Oʻrmon xoʻjaliklarida ilk marta 64 ta biolaboratoriyaning tashkil etilishi sohada oʻziga xos islohot boʻldi

18:01 10 Sentyabr 2020 Siyosat
196 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik muhitni yana-da yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, mavjud oʻrmonlarni asrash, oʻrmonlarni koʻpaytirish yuzasidan tizimli tadbirlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ayni masala atroflicha muhokama qilindi. Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha islohotlar natijadorligi bugungi kunning dolzarb masalasiga aylandi. Shuning uchun ham oxirgi uch yilda sohada iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ekologiyani yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar qamrovi kengaytirildi, natijada mamlakatimiz oʻrmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.

Xususan, bu borada ishlarni yuqori bosqichga koʻtarishda foydalanilmay turgan yerlarga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, Orol dengizining 1,2 million gektar qurigan tubida ixota daraxtzorlari barpo etildi, oborotdan chiqib ketgan 10 ming gektar oʻrmon xoʻjaligi yerlari oʻzlashtirildi, 5 yarim ming gektarda yongʻoq, 4 ming gektarda oziq-ovqat ekinlari va dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 3 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Oʻrmon xoʻjaliklarida ilk marta 64 ta biolaboratoriyaning tashkil etilishi ham sohadagi oʻziga xos jadal qadam boʻldi.

Toʻgʻri, hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi bor gap. Jumladan, sohaga xususiy sektorni jalb qilgan holda oʻrmon yerlarini oʻzlashtirish, yilqichilik, chorvachilik, urugʻchilik, koʻchatchilik, turizmni keng yoʻlga qoʻyish kerak.

Mebelsozlik korxonalari tobora koʻpayib bormoqda. Shuni hisobga olgan holda xomashyoning 90 foizini import qilayotganidan kelib chiqib, ularga klaster usulida pavlovniya va boshqa mebelbop daraxtlar yetishtirish uchun yer ajratilishi maqsadga muvofiq. Oʻrmon fondi yerlarini oʻzlashtirishga ham subsidiya va imtiyozlar joriy etish, xususan, sugʻorish nasoslari xarid qilish, quduqlar qazish ishlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega.

Ortga bir nazar tashlasak. Oʻtgan yili dorivor oʻsimliklar plantatsiyasi 2 ming gektarga yetkazilgan edi. Kelgusida bunday maydonlarni 5 ming gektarga yetkazib, hosilni 8 ming tonnagacha oshirish zarurligini davrning oʻzi talab qilmoqda.

Shu oʻrinda Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu sohada turizm faoliyatini ham keng yoʻlga qoʻyish zarur. Chunki oʻrmonlar sayyohlar uchun ham qiziq. Albatta, mablagʻ ham ahamiyat kasb etadi. Masalan, oʻtgan yili ekoturizm va ov turizmidan jami 1 milliard soʻm tushgan. Lekin bu kam. Turizmni rivojlantirish boʻyicha juda katta zaxiralar mavjud. Boriki imkoniyatlarni ishga solib, ekologiya va ov turizmidan daromadlarni 10-15 baravarga oshirish lozim.

Davlatimiz rahbarining mazkur soha taraqqiyoti uchun jon kuydirib aytgan mulohazalarini topshiriq deb bilishimiz zarur. Vazifalarga qay darajada masʼuliyat bilan yondashsak, ularning ijrosida shu darajada samaradorlikka erishamiz.

Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish

masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?