Orol dardi va saboqlari. Ismoil Joʻrabekov bilan eksklyuziv intervyu

14:05 06 Fevral 2019 Jamiyat
953 0

Foto: X.Paydoyev / Xalq soʻzi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish, mintaqada ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon hamjamiyati ham diqqat-eʼtibor bilan kuzatmoqda. Binobarin, Orol dardi allaqachon olamning ogʻriqli dardiga aylanib ulgurgan.

Muxbirimiz Orolboʻyida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengizning qurigan qismida oʻrmon barpo etish ishlarining ahamiyati, shuningdek, Orol dengizi bilan yuz bergan hodisaning sabablari va saboqlari toʻgʻrisida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigator, suv xoʻjaligi sohasida taniqli mutaxassis Ismoil JOʻRABЕKOV bilan suhbatlashdi.

— Orolni koʻp koʻrganman, har yili boʻlmasa ham ikki yilda bir marta, albatta, borardim, — deya soʻz boshladi Ismoil Hakimovich. — Ilk tashrifim aniq esimda. Oʻshanda 1971 yil edi. Moʻynoq tomon ketarkanmiz, yoʻlning oʻng va soʻl tomonida dengiz qirgʻoqlariga toʻlqinlar ­urilib turardi. U vaqtlarda Orol sathining pasayishi unchalik sezilmas, Sirdaryo va ­Amudaryodan suv doim kelib turardi.

Foto: X.Paydoyev / Xalq soʻzi

Baʼzan suv bir oz kamayar, lekin bu iqlim sharoitlari bilan bogʻliq boʻlib, tabiiy hodisa edi.

Suv chekina boshlagani 1972 yildayoq maʼlum boʻlib qoldi. Eng qiyin davr 1979-1980 yillarga toʻgʻri keldi. Oʻshanda dengiz shunday jadal surʼatda orqaga ketdiki, qirgʻogʻidan hatto 15 — 20 kilometrgacha nari ketdi. Bugungi kunga kelib, dengizning avvalgi qirgʻogʻidan hozirgisigacha boʻlgan masofa yuz kilometrdan ham ziyodni tashkil etadi. Bu — chinakam fojia!
Qachondir kattaligi boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turgan koʻl deyarli yoʻqoldi, uning oʻrnida esa maydoni 5,5 million gektardan iborat sahro — Orolqum paydo boʻldi. Shamol bu yerdan yiliga yuz million tonnagacha qum va tuzni koʻtarib, yuzlab kilometrga uchiradi. Bu, ayniqsa, Orolboʻyida yashab kelayotgan tub aholi uchun nihoyatda ogʻir ­sharoit tufayli yuzaga kelgan katta ­sinovdir. Aholi, birinchi ­galda, davlat tomonidan koʻrsatiladigan yordam va koʻmakka juda ­muhtoj.

Toʻgʻri, ilgari Orol muammosini hal etish bilan shugʻullanilmagan, deya olmaymiz. Oʻzbekistonning oʻzida ham, xalqaro miqyosda ham, masalan, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tomonidan turli chora-tadbirlar koʻrilgan. Nazarimda, Orolboʻyi­dagi vaziyatni oʻnglash bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ­tashabbusiga koʻra, aniq va komp­leks tarzda shugʻullana boshladik. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib, jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlarini Orol fojia­si oqibatlarini yengish uchun faol birlashtirishga chaqirdi hamda undan zarar koʻrgan aholiga yordam koʻrsatish boʻyicha qabul qilingan maxsus BMT Dasturini toʻliq hajmda roʻyobga chiqarishga daʼvat etdi.

Xalqaro hamjamiyat Oʻzbekiston yetakchisining tashabbusiga qoʻshildi. Misol uchun, BMT huzurida Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi. Unga turli mamlakatlardagi donorlardan hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalar roʻyobi uchun mablagʻ kelib tusha boshladi.

Orol fojiasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashda boshqa davlatlarning koʻmagi juda muhim. Mazkur keng koʻlamli ishga Oʻzbekistonning oʻzi bosh boʻlishi kerak. Darhaqiqat, mamlakatimizda ushbu yoʻnalishda qator yirik loyihalar faol amalga oshirilyapti. Masalan, Orolning qurigan qismida saksovul ekishga alohida eʼtibor berilyapti. Maʼlumotlarga koʻra, mustaqillik yillarida Orolboʻyida saksovulzorlar 400 gektardan ortiq maydonni tashkil etgan. Ammo hamma koʻchatlar ham tutib, oʻsib ketmagan. Davlatimiz rahbari tomonidan 500 ming gektar yerga koʻchat ekish topshirigʻi berildi. Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali barchamiz koʻrib-kuzatib turganimizdek, Orol tubi boʻylab oʻnlab haydov va chopiq traktorlari ariq tortmoqda. Ular respublikamizning barcha viloyatlaridan shu yerga jalb etilgan. Tortilgan ariqlarga 50 santimetr chuqurlikda saksovul ekil­yapti, yaʼni barcha agrotexnika qoidalariga rioya qilinmoqda. Bu esa bir necha yildan soʻng Orolqum oʻrnida millionlab daraxtlar oʻsishi, qum boʻronini toʻsib qolishga qodir boʻlgan haqiqiy choʻl oʻrmoni — saksovulzor yuzaga kelishiga ishonch ­uygʻotmoqda.

Mamlakatimizda Orolboʻyida turmush sharoitlarini yaxshilash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor berilmoqda. Jumladan, Moʻynoq tumanida barcha talablarga javob beruvchi zamonaviy turarjoylar barpo ­etiladi, ishlab chiqarish va ­ijtimoiy obyektlar qurilib, zarur infratuzilma yaratiladi. Bugungi kunda oʻsha yerga har ­safar borganimda, katta oʻzgarishlarga guvoh boʻlyapman.

— Ismoil Hakimovich, bugungi kunda Orol bilan bogʻliq halokat oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar nafaqat faollashdi, balki yanada aniq rejalar asosida olib borilmoqda. Lekin nima boʻlganda ham, bu — oqibatlarga qarshi ishlar. Xoʻsh, aslida uning dastlabki sabablari haqida soʻzlab bera olasizmi? Oʻzbekistonda yangi yerlarni oʻzlashtirishning ilk tashkilotchilaridan biri sifatida Sizning fikringiz, qarashlaringiz koʻpchilik oʻquvchilarimiz uchun qiziq, albatta.

— Orol fojiasining ilk sabablari nimada? Men bu masalada koʻplab mutaxassislar, olimlar va ekspertlarning fikri bilan tanishman. Aytish lozimki, bu — nihoyatda murakkab mavzu. Baʼzan ushbu masala boʻyicha bahs boshlansa, his-tuygʻularga berilib ketish ham kuzatiladi. Oʻz vaqtida u, menimcha, haddan tashqari siyosiylashtirib yuborilgan edi.

Xoʻsh, fojiaga oʻzi nima olib keldi? Buni tushunish uchun, keling, his-tuygʻularni bir chetga surib, oddiy dalillarga murojaat qilaylik. Xaritaga qarang. Sirdaryoni olsak, u Tojikiston, Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlaridan oqib oʻtadi. Lekin daryo oqimining ­deyarli toʻrtdan uch qismi Qirgʻizis­tonda shakllanadi, yaʼni muzliklar erishidan hosil boʻlgan Qoradaryo va Norin daryolarining qoʻshilishidan Sirdaryo tashkil topadi. ­Amudaryo oqimining 80 foizi esa Tojikiston va Afgʻonistondagi togʻlarda vujudga keladi. Shundan keyin­ bu daryo Oʻzbekiston va ­Afgʻoniston chegarasi boʻylab oqadi, Turkmanistonning shimoli-sharqiy qismini kesib oʻtib, yana Oʻzbekiston hududida oqishni davom ettiradi. Hattoki, bugungi global isish va muzliklar erishi sharoitida ham Orolni toʻldirib turgan bu ikki daryoning suvi uni saqlab qolish uchun yetgan boʻlar edi.

Endi tarixga nazar tashlasak. Oʻtgan asrning 60-yillarida Oʻrta Osiyoning barcha respublikalari va Qozogʻistonda jadal surʼatlar bilan choʻllarni oʻzlashtirish boshlandi. Yiliga 70 — 80 ming gektar yer oʻzlashtirilar edi. Bir gektar maydonni qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun tayyorlash, u yerda hosil yetishtirishga hech boʻlmaganda oʻn va undan ortiq ming kub metr suv ­kerak boʻladi. Shunday qilib, choʻlni oʻzlashtirish uchun har yili 600 — 700 million, baʼzan bir milliard kub metrgacha suv sarflanar edi. Sirdaryo va Amudaryodan suv olish hajmi yildan-yilga ortib bordi. Vaqti kelib, daryolar endi Orolga yetib bormay qoʻydi, bunday holat keyingi yillarda yuz berdi.

Xoʻsh, biz Orolni yoʻqotib qoʻyishimiz mumkinligini qachon tushunib yetdik? Aslida choʻl yerlarni keng koʻlamda oʻzlashtirish natijasida daryolar suvi Orolga yetib bormasligi avvaldan maʼlum edi. Shuni bilgan holda, nega boʻlmasa, bunchalik tez oʻzlashtirish va koʻp suv sarfiga yoʻl qoʻyildi?

Bunga bir nechta sabab bor edi. Shulardan asosiy ikkitasini keltirib oʻtaman. Birinchi galda — Oʻrta Osiyo respublikalarida aholi sonining yiliga 2 — 2,5 foizgacha oʻsishi. Shu oʻrinda qator savollar paydo boʻladi. Mabodo, oʻsha vaqtda sugʻoriladigan yerlar maydoni 1,8 milliondan 4,3 million gektargacha yetkazilmaganida, bugun Oʻzbekiston oʻzining 33 milliondan ziyod aholisini boqa olarmidi? Toʻgʻri, yerlar, asosan, paxta ekish maqsadida oʻzlashtirilgan va koʻpgina oziq-ovqat mahsulotlari Oʻzbekistonga boshqa respublikalardan keltirilgan. Bu — sobiq ittifoq markazining oʻsha davrdagi siyosati edi. Lekin agar oʻshanda yerlar oʻzlashtirilgan boʻlmaganida, ittifoq parchalanib ketganidan keyin qanday ahvolga tushib qolardik — buni endi tasavvur qilish qiyin emas. Oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan valyutaga sotib olishga toʻgʻri kelgan boʻlardi, mustaqil respublikada esa valyuta yetishmasdi. Shu yerda Oʻzbekiston suverenitetga erishgan dastlabki kunlarda bor-yoʻgʻi bir haftaga yetadigan bugʻdoy zaxirasi ­mavjud boʻlganini eslashning oʻzi kifoya. Oʻshanda va undan keyin ham valyuta, asosan, paxta tolasini ­eksport qilish hisobiga topilgan va unga oziq-ovqat mahsulotlari, eng avvalo, don xarid qilingan.

Orol uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini bilgan holda, baribir nimaga choʻl oʻzlashtirishga zoʻr berib, Sirdaryo va Amudaryoning suv zaxiralari koʻp sarf qilinavergan? Endi buning ikkinchi sababiga kelsak. Bu Oʻzbekistonni ham, qoʻshni respublikalarni ham rivojlantirish bilan bogʻliq. Aynan oʻsha davrda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni jadal koʻpaytirish bilan bir qatorda, yirik korxonalar ham qurilgan, ular esa ham mahsulot ishlab ­chiqargan, ham aholini ish oʻrinlari bilan taʼminlagan. Yerlarni oʻzlashtirish bilan bir paytda, bugun millionlab odamlar yashayotgan aholi punktlari bunyod etilgan. Yaʼni agar yangi yerlarni oʻzlashtirmaganimizda, iqtisodiyotimizning bugungi taraqqiyoti darajasiga, uning mustaqillik yillaridagi oʻsishi uchun zamin yaratishga erishgan boʻlmasdik.

Yoʻq, hozir hikoya qilayotganlarimni oʻz vaqtida Orolni halokatga olib kelgan saʼy-harakatlarni oqlash, deya qabul qilmasligimiz kerak. Asosiy ayb insonning tabiatga aralashuvida ekanligi aniq. Shunday boʻlsa-da, adolat nuqtai nazaridan, insonga nima uchun shu qadamni qoʻyish zarur boʻlganini ham hisobga olishga toʻgʻri keladi. Unchalik chiroyli boʻlmasa ham, ­quyidagi oʻxshatishni keltirmoqchiman: tarozining ikki pallasini koʻz oldimizga keltirsak, bir ­pallada — Orol qismati, ikkinchi pallada esa — bugungi kunda erishganlarimizning katta qismi va koʻplab odamlar taqdiri.

— Oldindan tasavvur qilish mumkinki, bunday oʻxshatish koʻpchilikka ham yoqavermaydi. Ammo tarozining ikki pallasini muvozanatga keltirish, yaʼni ham Orolni saqlab qolib, ham yerlarni oʻzlashtirish uchun boshqa yoʻl boʻlmaganmi?

—Boʻlgan. Oʻzbekistonda “yuqori”dan tushirilgan har bir buyruqni hamma indamay bajaravergan, deb oʻylash kerak emas. Orolga suv quyilmay qoʻyishi aniq boʻlgach, Sharof Rashidov boshchiligidagi oʻsha vaqtdagi respublika rahbariyati bu masalani sobiq ­ittifoq rahbariyati oldida koʻtarib chiqqan. Unga quloq tutishgan va Sibir daryolari oqimining bir qismini Qozogʻiston hamda Oʻrta Osiyo respublikalariga burib yuborish boʻyicha qaror qabul qilingan. Qarorda Sirdaryo va Amudaryodan yangi yerlarni oʻzlashtirish uchun olib sarflanayotgan suvning oʻrnini qoplash maqsadida Sibir ­daryolaridan 17 kub kilometrgacha suvni bizning mintaqaga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Bunday hajmdagi obihayot Orolni toʻldirish uchun yetgan boʻlardi. Bu ish boshlab ham yuborildi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, oʻshanda Sibir daryolari oʻzanini oʻzgartirish loyihasi ustida 160 dan ortiq tashkilotlar, 48 ta loyiha va 112 ta ilmiy-tadqiqot instituti, ittifoq miqyosidagi 32 ta vazirlik hamda ittifoqdosh respublikalarning 9 ta vazirligi ishlagan. Oʻzbekistonda bu ulkan loyihani roʻyobga chiqarish uchun qurilishga tamal toshi qoʻyilgan. Ammo yuz bergan muayyan voqealar, rahbariyat almashinuvi tufayli sobiq “markaz”da turli-tuman fikrlar koʻpayib, loyiha oʻta qizgʻin muhokamaga uchradi. Asosan, katta mintaqaning ekologiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin, degan vajlar koʻrsatildi, shunday qilib, loyiha boʻyicha ishlarni toʻxtatishga qaror qilindi.

Agar loyiha amalga oshirilganda, boshqa mintaqalarga qanday taʼsir koʻrsatgan boʻlar edi, buni hozir ayta olmayman. Oʻzbekiston esa mazkur loyihadan yutishi aniq edi va Orol ham qurimasdi. Ammo... tarixiy mazmundagi matnlarda grammatik jihatdan (“shunday boʻlganda edi” kabi shakllarda) “feʼlning shart mayli” qoʻllanilmaydi.

— Sibir daryolari oqimining bir qismini Qozogʻiston hamda Oʻrta Osiyo respublikalariga tashlash boʻyicha keyinroq ham yana loyihalar ishlab chiqilgan-ku?!

—Ularni puxta hisob-kitob­larga asoslangan loyiha, deb atash qiyin. Koʻpincha gʻoya bosqichida qolib ketgan. Ular ustida olimlar, vazirlik va idoralar ish olib bormagan. Toʻgʻrisini aytganda, u yoki bu koʻrinishdagi shunga oʻxshash loyiha, jumladan, Oʻzbekiston uchun ham kerak.

Men nimani nazarda tutyapman? Ayni zamonda hamma Orol fojiasida Oʻrta Osiyo respublikalarini ayblash bilan ovora — goʻyoki qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun juda katta hajmdagi suvni sarflayotgani sababli. Vaholonki, hozircha oʻzini namoyon qilmayotgan boshqa kattaroq xavf ham mavjud. Yana bir marta xaritaga qaraymiz. Amudaryoga Afgʻoniston hududining katta qismi ham tutash. Oʻsha yerda, yaʼni daryo oqimining chap tarafida 600 ming gektarga yaqin kaftdek tekis yer maydoni bor. Hozirgi murakkab sharoitda yerni kompleks oʻzlashtirish uchun na sharoit, na mablagʻ va na quvvatlar yetarli, shu bois bu masala hech kimni qiziqtirmayapti. Agar vaziyat oʻzgarib, shu yerlarni oʻzlashtirish boshlansa, suvni, albatta, Amudaryodan olishadi-da. Keyin bunday holat past­ki qismda joylashgan Oʻzbekiston va Turkmaniston uchun qanday taʼsir koʻrsatadi, bashorat qilish qiyin. Unda ekologlarning harakatlari foyda beradimi, yoʻqmi?

Voqealarning bunday rivoji yaqin kelajakda namoyon boʻlishi koʻrinib turibdi. Demak, unga ­tayyor boʻlish lozim.

— Lekin unda Sibir daryolari oqimining bir qismini burish boʻyicha loyihalardan umid qilish behuda boʻladi. Yaxshisi, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga tayanib, suv tejovchi texnologiyalarni keng va jadal joriy etish bilan ­shugʻullanganimiz maʼqul boʻlsa kerak?

—Hozircha bundan boshqa yechimni koʻrmayapman. Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda aynan suv zaxiralaridan tejab foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidenti­miz agrar sohaga xos xususiyatlar va suv taʼminoti masalalarini yaxshi biladi. Yangi suv omborlari qurilmoqda. Koʻp sugʻorish talab etiladigan ekin maydonlari qisqartirilyapti. Bu, masalan, gʻoʻza — har bir gektar dalaga oʻn ming kub metrgacha suv sarflanadi yoki sholi — uni yetishtirishda ushbu koʻrsatkich 20 — 22 ming kub metr­ga yetadi. Ularning oʻrniga bogʻlar va uzumzorlar barpo etilmoqda, yana kam suv talab qiluvchi boshqa ekinlar ekilyapti.

Tomchilatib sugʻorishga teng keladigan muqobil usul yoʻq. ­Davlatimiz rahbari tomonidan yerlarning koʻp qismida shu texnologiyaga oʻtish masalasi koʻtarilgani bejiz emas. Uning foydaliligi avval ham maʼlum edi. Lekin joriy etish uchun mablagʻ ham, jihozlar ham, texnika ham yoʻq edi. Endi boʻlsa, bularning hammasini topish uchun eng yuqori darajada choralar koʻrilmoqda. Men oʻzim ikkita qoʻshni dalada gʻoʻza qanday yetishtirilayotganiga guvoh boʻldim. Bittasida tomchilatib sugʻorish usuli, ikkinchisida esa anʼanaviy usul qoʻllanilmoqda. Natijani qarang: birinchi daladan ikkinchisiga nisbatan 35 foiz koʻproq paxta hosili terib olinibdi va uch baravar kam suv sarflanibdi.

Xitoyda boʻlganimda bir fermerning dalasi yonida toʻxtab, hosil yetishtirish uchun qancha miqdorda suv sarflashini soʻragan edim. U “gektariga 3 800 — 4 000 kub metr”, deb javob berdi. Ishonmagan edim, fermer mendan xafa boʻlib qoldi. Axir bizda oʻshancha joyga 12 va undan ortiq ming kub metr suv sarflanadi-da. Buning siri esa aynan tomchilatib sugʻorishda ekan.

Toʻgʻri, tomchilatib sugʻorish sohasida dunyoda Isroil davlati yetakchilik qiladi, u yerda ushbu texnologiya barcha sugʻoriladigan yerlarning deyarli 75 foizida joriy etilgan. Lekin maydon kattaligi jihatidan oladigan boʻlsak, u raqobatlasha olmaydi. Masalan, Xitoyda tomchilatib sugʻorish besh million gektardan ziyod maydonlarda, Hindistonda esa ikki million gektar yerda qoʻllaniladi. Bizning mamlakatimizda-chi, bu usul 50 ming gektardan kamroq maydonda joriy etilgan va mazkur koʻrsatkich barcha sugʻoriladigan yerlarning atigi bir foizdan ziyodrogʻini tashkil qiladi. Ana endi Oʻzbekiston suv tejash boʻyicha qanday katta salohiyatga ega ekani koʻrinib turibdi.

— Agar oʻz vaqtida Suv xoʻjaligi vazirligi tugatilmaganida, balki tomchilatib sugʻorish ancha ilgariroq joriy etilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ham oshgan boʻlarmidi?

—Ha, men buni katta xato, deb hisoblaganman va hozir ham shunday deb oʻylayman. Oʻsha vaqtda Suv xoʻjaligi vazirligini tugatishga iloji boricha qarshi chiqqanman. Afsuski, bu qarorga taʼsir koʻrsata olmaganman. Endi Prezident Shavkat Mirziyoyev Suv xoʻjaligi vazirligini qayta tiklagani va unga eng jiddiy vazifalarni yuklaganidan xursandman. Hech kimni tanqid qilmoqchi emasman-u, koʻp yillar davomida katta mehnat evaziga qurilgan ­inshootlar borgan sari yaroqsiz holga kelayotganini koʻrish biz, irrigatorlar uchun ayanchli edi. Natijada 600 ming gektar yerning meliorativ holati yomonlashdi, 200 ming gektar yer esa umuman foydalanishdan chiqib ketdi. Oʻzbekiston uchun 200 ming gektar yer qanday ahamiyatli ekanini bilasizmi? Bu — dasturxonimizni bezashi va eksport qilinishi mumkin boʻlgan ulkan hajmdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari degani. Bu — yuz minglab ish oʻrinlari degani. Ishonasizmi, baʼzi qishloqlarda suv yoʻq boʻlgani uchun hayot ham yoʻqoldi, odamlar ish izlab boshqa joylarga ­ketib qolishgandi. Buni kuzatish naqadar achinarli edi! Endi esa qayta tiklangan melioratsiya tizimi yerni yana jonlantirmoqda, odamlar ham oʻz jonajon yeriga qaytyapti! Mana, davlatimiz ­rahbari belgilab bergan maqsad. Lekin yoʻqotilgan tizimni qayta tiklashning oʻzigayoq hech boʻlmaganda 3-4 yil ketadi. Bu davr ichida foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlari tiklanadi va ularda yana dehqonchilik qilib, hosil ­undirish mumkin boʻladi. Yuz ­minglab gektar yerlarda meliorativ holatni yaxshilash tadbirlari olib boriladi. Men ham oʻz tajribam bilan Suv xoʻjaligi vazirligi mutaxassislariga yordam berish orqali bu katta ishga hissa qoʻshishim mumkinligidan xursand­man.

— Ismoil Hakimovich, ­asosiy mavzuga qaytsak. ­Demak, Orol butunlay ketdi va endi qisman boʻlsa-da ­tiklanmaydimi?

—“Hech qachon “hech qachon” dema”, degan ibora bor. Lekin xavotirdamanki, avvalgi Orolni, hatto kichikroq oʻlchamda boʻlsa ham, endi koʻrmaymiz. Uning oʻrnida hozir mavjud boʻlgan uchta koʻl saqlanib qoladi. Ular Sirdaryo va Amudaryodan emas, balki yer osti suvlari va boshqa manbalardan suv oladi. Paydo boʻlgan ­Orolqumga saksovul va qurgʻoqchilikka chidamli boshqa oʻsimliklarni ekish zarur. Eng muhimi, Orolboʻyi aholisi uchun yaxshi sharoitlar yaratish, ularning salomatligi, munosib turmush tarzi va ­mehnat qilishi uchun harakat qilish kerak.

Afsuski, Orolni qaytara olmaymiz. Faqat, bilasizmi, Oʻzbekistondagina emas, balki boshqa mamlakatlarda ham Orol fojiasi bergan saboqlarni yaxshi anglash, inson faoliyati, u hatto ezgu niyatlar bilan qilingan boʻlsa-da, ayanchli natijaga olib kelishi hech gap emasligini chuqur tushunish ­lozim.

Bu — saboqlar juda dolzarb. Negaki, dunyoning boshqa mintaqalarida ham dengiz va ummonlarni toʻldiruvchi daryolar suvidan xoʻjalik maqsadlari uchun nazoratsiz foydalanish ana shunday vaziyatga olib kelyapti, oqibatda ularning hajmi kichrayib bormoqda. Mutaxassislarga ishonadigan boʻlsak, keyingi 40 yil ichida ­mashhur Oʻlik dengizning maydoni uch baravar qisqaribdi. U ikki boʻlakka boʻlinib qolgan va sayozlashib bormoqda, hatto yarim asr­dan soʻng umuman yoʻqolib ketishini ham bashorat qilishmoqda. 1960 yildan boshlab Afrikadagi eng katta suv ombori — Chad koʻli ham kichraymoqda. AQSHdagi Katta Tuzli koʻl haqida ham shunday ­deyish mumkin. Eronning shimoli-gʻarbiy qismidagi Urmiya koʻli dunyodagi eng katta oqmas shoʻr koʻl hisoblanadi, ayni vaqtda uni qutqarish boʻyicha ish olib borilyapti. Mabodo, u qurisa, oʻrnida milliardlab tonna tuz qoladi. Havza yaqinida yashaydigan million-million kishilar boʻlsa, xuddi Orolboʻyi aholisiga oʻxshagan holatga tushadi.

Buning ustiga, koʻl va dengizlarni toʻldirib turuvchi daryolardan (ayniqsa, ular transchegaraviy boʻlsa) suv olishni nazorat qilish juda qiyin. Baʼzi ekspert­lar esa dunyoning muayyan mintaqalaridagi chuchuk suv va oziq-­ovqat taqchilligi hatto mamlakatlar oʻrtasida nizo kelib chiqishiga sabab boʻlishi ham ehtimoldan yiroq emas, deyishmoqda.

Darvoqe, bu yerda ham Oʻzbekis­ton tajribasi qoʻl kelishi mumkin. Suv zaxiralari sababli qoʻshni mamlakatlar bilan bizning oʻrtamizda bahslar boʻlgani esimizda. Baʼzan oʻzaro daʼvo qilishgacha borganmiz. Shavkat Mirziyoyevning Prezident boʻlganidan keyin birinchi qilgan ishi qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash va hamkorlik oʻrnatish boʻldi, shu jumladan, suv zaxiralaridan birgalikda foydalanish masalasida ham. Maʼlum boʻldiki, “davra stoli” atrofida, uchrashuv va muzokaralar yoʻli bilan, suv masalasini qoʻshib hisoblaganda, koʻpgina muammolarni hal qilish mumkin ekan. Mana, oʻtgan yili suv taqchilligi sezilgan vaqtda qoʻshnilar bilan birga, shunday qoʻshma chora-tadbirlar qoʻllanildiki, suvsizlikdan koʻriladigan zarar minimal darajagacha kamaytirildi.

Qisqasi, yana bir bor takrorlayman, Orol fojiasining saboqlari juda dolzarb va hamma ulardan tegishli xulosa chiqarishi lozim.

Sobir ALIYEV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?