Oʻrmon xoʻjaligi: milliardlab daromad topish imkoniyatidan qachon foydalanamiz?

16:22 09 Sentyabr 2020 Siyosat
203 0

Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirishning ijobiy tomonlari koʻp. Oʻrmon – bu avvalo, yashillik olami, ekologiyaga ijobiy taʼsir demakdir. Tabiatning bu bebaho neʼmati necha ming yillardan beri insoniyatga hamroh boʻlib, xizmat qilib kelmoqda. Bugungi kunda ham oʻrmonlarning ahamiyati yana-da oshdi. Iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etish, aholi bandligini taʼminlashda oʻrmonlarning muhim oʻrni bor. Shuning uchun ham soʻnggi yillarda mamlakatimizda ushbu sohaga eʼtibor yana-da kuchaydi. Oʻrmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan shu masalada oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi taʼkidlandi, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, Prezidentimiz bir qator viloyatlar jumladan, bu yoʻnalishda Surxondaryo viloyatida ham katta imkoniyatlar borligi, ularni xalqimizning obod turmushi uchun safarbar qilish mumkinligini koʻrsatib oʻtdi. Haqiqatan ham, Surxon vohasida oʻrmon xoʻjaligini yana-da rivojlantirish uchun tabiat inʼom etgan neʼmatlar bisyor.

Birgina misol, viloyatda Boysun, Surxondaryo, Bobotogʻ, Uzun va Qiziriq davlat oʻrmon xoʻjaliklari hamda Hisor ixtisoslashgan oʻrmon xoʻjaligining umumiy yer maydoni 376 ming 73 gektarni tashkil etadi. 2020-yilning oʻtgan davri mobaynida vohada 122 gektar maydonda ihota oʻrmonzorlari barpo etildi, 633 gektar yer maydoni oʻzlashtirildi.

Videoselektor yigʻilishida oʻrmon fondi yerlarini oʻzlashtirishga ham subsidiya va imtiyozlar joriy etish, xususan, sugʻorish nasoslari xarid qilish, quduqlar qazish ishlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari, koʻp joylarda, shular qatori Uzun, Boysun tumanlarida oʻrmon xoʻjaligi rezervlaridan foydalanish ishlari yetarlicha tashkil etilmaganini tanqid qildi. Albatta, bundan toʻgʻri xulosa chiqarishimiz kerak.

Bugun sohani yana-da rivojlantirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Yaqinda viloyat oʻrmon xoʻjaliklarining 27 ming 500 gektar maydonida 1100 gektar pista plantatsiyalari barpo etiladi. Shu bilan birga, 2021-2020-yillarda 2 ming gektar hududda yongʻoq va pistazorlar tashkil etiladi. 70 gektar maydonda tezoʻsar va seryogʻoch pavlovniya daraxtlari ekiladi.

Imkoniyatlardan unumli foydalanilsa, Uzun tumani Bobotogʻ hududida yetishtiriladigan 27 ming gektardagi pistazorning oʻzidan keladigan daromad 25 milliard soʻmdan oshib ketishi mumkin. Yoki Kovrak dorivor oʻsimligi eksportining oʻzi 10 million dollarlik daromad keltirishi mumkin. Viloyatimizda yetishtirilayotgan va oʻzining ilk hosili nishonalarini koʻrsatayotgan zaʼfaron oʻsimligidan keladigan daromadning ham tadbirkorlar choʻgʻini baland koʻrishmoqda.

Oʻrmonlar – yurt boyligidir. Tabiatning shifobaxsh neʼmatlarini asrab-avaylash, oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish farovonlik oshishiga, yangi ish oʻrinlari koʻpayishiga keng yoʻl ochadi. Zero, boy zaminning xalqi ham boy boʻlishi kerak.

Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi

OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?