«O‘rmon to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida

10:00 17 Aprel 2018 Hujjatlar
1081 0

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 aprelda qabul qilingan «O‘rmon to‘g‘risida»gi 770–I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 5, 122-modda; 2000 yil, № 5–6, 153-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 10, 536-modda; 2009 yil, № 12, 470-modda; 2011 yil, № 1, 1-modda; 2013 yil, № 4, 98-modda; 2017 yil, № 9, 510-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti        Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018 yil 16 aprel
№ O‘RQ—475

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘rmon to‘g‘risida

(yangi tahriri)

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi 

Ushbu Qonunning maqsadi o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Yer, suv, yer osti boyliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, o‘rmonlardan foydalanish sohasidagi munosabatlar tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. O‘rmonlarning vazifalari

O‘rmonlar asosan ekologik (tuproqni muhofaza qilish, suvni muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosini hamda boshqa tabiiy resurslarni muhofaza qilish, himoya, sanitariya-gigiyena, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya) va ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni bajaradi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
o‘rmon — o‘rmon fondi yerlaridagi o‘zaro ta’sir ko‘rsatuvchi va atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadigan, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega daraxtlar, butalar va boshqa tabiiy ob’ektlar (yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi) majmui;
o‘rmonlarni ko‘paytirish — o‘rmon bilan qoplanmagan o‘rmon fondi yerlarida daraxtlar va butalarni ekish hamda yetishtirish;
o‘rmonlarni muhofaza qilish — o‘rmonlarga salbiy ta’sirlarning oldini olishga qaratilgan faoliyat;
o‘rmonlarni takroriy ko‘paytirish — daraxt va butalarning tabiiy muhitda o‘sishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda o‘rmon fondi yerlarida o‘rmon daraxtlari urug‘lari va ko‘chatlarini plantatsiya usulida ekish;
o‘rmondan foydalanuvchilar — o‘rmondan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
o‘rmonlarni qayta tiklash — kesilgan, yong‘inlar, o‘rmon zararkunandalari, kasalliklari hamda boshqa salbiy ta’sirlar oqibatida shikast yetkazilgan daraxt va butalar o‘rnida iqlim sharoitlariga mos keladigan daraxt va butalar turlarini ekish.

5-modda. O‘rmonlarga bo‘lgan mulkchilik

O‘rmonlar davlat mulki — umummilliy boylik bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish lozim hamda ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

6-modda. Davlat o‘rmon fondi

Barcha o‘rmonlar davlat o‘rmon fondini tashkil etadi. 
Davlat o‘rmon fondi: 
davlat ahamiyatiga molik o‘rmonlardan, ya’ni davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tasarrufidagi o‘rmonlardan; 
boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanishidagi o‘rmonlardan iboratdir.

7-modda. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtzor va butazorlar

Quyidagilar davlat o‘rmon fondiga kirmaydi:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardagi ekinzorlarning ihota daraxtzorlari, shuningdek boshqa daraxtzor va butazorlar;
temir yo‘llarning, avtomobil yo‘llarining, tabiiy va sun’iy suv oqimlarining, suv havzalarining hamda boshqa suv ob’ektlarining ajratilgan mintaqalaridagi ihota daraxtzorlar;
shaharlardagi hamda boshqa aholi punktlaridagi daraxtzor va butazorlar, shuningdek ko‘kalamzorlashtirish uchun ekilgan o‘simliklar;
tomorqalardagi va bog‘ uchastkalaridagi daraxtzor va butazorlar.
Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish, ularni parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

8-modda. O‘rmon fondi yerlari

O‘rmon bilan qoplangan yerlar, shuningdek o‘rmon bilan qoplanmagan, ammo o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar o‘rmon fondi yerlari deb e’tirof etiladi. O‘rmon fondi yerlarining chegaralari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
O‘rmon fondi yerlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, foydalanish uchun, shu jumladan ijaraga berilishi mumkin.

9-modda. Davlat o‘rmon fondi uchastkalari

Davlat o‘rmon fondi uchastkalari davlat o‘rmon fondining bir qismi bo‘lib, ular davlat o‘rmon kadastrida ko‘rsatilgan muayyan chegaraga, maydonga, joylashgan yeriga, huquqiy rejimga va boshqa xususiyatlarga ega bo‘ladi.

2-bob. O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasini tartibga solish

10-modda. O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish;
qoidalar, normalar va normativlarni belgilash;
davlat nazoratini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

11-modda. O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi

O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. 
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va uning hududiy organlari davlat o‘rmon xo‘jaligi organlaridir.

12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
umumdavlat ahamiyatiga molik muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
davlat o‘rmon fondini tasarruf etadi;
o‘rmonlarning qo‘riqlanish toifalarini aniqlash tartibini belgilaydi;
o‘rmondan foydalanganlik uchun haq undirish tartibi va miqdorlarini belgilaydi;
davlat nazoratini tashkil etadi va amalga oshiradi;
o‘rmonlarning monitoringini, davlat hisobini va davlat o‘rmon kadastrini yuritish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
yagona davlat siyosatini amalga oshiradi; 
davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirishda ishtirok etadi;
o‘z vakolatlari doirasida qoidalar, normalar va normativlarni qabul qiladi;
barcha o‘rmonlarda o‘rmon tuzishning yagona tizimini belgilaydi;
o‘rmon fondi yerlarida idoraviy nazoratni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini yuritishda ishtirok etadi; 
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarga o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanish, pichan o‘rish, chorva mollarini o‘tlatish, daraxtzor hamda butazorlarni kesish, shuningdek asalari uyalari va qutilarini joylashtirish uchun ruxsatnoma beradi;
o‘rmon fondi yerlarida biotexnik tadbirlarni amalga oshiradi;
o‘rmon fondi yerlaridagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklarini yuritish, boshqarish hamda rivojlantirishni tashkil etadi;
o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlarining bajarilishini tashkil etadi;
o‘rmonlarning mahsuldorligini oshirish maqsadida ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini joriy etadi, o‘simliklar seleksiyasi va urug‘chilik bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi;
manzarali, mevali daraxtlar va butalarni yetishtirishga, dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarini barpo etishga doir usullarni ishlab chiqadi, manzarali o‘simliklar ko‘chatlarini sertifikatlashtirish hamda standartlashtirishning yagona tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlaydi;
o‘rmonlarning monitoringini, davlat hisobini, davlat o‘rmon kadastrini belgilangan tartibda yuritadi;
o‘rmonlarni yong‘inlar, zararkunandalardan va kasalliklardan himoya qilishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini, o‘rmonlarning qonunga xilof ravishda kesishlardan hamda o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining boshqacha tarzda buzilishlaridan muhofaza qilinishini ta’minlaydi;
o‘rmon xo‘jaliklarida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirishni, ko‘chat yetishtirishni, dorivor o‘simliklar yig‘ishni, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishni hamda qayta ishlashni, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etadi;
o‘rmon xo‘jaligi sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

14-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, o‘z vakolatlari doirasida qoidalar, normalar va normativlarni tasdiqlaydi;
davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi;
o‘rmon fondidan barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini tanlash materiallarining, o‘rmon tuzish loyihalarining, davlat o‘rmon fondining tabiiy resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq loyihaoldi, loyiha hujjatlarining davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazadi;
davlat o‘rmon fondi uchastkalaridagi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

15-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari bilan kelishilgan holda yuridik va jismoniy shaxslarga davlat o‘rmon fondi uchastkalarini beradi, bundan o‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa suv ob’ektlari sohillari bo‘ylab o‘tgan taqiqlangan mintaqalari, yerlari, o‘rmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvuldiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari, suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o‘rmonlar, davlat qo‘riqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining, umumdavlat ahamiyatiga molik buyurtma qo‘riqxonalarning, umumdavlat ahamiyatiga molik kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘rmonlari mustasno;
pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish normalarini davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining taqdimnomasiga binoan tasdiqlaydi;
o‘rmonlarning davlat hisobi va davlat o‘rmon kadastri yuritilishini ta’minlaydi; 
davlat nazoratini amalga oshiradi; 
o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari bundan mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi. 
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

16-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning o‘rmonlarni muhofaza qilishni, himoya qilishni, ko‘paytirishni, takroriy ko‘paytirishni, qayta tiklashni, ularning mahsuldorligini oshirishni va ulardan foydalanishni ta’minlashda ishtirok etishi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
aholi o‘rtasida fuqarolarning huquqiy savodxonligini va ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi. 
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish bo‘yicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi, davlat organlariga ko‘maklashishi mumkin.

3-bob. O‘rmonlarni muhofaza qilishni va himoya qilishni tashkil etish

17-modda. O‘rmonlarni muhofaza qilish chora-tadbirlari

O‘rmonlarni muhofaza qilish chora-tadbirlari quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish va ulardan foydalanish sohasidagi qoidalar, normalar hamda normativlarni belgilash;
o‘rmon tuzish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
o‘rmondan foydalanishda cheklovlar va taqiqlar belgilash;
o‘rmondan maxsus foydalanish huquqini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish;
o‘rmondan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning va undan foydalanish borasida belgilangan tartibning boshqa buzilishlarining oldini olish;
xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshirishda o‘rmonga zararli ta’sir ko‘rsatilishining yoki uning yo‘q qilib yuborilishining oldini olish;
o‘rmonlarning monitoringini, davlat hisobini va davlat o‘rmon kadastrini yuritish;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;
o‘rmon fondi yerlarida biotexnik tadbirlarni o‘tkazish;
o‘rmonlarni yong‘inlardan muhofaza qilish, zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
O‘rmonlarni muhofaza qilish chora-tadbirlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘llar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

18-modda. O‘rmon tuzish

O‘rmon tuzish o‘rmonlarni muhofaza qilishni, himoya qilishni, ko‘paytirishni, takroriy ko‘paytirishni, qayta tiklashni, ularning mahsuldorligini oshirishni va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar tizimidan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat o‘rmon fondi uchastkalarining chegaralarini belgilash va davlat o‘rmon fondining o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar foydalanishidagi hududining ichki xo‘jaligini tashkil etish;
topografiya-geodeziya ishlarini bajarish va o‘rmonlarni maxsus xaritaga kiritish hamda ularning elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
davlat o‘rmon fondini inventarizatsiyadan o‘tkazish;
o‘rmonlarning yetilish yoshini belgilash, o‘rmon xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq holda o‘rmon daraxtlarining kesilishi hisob-kitobini, kesishlarning miqdorlarini hamda o‘rmondan foydalanishning boshqa turlari miqdorlarini aniqlash;
davlat o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor hamda texnik xom ashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash, daraxtlar hamda butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish hajmlarini aniqlash;
davlat o‘rmon fondi uchastkalarida asalari uyalari va qutilarini joylashtirish, o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish imkoniyatlarini belgilash;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, qayta tiklash va ko‘paytirish borasidagi ishlar hajmini, shuningdek boshqa o‘rmon xo‘jaligi ishlari hajmini aniqlash;
o‘rmon tuzish loyihalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish.
O‘rmon tuzish loyihalari davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi. 
O‘rmon tuzish loyihalari o‘rmon xo‘jaligini, o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklarini yuritish, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga doir ishlarni tashkil etish hamda yuritish, o‘rmondan oqilona foydalanishni, joriy va istiqbolga mo‘ljallangan rejalashtirishni amalga oshirish uchun asosiy normativ-texnik hujjatdir.
O‘rmon tuzish O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda barcha o‘rmonlarda yagona tizim bo‘yicha amalga oshiriladi.

19-modda. O‘rmonlar monitoringi

O‘rmonlar monitoringi o‘rmonlarga salbiy ta’sirlarning o‘z vaqtida oldi olinishi uchun davlat o‘rmon fondi holatidagi o‘zgarishlarni aniqlashga, uni baholash va prognoz qilishga doir muntazam kuzatuvlardan iboratdir.
O‘rmonlar monitoringi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

20-modda. O‘rmonlarning davlat hisobi

O‘rmonlarning davlat hisobi davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan o‘rmon tuzish loyihalari asosida, o‘rmon tuzish amalga oshirilmagan joylarda esa davlat o‘rmon fondini inventarizatsiyadan o‘tkazish va tekshirish materiallari asosida yuritiladi.
O‘rmonlarning davlat hisobi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yagona tizim bo‘yicha yuritiladi.

21-modda. Davlat o‘rmon kadastri

Davlat o‘rmon kadastri O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan barcha o‘rmonlar, ularning geografik o‘rni, huquqiy rejimi, miqdoriy va sifat tavsiflari hamda iqtisodiy bahosi to‘g‘risidagi yangilab boriladigan ishonchli kadastr axboroti tizimidan iborat bo‘ladi. 
Davlat o‘rmon kadastri o‘rmonga oid munosabatlarni tartibga solish, o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ulardan oqilona foydalanish va ularni takroriy ko‘paytirish maqsadida manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarni o‘rmon to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangandir.
Davlat o‘rmon kadastri davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yagona tizim bo‘yicha yuritiladi.

22-modda. O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi nazorat

O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat nazorati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi idoraviy nazorat O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. 
O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi ishlab chiqarish nazoratini xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘zlariga biriktirilgan hududlarda amalga oshiradi. 
O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi jamoatchilik nazorati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan amalga oshiriladi.

23-modda. O‘rmonlarni muhofaza qilish

Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida o‘rmonni undan foydalanish tartibi buzilishidan, shu jumladan o‘rmonni qonunga xilof ravishda kesishlardan hamda o‘rmonga boshqacha tarzda zararli ta’sir ko‘rsatilishidan muhofaza qilinishini ta’minlaydi.
Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rmonda yong‘inning oldini olish, yong‘inga qarshi kurashishga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlaydi, zarur hollarda yong‘inni o‘chirish uchun aholini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning o‘t o‘chirish, yer qazish texnikasini hamda transport vositalarini jalb etadi, yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan davrda aholining o‘rmonda bo‘lishini hamda o‘rmonlarga transport vositalari va boshqa vositalar kirishini cheklaydi yoki taqiqlaydi.
O‘rmondan foydalanuvchilar o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligiga rioya etishi, ish joylarida yong‘inga qarshi tadbirlar o‘tkazishi, o‘rmonlarda yong‘inlar chiqqan taqdirda esa ularning o‘chirilishini ta’minlashi shart.

24-modda. O‘rmonlarni yong‘inlardan, zararkunandalar, kasalliklar va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish

O‘rmonlarni yong‘inlar, zararkunandalar, kasalliklardan va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish o‘rmondan foydalanuvchilar tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi: 
yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish va yong‘inga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, yong‘in chiqqanda uni o‘chirish choralarini ko‘rish;
o‘rmon zararkunandalari, kasalliklari o‘choqlarini, sanoat va maishiy chiqindilarning hamda boshqa salbiy omillarning ta’sir doiralari rivojlanishini hisobga olish va prognoz qilish;
o‘rmon zararkunandalarining ommaviy ko‘payish va o‘rmon kasalliklarining tarqalish o‘choqlari yuzaga kelishi hamda kengayishining oldini olish, o‘rmonlarning biologik jihatdan chidamliligini oshirish tadbirlarini o‘tkazish.
O‘rmonlarni yong‘inlar, zararkunandalar, kasalliklardan va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

25-modda. O‘rmon qo‘riqchiligi

O‘rmon qo‘riqchiligi o‘rmonlarni muhofaza qilish va himoya qilishni ta’minlash maqsadida davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan tashkil etiladi.
O‘rmon qo‘riqchiligining mansabdor shaxslari ayni vaqtda davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining inspektorlaridir.
O‘rmon qo‘riqchiligining mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari doirasida:
yuridik va jismoniy shaxslarning o‘rmondan foydalanishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshiradi;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ulardan foydalanish va ularni takroriy ko‘paytirish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzadi;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni tegishli organlarga olib boradi;
qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan o‘rmon mahsulotini va uni qo‘lga kiritish vositalarini olib qo‘yadi; 
huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi materiallarni tegishli organlarga yuboradi;
o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida sudga da’volar taqdim etadi;
yuridik va jismoniy shaxslarga o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish haqida ko‘rsatmalar beradi.
O‘rmon qo‘riqchiligining faoliyat ko‘rsatish tartibi va davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining o‘rmon qo‘riqchiligini amalga oshiruvchi inspektorlari tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

26-modda. O‘rmon xo‘jaligini tashkil etishning asosiy qoidalari

O‘rmon xo‘jaligini tashkil etish:
o‘rmonlarning himoya qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va boshqa foydali tabiiy xususiyatlarini saqlash hamda kuchaytirishni;
o‘rmonlardan oqilona foydalanishni;
o‘rmonlarni ko‘paytirishni, takroriy ko‘paytirishni, qayta tiklashni, ularning mahsuldorligini oshirishni, tur tarkibi va sifatini yaxshilashni;
o‘rmonlarni yong‘inlardan muhofaza qilishni, zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilishni;
o‘rmonlarning qo‘riqlanish toifalarini aniqlashni;
o‘rmonlarning yetilish yoshini, kesish usullarini va o‘rmondan foydalanish normalarini belgilashni;
o‘rmon fondi yerlaridan oqilona foydalanishni ta’minlashi kerak.
O‘rmon xo‘jaligini tashkil etish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkiliy-texnik tadbirlar bilan ham ta’minlanadi.

27-modda. O‘rmonlarning qo‘riqlanish toifalari

O‘rmonlar belgilangan maqsadi va bajaradigan vazifalariga muvofiq quyidagi qo‘riqlanish toifalari jumlasiga kiritiladi:
o‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa suv ob’ektlari sohillari bo‘ylab o‘tgan taqiqlangan mintaqalari;
o‘rmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvuldiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari;
eroziyadan saqlaydigan o‘rmonlar;
o‘rmonlarning temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari yoqalab o‘tgan ihota mintaqalari;
cho‘l va chala cho‘l zonalarining o‘rmonlari;
shahar o‘rmonlari va o‘rmon-bog‘lari;
shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining ko‘kalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi o‘rmonlar;
suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o‘rmonlar;
alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmonlar;
yong‘oqchilik zonalaridagi o‘rmonlar;
o‘rmonlarning mevali daraxtzorlari;
davlat qo‘riqxonalarining o‘rmonlari;
majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining o‘rmonlari;
tabiat bog‘larining o‘rmonlari;
buyurtma qo‘riqxonalarning o‘rmonlari;
kurort tabiiy hududlarning o‘rmonlari;
davlat biosfera rezervatlarining o‘rmonlari;
davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘rmonlari;
ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rmonlar.
O‘rmonlarni qo‘riqlanish toifalariga kiritish O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

4-bob. O‘rmonlarni ko‘paytirish, qayta tiklash va ularning mahsuldorligini oshirish

28-modda. O‘rmonlarni ko‘paytirish

O‘rmonlarni ko‘paytirish o‘rmondan foydalanuvchilar tomonidan hududlarning serdaraxtligini oshirish, o‘rmonlarning tur tarkibini yaxshilash, qimmatli daraxt navlarini ko‘paytirish va eroziya jarayonlarining oldini olish maqsadida quyidagilar orqali maxsus dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
daraxtlar va butalarning ko‘chatlarini, urug‘larini ekish;
tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlarini bajarish;
qimmatli daraxt navlarini ko‘paytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, manzarali, mevali daraxtlar va butalar yetishtirishning samarali usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish.
O‘rmonlarni ko‘paytirish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yo‘llar bilan ham amalga oshiriladi.
O‘rmonlarni ko‘paytirish uchun beriladigan, qishloq xo‘jaligiga va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar qonun hujjatlariga muvofiq o‘rmon fondi yerlari toifasiga o‘tkaziladi.

29-modda. O‘rmonlarni qayta tiklash

O‘rmonlarni qayta tiklash quyidagi talablarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi:
daraxtlar kesilgan, yong‘inlar, o‘rmon zararkunandalari, kasalliklari va boshqa salbiy ta’sirlar oqibatida zararlangan joylarda xo‘jalik jihatidan qimmatli daraxtlar turlarini majburiy ravishda ekishni ta’minlash; 
mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, qurg‘oqchilikka, zararkunandalar va kasalliklarga chidamli o‘simliklar turlarini tanlashga doir tavsiyalarga rioya etish; 
o‘rmonlarning tur tarkibini yaxshilash, ularning mahsuldorligini va himoya xususiyatlarini oshirish;
o‘rmonning tabiiy ravishda tiklanishi uchun qulay sharoitlar yaratish;
o‘rmonlarning genetik fondi va biologik xilma-xilligini saqlab qolish.
O‘rmonlarni qayta tiklash tartibi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

30-modda. O‘rmonlarning mahsuldorligini oshirish

O‘rmonlarning mahsuldorligini oshirish o‘rmonlarni takroriy ko‘paytirish, ularning tur tarkibini yaxshilash, o‘rmon melioratsiyasi va o‘rmonlarni plantatsiya usulida yetishtirish natijasida amalga oshiriladi.

5-bob. O‘rmondan foydalanishning asosiy qoidalari

31-modda. O‘rmondan foydalanish

Davlat o‘rmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga foydalanishga berilishi mumkin. 
O‘rmondan foydalanish umumiy yoki maxsus bo‘lishi mumkin. 
O‘rmondan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan bepul va o‘z ehtiyojlari uchun belgilangan hajmlarda, ushbu Qonun 36-moddasi birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan foydalanish turlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘rmondan maxsus foydalanish uchun haq to‘lanadi. To‘lovlar miqdori va ularni undirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘rmondan foydalanish doimiy va vaqtincha bo‘lishi mumkin.
O‘rmon fondi yerlari o‘zlariga doimiy egalik qilishga berib qo‘yilgan o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlari o‘rmondan doimiy foydalanuvchilardir.
O‘rmondan qisqa muddatli yoki uzoq muddatli foydalanish huquqini beruvchi tegishli hujjatlar asosida davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar o‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilardir.
O‘rmondan vaqtincha foydalanish qisqa muddatli — uch yilgacha va uzoq muddatli — o‘n yilgacha bo‘lishi mumkin.

32-modda. O‘rmondan maxsus foydalanish huquqini berish

O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi yuridik va jismoniy shaxslarga davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan beriladi.
O‘rmondan maxsus foydalanishni amalga oshirishga ruxsatnoma, o‘rmon kesish (o‘rmon) chiptasi bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi, bundan ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.

33-modda. O‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari

O‘rmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat o‘rmon fondining o‘zlariga berilgan uchastkalarida o‘rmon xo‘jaligini mustaqil yuritish, o‘rmondan foydalanish;
o‘rmon fondi yerlaridan, suv resurslaridan, keng tarqalgan foydali qazilmalardan belgilangan tartibda o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish;
belgilangan tartibda yo‘l ochish, o‘rmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalarni jihozlash, ishlab chiqarish va turarjoy binolari hamda inshootlarini qurish;
tayyorlangan mahsulotga va uni realizatsiya qilishdan olingan daromadga mulkdor bo‘lish.
O‘rmondan doimiy foydalanuvchilar:
o‘rmonlarning muhofaza qilinishini, himoya qilinishini, ko‘paytirilishini, takroriy ko‘paytirilishini, qayta tiklanishini, mahsuldorligi oshirilishini va ulardan oqilona foydalanilishini ta’minlashi;
o‘rmonlarning monitoringini, davlat hisobini va davlat o‘rmon kadastrini yuritishi;
ishlarni o‘rmonlarning holatiga hamda ularni takroriy ko‘paytirishga, shuningdek tuproqning, o‘simlik va hayvonot dunyosining, suv ob’ektlarining va boshqa tabiiy ob’ektlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydigan usullar bilan yuritishi;
o‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilarning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishi; 
o‘rmonlarda yong‘inga qarshi tadbirlar o‘tkazishi va yong‘inlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, shuningdek o‘rmonlarni zararkunandalar hamda kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazishi;
o‘rmon fondi yerlarida biotexnik tadbirlarni amalga oshirishi;
o‘rmondan foydalanganlik uchun o‘z vaqtida va belgilangan tartibda haq to‘lashi;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini ta’minlashi; 
o‘rmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi shart. 
O‘rmondan doimiy foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.

34-modda. O‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari

O‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
o‘rmondan foydalanishni o‘rmondan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarda ko‘rsatilgan davlat o‘rmon fondi uchastkalari doirasida, belgilangan muddatlarda va o‘rmondan foydalanish turlari bo‘yicha amalga oshirish;
belgilangan tartibda yo‘l ochish, o‘rmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalar jihozlash, ishlab chiqarish binolari va inshootlari qurish.
O‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilar:
o‘zlariga berib qo‘yilgan yaylovlar, pichanzorlar va boshqa o‘rmonzorlardan oqilona foydalanishi;
ishlarni o‘rmonlarning holatiga hamda ularni takroriy ko‘paytirishga, shuningdek tuproqning, o‘simlik va hayvonot dunyosining, suv ob’ektlarining va boshqa tabiiy ob’ektlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydigan usullar bilan yuritishi;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish sohasida belgilangan qoidalar, normalar va normativlarga rioya etishi;
o‘rmonlarda yong‘inga qarshi tadbirlarni o‘tkazishi va yong‘inlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, shuningdek o‘rmonlarni zararkunandalar hamda kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazishi;
o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar bilan kelishilgan holda davlat o‘rmon fondi uchastkalarida biotexnik tadbirlarni amalga oshirishi;
o‘rmondan foydalanganlik uchun o‘z vaqtida va belgilangan tartibda haq to‘lashi;
o‘rmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi shart.
O‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.

35-modda. O‘rmondan foydalanuvchilar huquqlarining kafolatlari

O‘rmondan foydalanuvchilarning faoliyatiga davlat organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘rmondan foydalanuvchilarning buzilgan huquqlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tiklanishi lozim.
O‘rmondan foydalanuvchilarning huquqlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararlarning (shu jumladan boy berilgan foydaning) o‘rni to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

36-modda. O‘rmondan foydalanish turlari

O‘rmondan foydalanish turlari quyidagilardan iborat: 
daraxtzorlar va butazorlarni kesish;
pichan o‘rish;
chorva mollarini o‘tlatish;
asalari uyalari va qutilarini joylashtirish;
yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xom ashyosini yig‘ish hamda tayyorlash;
yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni oziq-ovqat maqsadlari uchun yig‘ish va tayyorlash;
daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish;
o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanish;
ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish.
Qonun hujjatlarida o‘rmondan foydalanishning boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.

37-modda. Daraxtzorlar va butazorlarni kesish

Binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish chog‘ida davlat o‘rmon fondi uchastkalaridagi daraxtzorlar va butazorlarni ishlab chiqarish-texnik zaruratdan kelib chiqmagan holda kesish taqiqlanadi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, o‘rmon kesish (o‘rmon) chiptalari asosida va faqat o‘rmonlarni albatta qayta tiklash sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.
Daraxtzorlar va butazorlarni kesish o‘rmonlarning qo‘riqlanish toifalariga qarab, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan O‘rmonni parvarish qilish uchun kesish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘rmonlarning temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari yoqalab o‘tgan ihota mintaqalarida, cho‘l va chala cho‘l zonalarining o‘rmonlarida o‘rmonning holatini yaxshilash maqsadida parvarish qilish uchun kesishga yo‘l qo‘yiladi. 
O‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa suv ob’ektlari sohillari bo‘ylab o‘tgan taqiqlangan mintaqalarida, o‘rmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvuldiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan o‘rmonlarda, shahar o‘rmonlari va o‘rmon-bog‘larida, shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining ko‘kalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi o‘rmonlarda, suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o‘rmonlarda, alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmonlarda, yong‘oqchilik zonalaridagi o‘rmonlarda, o‘rmonlarning mevali daraxtzorlarida, tabiat bog‘larining o‘rmonlarida (ularning qo‘riqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), kurort tabiiy hududlarning o‘rmonlarida, davlat biosfera rezervatlarining o‘rmonlarida (ularning qo‘riqxonaga aylantirilgan zonalari bundan mustasno), ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rmonlarda o‘rmon kesish (o‘rmon) chiptasi bo‘yicha faqat oraliq foydalanishdagi kesishga (o‘rmon parvarishi va sanitariya maqsadida kesishga) yo‘l qo‘yiladi. 
Barcha qo‘riqlanish toifalaridagi o‘rmonlarda yong‘inga qarshi oraliq joy hosil qilish bilan bog‘liq kesishlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin, bundan davlat qo‘riqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining o‘rmonlari, tabiat bog‘larining, davlat biosfera rezervatlarining qo‘riqxonaga aylantirilgan zonalaridagi o‘rmonlari mustasno. 
O‘rmonni parvarish qilish uchun kesish, plantatsiyalarda hamda davlat o‘rmon fondi uchastkalarida maqsadli foydalanish, sanoat va aholining yog‘ochga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash uchun yetishtirilayotgan tez o‘suvchi daraxt va butalarni kesish O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi belgilagan tartibda o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Yong‘inlar, o‘rmon zararkunandalari, kasalliklari hamda boshqa salbiy ta’sirlar oqibatida shikastlangan o‘rmonlarni kesishga ularni tanlab va sanitariya maqsadida kesish tartibida yo‘l qo‘yiladi.

38-modda. Pichan o‘rish 

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rishga shu maqsadlar uchun maxsus mo‘ljallangan maydonlarda davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida yo‘l qo‘yiladi.
Davlat o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish uchun maydonlar o‘rmon tuzish loyihalari, yaylovlardan almashlab foydalanish sxemalari va pichan o‘rishning kalendar jadvali hisobga olingan holda foydalanishga beriladi. 
Davlat o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Pichan o‘rish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

39-modda. Chorva mollarini o‘tlatish

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat o‘rmon fondi uchastkalarida chorva mollarini o‘tlatish shu maqsadlar uchun maxsus mo‘ljallangan maydonlarda davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari beradigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
O‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlari va boshqa suv ob’ektlari sohillari bo‘ylab o‘tgan taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan o‘rmonlarda, suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o‘rmonlarda, alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmonlarda, yong‘oqchilik zonalaridagi o‘rmonlarda, davlat qo‘riqxonalarining o‘rmonlarida, shuningdek belgilangan rejimga muvofiq tabiat bog‘larining, buyurtma qo‘riqxonalarning, kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘rmonlarida chorva mollarini o‘tlatishga yo‘l qo‘yilmaydi. 
Davlat o‘rmon fondi uchastkalarida chorva mollarini o‘tlatishga yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning kamyob va qimmatli turlari tabiiy ravishda takroriy ko‘payishini, yovvoyi hayvonlarni saqlab qolishni, shuningdek eroziya jarayonlarining yuzaga kelish ehtimolining oldini olishni ta’minlash sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.
Hayvonot dunyosini hayvonlarning yuqumli va boshqa kasalliklaridan himoya qilish hamda ular tarqalishining oldini olish maqsadida davlat o‘rmon fondi uchastkalarida chorva mollarini o‘tlatishga chorva mollarini, ulovlarni (otlar, eshaklar, tuyalar) va ularni qo‘riqlovchi itlarni veterinariya-laboratoriya ko‘rigidan o‘tkazish sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.
Davlat o‘rmon fondi uchastkalarida chorva mollarini o‘tlatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Chorva mollarini o‘tlatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

40-modda. Asalari uyalari va qutilarini joylashtirish

Yuridik va jismoniy shaxslarga asalari uyalari va qutilarini joylashtirish uchun davlat o‘rmon fondi uchastkalari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining ruxsatnomasi bo‘yicha beriladi. 

41-modda. Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xom ashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash

Yuridik va jismoniy shaxslarga yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xom ashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun ruxsatnoma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan beriladi.
Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xom ashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mavjud o‘simliklar resurslarining tugab qolishiga hamda o‘rmon xo‘jaligiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan vositalar va usullar bilan amalga oshiriladi.

42-modda. Daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish

O‘rmondan doimiy foydalanuvchilar tomonidan davlat o‘rmon fondi uchastkalari daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalar yig‘ish uchun yuridik hamda jismoniy shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilishi mumkin.

43-modda. O‘rmon fondi yerlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanish

O‘rmon fondi yerlarida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish davlat o‘rmon fondiga zarar yetkazmagan holda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

44-modda. O‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish

Davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish huquqi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi.
Davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

45-modda. Ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanish

Davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanish qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanishga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar bilan kelishilgan holda yo‘l qo‘yiladi.
Davlat o‘rmon fondining madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanish uchun berilgan uchastkalarida o‘rmondan foydalanuvchilar bu uchastkalarni obodonlashtirishga doir tadbirlarni o‘rmonlarni hamda tabiiy landshaftlarni, o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlash, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi va sanitariya qoidalariga rioya qilish sharti bilan o‘tkazadi. 
Davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

46-modda. Ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish

Davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.

47-modda. Fuqarolarning o‘rmonlarda bo‘lishi

Fuqarolar o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan umumiy foydalanish tartibida o‘rmonlarda bo‘lish, yovvoyi holda o‘suvchi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar, mevalar va qo‘ziqorinlarni qonun hujjatlarida belgilangan shartlar asosida o‘z ehtiyojlari uchun yig‘ish huquqiga ega.
O‘rmonlarda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni, shuningdek zaharli, tarkibida giyohvandlik moddalari mavjud bo‘lgan o‘simliklarni fuqarolar tomonidan yig‘ish taqiqlanadi.
Fuqarolar o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligiga rioya etishi, daraxtlar va butalarni sindirishga, kesishga, o‘rmon ekinlariga shikast yetkazilishiga, o‘rmonlarning maishiy hamda boshqa chiqindilar bilan ifloslanishiga, yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti yo‘q qilinishiga va urchish joylari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi, shuningdek o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa talablarni bajarishi shart.

48-modda. Chegara zonasida o‘rmondan foydalanish xususiyatlari

Chegara zonasida o‘rmondan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.

49-modda. Qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan o‘rmon mahsulotini olib qo‘yish 

Qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan o‘rmon mahsuloti olib qo‘yilishi lozim.
Qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan o‘rmon mahsulotini olib qo‘yishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, uning qiymati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda undirib olinadi.

50-modda. O‘rmonlarning holatiga va ularni takroriy ko‘paytirishga ta’sir ko‘rsatadigan korxonalarni, inshootlarni va boshqa ob’ektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish hamda ishga tushirish

O‘rmonlarning holatiga va ularni takroriy ko‘paytirishga ta’sir etadigan yangi hamda rekonstruksiya qilinayotgan korxonalarni, inshootlarni va boshqa ob’ektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish hamda ishga tushirish, shuningdek yangi texnologiyalarni joriy etish o‘rmonlarni muhofaza qilishga, takroriy ko‘paytirishga doir tadbirlar ta’minlangan holda amalga oshiriladi.
O‘rmonlarning holatiga va ularni takroriy ko‘paytirishga ta’sir etadigan korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa ob’ektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, shu jumladan yangi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek daraxt turlarini kesish zaruriyati qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda majburiy ravishda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilib, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishiladi.

51-modda. O‘rmon xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni amalga oshirish tartibi

O‘rmon fondi yerlarida o‘rmon xo‘jaligini yuritish va o‘rmondan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan qurilish hamda portlatish ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish, kabellar, quvurlar va boshqa kommunikatsiyalarni o‘tkazish, parmalash ishlari va boshqa ishlar davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari bilan kelishilgan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘rmon fondi yerlarida o‘rmon xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar o‘rmonlarni qayta tiklash, o‘rmon fondining holati buzilgan yerlarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart.

52-modda. O‘rmonlardan foydalanishni cheklash va taqiqlash

O‘rmonlarni muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rmonlardan foydalanishga yoki foydalanishning ayrim turlariga nisbatan cheklovlar yoki taqiqlar belgilashi mumkin.
O‘rmondan foydalanuvchilarning, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, shu jumladan davlat o‘rmon fondi uchastkalari ijarachilarining, shuningdek o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanuvchilarning, suvdan foydalanuvchilarning, suv iste’molchilarining hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlari o‘rmonlarni muhofaza qilish manfaatlarini ko‘zlab, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklanishi va ularning zimmasiga tegishli majburiyatlar yuklatilishi mumkin.

53-modda. O‘rmondan maxsus foydalanish huquqini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish

O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi o‘rmonlarni muhofaza qilishni ta’minlash uchun to‘xtatib turilishi, tugatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:
o‘rmondan maxsus foydalanishning ruxsat berishga doir talablari va shartlari buzilganligi aniqlanganda;
davlat o‘rmon xo‘jaligi vakolatli organining o‘rmondan foydalanishning ruxsat berishga doir talablari va shartlariga oid aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi qarori bajarilmaganda.
O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
foydalanish zarurati qolmaganda yoki undan voz kechilganda;
foydalanishning belgilangan muddati o‘tganda;
o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganda;
o‘rmondan maxsus foydalanish huquqi berilgan jismoniy shaxs vafot etganda yoki uning faoliyati tugatilganda yoxud yuridik shaxs tugatilganda.
Qonun hujjatlarida o‘rmondan maxsus foydalanish huquqini to‘xtatib turish yoki tugatish uchun boshqa hollar ham nazarda tutilishi mumkin.
O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi quyidagilar asosida bekor qilinishi mumkin:
o‘rmondan foydalanuvchining ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga ko‘ra;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatib turiladi, tugatiladi yoki bekor qilinadi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

54-modda. O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish hamda iqtisodiy rag‘batlantirish

O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish hamda iqtisodiy rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish sohasidagi faoliyatni moliyalashtirishni va iqtisodiy rag‘batlantirishni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

55-modda. Zararning o‘rnini qoplash

Yuridik va jismoniy shaxslar o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplashi shart.
Zararning o‘rnini qoplash aybdor shaxslarni qonunga muvofiq javobgarlikdan ozod etmaydi.

56-modda. Nizolarni hal etish

O‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 

57-modda. O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?