Oqsilga boy soya hosili

18:32 24 Sentyabr 2019 Jamiyat
1342 0

Bugun Yangiyoʻl tumanidagi “Yangi hayot” hududida joylashgan “Agrobioxolding” MCHJning dala maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-yanvardagi PQ-4118-sonli qarori ijrosini taʼminlash, yetishtirilgan soya hosilini oʻrib-yigʻib olish texnologiyasini ommalashtirish - bugungi kunning asosiy vazifasi mavzusida ilmiy–amaliy seminar oʻtkazildi.

Unda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy ishlab-chiqarish markazi, Toshkent davlat agrar universitetining olimlari va masʼul xodimlari hamda moyli ekinlar yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari rahbarlari, yogʻ-moy korxonalari mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

“Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan ushbu seminarda taʼkidlanishicha, dunyo aholisining soni ortgan sayin, isteʼmol yogʻlari va oziq-ovqatlar xavfsizligini taʼminlash muammosi asosiy vazifa boʻlib qolmoqda. Kishilarda soya yogʻini istyemol qilishga talab kuchayayotir. Chunki, soya tarkibi oqsilga nihoyatda boy boʻlib, inson salomatligi uchun muhim manba hisoblanmoqda.

Qolaversa, soyadagi oqsil goʻshtdagiga nisbatan 3-5 marotaba arzon. Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, soya oʻsimligining doni va oqsilidan yuz xildan ziyod mahsulotlar tayyorlanadi. Shu bois, butun dunyoda soya yetishtirish har yili 4-5 foizga ortib borayotir. Uning doni tarkibida 45 foizgacha oqsil va 25 foizgacha oʻsimlik moyi mavjud. Shroti va poyasi chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirishda asosiy ozuqa bazasi hisoblanadi.

Bugungi kunda soya yetishtirishga ixtisoslashtirilgan xoʻjaliklardagi yer maydonlarining meliorativ holati tubdan yaxshilanmoqda. Chunki, soya ekilgan 1 gektar yerda 120-150 kilogramm sof holdagi azot toʻplanadi. Bu tuproq tarkibini yaxshilab, biologik jarayonlar faolligini oshiradi. Ana shularni eʼtiborga olgan holda bugungi kunda respublikamizda 16,2 ming gektar maydonda soya yetishtirilmoqda. Bu albatta, yogʻ-moy ishlab chiqaruvchi korxonalarning barqaror ishlashiga olib kelmoqda. Jumladan Samarqand viloyatidagi Oqdaryo tumanida joylashgan “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi, dunyodagi yetakchi kompaniyalarning ilgʻor texnologiyalari bilan jihozlangan “Yunusjon ahli” MCHJni olaylik. Bu yerda soya uni, oqsil izolyati ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Yiliga 30 ming tonna soya donini qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan bu korxona Oʻrta Osiyodagi yagona sanoat obyekti hisoblanadi.

Bugungi seminarda na shu kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Mavjud maydonlarda yetishtirilgan soya hosilini oʻrib-yigʻib olish texnologiyasi borasida qoʻlga kiritilgan mavjud yutuqlar va ish tajribalarini ommalashtirish zarurligi qayd etildi. Shu masalaga yoʻnaltirilgan oʻquv-amaliy mashgʻulotlari oʻtkazildi. Soha olimlari va mutaxassislarning maʼruzalar tinglandi.

Shodiyor Mutaharov, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?