Oqqoʻrgʻon markaziy dehqon bozorida yoymachi ayollar bilan bogʻliq vaziyat qanday yuzaga keldi? Hokimlik izohi

14:26 17 Avgust 2019 Jamiyat
349 0

Toshkent viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda Oqqoʻrgʻon tumani markazidagi dehqon bozorida yoymachi ayollarning ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlanishi tasvirlangan videolavha yuzasidan izoh berdi.

Unga koʻra, ushbu mazkur voqea 14-avgust kuni 11:00 da “Oqqoʻrgʻon Dehqon bozori” MCHJ hududida sodir boʻlgan. Bozorga A.Navoiy koʻchasi tomonidan kirish qismida tuman hokimi qarori bilan boʻsh turgan yer maydonida fuqaro Qurbonov Davron Ergashevich tomonidan ikki qavatli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi qurilishi uchun ruxsat berilgan. Qaror asosida ustalar qurilish ishlarini boshlagan.

Ular bozorga kirish yoʻlini devor bilan berkitayotgan vaqtida, shu yerda poliz ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bilan shugʻullanayotgan ayollar qurilayotgan devor oʻzlarining savdosiga xalaqit qilishini aytib, qurilishni toʻxtatishni talab qilishgan.

Tushuntirishlarga qaramay, 5 nafar savdogar ayol quruvchi ustalar va bozor rahbarini haqorat qilib, koʻplashib qurilayotgan devorni buzib tashlagan.

Shundan soʻng voqea joyiga ichki ishlar organlari vakillari yetib borib, holat yuzasidan tegishli hujjatlarni qonuniy, oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirish vaqtida xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmaganligi sababli ularning ayrimlari qoʻlga olingan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.

Tuman hokimi, hokimning oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Gulnora Abdunajimova voqea joyida boʻlib, xotin-qizlar bilan suhbatlashgan. Ular ayni paytda ish kundalik ishlari bilan mashgʻul.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?