasi tabiiy ekotizimning bir qismi edi, uning yoʻqolib ketishi esa shamol yoʻnalishlari, iqlim, butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga jiddiy taʼsir qildi.

Biz Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun BMT rahbariyatidan, xususan, ulkan hissasi uchun shaxsan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda BMTning boshqa institutlari, Norvegiya, Yaponiya, Nigeriya kabi hamkor davlatlardan minnatdormiz. Ayni chogʻda Norvegiya hozirning oʻzidayoq Trast fondiga 1,2 million dollar miqdorida hissa qoʻshishini eʼlon qildi.

Alohida taʼkidlash joiz, bu Oʻzbekistonning emas, balki mintaqaning eksklyuziv loyihasidir. Orolboʻyining yetti million aholisi — Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qozogʻiston fuqarolari mazkur fond faoliyatidan sezilarli natijaga ega boʻladilar. Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi harakatlarning yagona va kompleks strategiyasini ishlab chiqish maqsadida ham mamlakatlar saʼy-harakatlarini, ham ­xalqaro dasturlarni birlashtirish yoʻlidagi toʻgʻri intilishdir.

Oʻzbekiston unga milliy dasturlarni amalga oshirish orqali hissa qoʻshadi. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurdi. Yakunda umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik oʻnlab loyihalar amalga oshirilishi maʼlum qilindi. Ular iqtisodiy rivojlantirish, ish joylari barpo etish, sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash kabi sohalarga qaratilgani bilan dolzarbdir. Boisi bugungi kunda Orolboʻyi aholisi aynan mana shu yoʻnalishlarga ehtiyoj sezayotir. Onalik hamda ­bolalikni muhofaza qilish, Orol fo­jiasi tufayli kelib chiqqan kasalliklarga qarshi kurashish va albatta, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, uning yanada yomonlashib ketishining oldini olish shular sirasidandir.

Biz Orol dengizini qaytarib boʻlmasligini yaxshi tushunamiz, ammo odamlar ketmagan va biz ular haqida qaygʻurishimiz zarur. Respublikada bir vaqtlari yoʻqotilgan qator xoʻjalik ­faoliyati turlarini bosqichma-bosqich qayta tiklash boʻyicha dastur roʻyobga chiqarilyapti. Orolboʻyida sunʼiy koʻllar hosil qilish orqali baliqchilikni yoʻlga qoʻyish bunga misoldir. Qolaversa, Oʻzbekiston eng koʻp suv talab qiladigan paxta ekiladigan maydonlarni keskin qisqartirdi. Soʻnggi yillarda yurtimizda bir gektar yerda suvdan foydalanish miqdori ikki barobar kamaytirildi. Oʻrmonzorlar yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu ham maʼlum miqdorda dengizda suv yoʻqotilishi meʼyorini saqlashga yordam beradi. Ishlab chiqarishlarning yangi yoʻnalishlarini ochish, bunda innovatsiyalarni keng tatbiq etish, turizm, jumladan, ekologik sayyohlikni ravnaq toptirishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Sababi bularning barchasi Qoraqalpogʻistonda xizmatlar koʻr­satish, qoʻshimcha qiymatli mahsulot ­ishlab chiqarish sanoati imkoniyatlarini kengaytiradi. Shunga yarasha aholi turmush sifati ham yuksalib boraveradi.

“Xalq soʻzi” muxbiri Saidjon MAXSUMOV yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?