O‘rganish natijalari, tahlil va nazorat

10:10 30 May 2018 Siyosat
789 0

Avval xabar qilinganidek, parlament a’zolari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga bevosita ko‘maklashish maqsadida joylarda faoliyat olib bordilar.

Ayni paytda hududlarda ushbu o‘rganishlar natijalari parlament a’zolari ishtirokidagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinmoqda. Ularda islohotlar samarasi, davlat idoralarining aholi murojaatlarini hal etishdagi faoliyati, parlament a’zolari tomonidan tumanlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish davomida aniqlangan kamchilik va muammolar, ularni bartaraf qilish chora-tadbirlari mufassal ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilinyapti.

Chunonchi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etgan xalq deputatlari Koson tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida inson manfaatlarini ta’minlash, huquq va erkinliklarini muhofaza qilish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri ekaniga urg‘u berildi.

Sessiyada aholiga tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayni paytda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli davolash-profilaktika muassasalarida 69 nafar shifokor yetishmasligi, shuningdek, to‘rt qavatli markaziy shifoxona, ikki qavatli bolalar shifoxonasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, silga qarshi kurashish bo‘limi, tez tibbiy yordam bo‘limi, markaziy avtoklav bo‘limi, 9 ta qishloq oilaviy poliklinikasi hamda qishloq vrachlik punkti kapital ta’mirga muhtojligi aniqlangan. Sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullariga bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish hamda chorak yakunlari bo‘yicha uning ijrosi yuzasidan birlashma rahbarining hisobotini eshitish zarurligi ta’kidlandi.

Tuman hokimi o‘rinbosarining aholi tomorqalaridan samarali foydalanish tizimini tashkil qilish bo‘yicha Prezidentimizning tegishli Farmon hamda qarori ijrosiga bag‘ishlangan axboroti o‘rganildi. Mazkur masala bo‘yicha ham sohadagi muammolar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida to‘xtalib, ularni bartaraf etish yuzasidan quyi palata deputatlari kiritgan takliflar e’tiborga olingan holda amaliy ishlar rejasi kelishib olindi.

Xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi sessiyasida aholiga tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga, yechimini kutayotgan muammolarga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini tashvishga solayotgan muammolar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, tuman hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilishi barobarida, ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Sessiyada zimmasidagi vazifalarni bajarishda sustkashlik bilan ishlagan ayrim rahbar xodimlar faoliyati keskin tanqid qilindi. Tuman faollari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari oldiga mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni bugungi kun talablari asosida rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish natijalari xalq deputatlari Qorao‘zak tumani Kengashi sessiyasida muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur hujjat ijrosi yuzasidan tumanda sektorlar faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

— Albatta, islohotlar bugun o‘zining amaliy natijalarini berayapti, lekin shu bilan birga, mavjud muammolardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Joldas Abdujamilov. — Sessiya davomida ana shu masalalar yechimiga amaliy yondashildi va ijobiy natijaga erishildi. Bandlik masalasida qo‘lga kiritilgan natijalar, ayniqsa, barchamizni quvontirdi. Birgina misol, mana shu o‘rganishlarimiz davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va tuman hokimligi tashabbusi bilan mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Unda 53 ta tashkilot hamda korxona 500 ish o‘rni bilan qatnashdi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu tadbir tufayli 185 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, sessiyada o‘rganishlarda fuqarolardan ichki yo‘llarni ta’mirlash, obodonlashtirish masalalari bo‘yicha bildirilgan murojaatlar mas’ul mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqildi. 7 ta ko‘chaning 4,7 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarini ta’mirlash va asfalt yotqizish masalasi 2018 yil “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi.

“Xalq so‘zi” muxbirlari 
materiallari asosida tayyorlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?